Tuman adliya bo‘limlarining jamiyat va xalqqa qanday foydasi tegayapti?
Prezident farmoni bilan tumanlarda adliya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan xabaringiz bor. Xo‘sh, bu bo‘limlar qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Xalq ular faoliyatidan rozimi? Ular jamiyatda qanday o‘zgarish qilayapti?
Kattaqo‘rg‘on tumanidan Samarqand shahar markaziga, ya’ni adliya boshqarmasiga yetib borish uchun yuz chaqirim masofani bosib o‘tish kerak. Bunga taxminan 1-1,5 soat vaqt ketadi. Shu kuni ishing bitsa yaxshi. Bitmasa-chi, yana ortga ravona bo‘lasan. Ba’zan arzimagan bitta hujjat uchun yana shuncha yo‘lni bosib uyga qaytishga to‘g‘ri kelardi. Ammo bunday ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Tuman adliya bo‘limlari fuqarolarning muammolarini shu yerning o‘zida bartaraf etishga imkon yaratdi. Mazkur tumanda adliya bo‘limi tuzilganiga 20 kundan oshdi. Ammo shu kichik fursatda 33 nafar insonning muammosini hal qilishga ulgurdi. Bo‘limda to‘rt nafar huquqshunos faoliyat yuritmoqda. Kattaqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Hakimovni olib borilayotgan ishlar yuzasidan suhbatga tortdik:
— Adliya bo‘limlari aynan tumanlarda tashkil etilgani fuqarolarga qulaylik yaratdi. Huquqiy bilimlarning yetishmasligi, ba’zan esa o‘zbekona andisha deymizmi yoki biron muammo yuzasidan qaysi idoraning eshigini taqillatish kerakligini bilmasdan fuqarolar sarson bo‘lardi. Ba’zan shunday muammolar bo‘ladiki, ularni sud orqali hal etish kerak. Sud ishlari esa ma’lum miqdorda davlat bojini talab qiladi. Shuningdek, biron muammoga huquqiy tushuntirish berishda advokat xizmati ko‘rsatilishi uchun ham davlat boji to‘lanadi. Adliya bo‘limlarining tashkil etilishi esa odamlar uchun ham huquqiy jihatdan, ham iqtisodiy jihatdan qulay bo‘ldi.
Masalan, fuqarolar murojaati yuzasidan sudga da’vo arizalari adliya bo‘limlari tomonidan kiritiladi. Bu fuqarodan iqtisodiy chiqim talab qilinmaydi degani. Yoki huquqiy targ‘ibot yo‘nalishini olaylik. Bugungi kungacha 1641 ta normativ-huquqiy hujjat davlat idoralariga yetkazildi. Bu raqam quruq gap emas. Demak, shuncha hujjatdan davlat idoralari xabardor qilindi. Endi ular fuqarolar bilan ishlashda eskirgan, ya’ni, o‘z kuchini yo‘qotgan qonun hujjatlaridan foydalanmaydi. Jamiyatda davlat idoralari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yiladigan xato kamayadi. Shu bilan birga odamlarda davlat idoralariga ishonch paydo bo‘ladi.
Yana bir gap. Muammolar qachon yaqqol ko‘zga tashlanadi? Odamlar dilidagini qachon ochiq-oydin ayta oladi? Bu borada adliya bo‘limi sayyor qabullar o‘tkazayapti. Ba’zi odamlarga huquqiy tushuntirishlar berdik. Huquqiy tushuntirishlar soni shu yigirma kun uchida 80 dan ortdi. Ko‘plab muammolar shu tariqa joyida bartaraf etildi. Ba’zi muammolar yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritdik. Barcha harakatlarimiz xalqimiz uchun, odamlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish uchun qaratilgan.
Kamoliddin Ahmedov,
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi bosh yuriskonsulti:
— Adliya bo‘limlaridan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash bo‘yicha maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu esa faoliyatimizda xato va kamchiliklar kelib chiqishining oldini oladi. Mahallalarda targ‘ibot ishlarining keng yo‘lga qo‘yilishi aholining huquqiy savodsizligi ortidan kelib chiqadigan muammolarning oldini oladi. Shu bilan birga tumanda jinoyatchilik, huquqbuzarlik kabi illatlarning oldini olishda adliya bo‘limlarining faoliyati muhim. Bunda tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda ish olib borayapti. Bunday imkoniyat fuqarolarning qonunlarga hurmatini, adolat qaror topishiga ishonchini mustahkamlaydi.
Elhomiddin Sharipov,
Kattaqo‘rg‘on tuman «Kattaming» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:
— Tumanimizda adliya bo‘limi tashkil etilganidan xursandmiz. Shu kunga qadar mahallalarda aniqlangan muammolar asosan odamlarning huquqiy bilimlari yetarli emasligi tufayli kelib chiqqan. Fuqarolarimiz u yoki bu masalada mahalla idorasiga murojaat etganida maslahat beruvchi mutaxassislar yetarli emasligi sababli ular muammoga yechim topa olmay sarson bo‘lar va yuqori tashkilotlarga murojaat etishlariga to‘g‘ri kelardi.
Endilikda adliya bo‘limi huquqshunoslari bilan bir necha bor targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdik. O‘zingiz o‘ylang, bugun Kattaming mahalasida 793 ta xonadon bor. U yerda 2363 kishi yashaydi. Ularning o‘ziga yarasha muammolari bor. Eng muhimi, adliya bo‘limi xodimlari uyma-uy yurib, muammolarga yechim topishga harakat qilishayapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter