Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Eron bilan kelishuv shartini ma’lum qildi

Tramp Eron bilan kelishuv shartini ma’lum qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuv shartini ma’lum qildi. Unga ko‘ra Eron bilan turli shakllarda kelishuv imzolanishi mumkin, ammo har qanday vaziyatda ham shartnomaga ko‘ra Eronda yadro quroli bo‘lmasligi shart.

— Men uchun shartnoma qanday shaklda bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Balki biz ular bilan alohida kelisharmiz, balki hamma qo‘shilar. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham bir natija bo‘lishi shart: ularda yadro quroli bo‘lmasligi kerak, — deydi Tramp.

Uning fikriga ko‘ra eronliklar AQSh bilan kelishuvni juda xohlashadi.

— Ular ayni vaqtda tushib qolgan vaziyatdan xursand, deb o‘ylamayman. Ularning iqtisodi butkul vayron bo‘lgan, — deydi bu borada Tramp.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyunda Tramp Eronga harbiy zarba berishni 10 daqiqa qolganda to‘xtatib qo‘yganini aytgan edi. Ammo oradan bir kun o‘tgach u gapidan qaytdi va shunchaki hujum vaqti ortga surilganini ta’kidladi.

20 iyunda Eron islom inqilobi korpusining harbiy-havo kuchlari tomonidan AQShning uchuvchisiz boshqariladigan razvedka apparati urib tushirilgan edi.

Amerika tomoni avvaliga bu ma’lumotni inkor etdi, ammo keyinchalik RQ-4A Global Hawk apparati urib tushirilganini tan oldi. RQ-4A Global Hawk — AQSh armiyasining eng katta uchuvchisiz boshqariladigan apparatlaridan biridir.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2018 yilning may oyidan buyon keskinligini saqlab qolmoqda. O‘shanda AQSh tomoni 2015 yilda imzolangan yadro kelishuvidan chiqqan va Eronga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklagan edi.

AQSh va Eron o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1979 yildan buyon amalda mavjud emas. O‘shanda Erondagi islom inqilobi natijasida Tehrondagi Amerika elchixonasi binosi bosib olingan va 52 nafar amerikalik 444 kun garovda saqlab turilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring