Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiya va AQSh viza berishni qaytadan yo‘lga qo‘yadi

Turkiya va AQSh viza berishni qaytadan yo‘lga qo‘yadi

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on va Donald Tramp

Foto: «Huffington Post»

Oktyabr oyida AQSh konsulligi xodimining Istanbulda Turkiya hukumati tomonidan qo‘lga olinishi ortidan yuz bergan siyosiy inqiroz paytida ikki mamlakat o‘rtasidagi viza berish vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan edi. Bu haqda «Le Monde» nashri xabar bermoqda.

Turkiyadagi AQSh konsulligi 28-dekabr kuni Anqara shahrida turkiyalik fuqarolar uchun AQSh vizasini olish qaytadan yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi. O‘z navbatida, Turkiya hukumati ham amerikaliklar uchun viza rasmiylashtirishni qaytadan yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi. Qachondan viza rasmiylashtirish boshlanishi haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q.

Oktyabr oyi boshida AQSh Turkiya fuqarolariga viza berishni to‘xtatgan, bunga javoban Turkiya ham amerikaliklar uchun viza berishni bas qilgan edi. O‘shanda, ya’ni 4-oktyabr kuni Istanbuldagi AQSh konsulligi xodimi Metin Topuz Turkiya hukumati tomonidan «josuslik» va Fathulloh Gulen boshchiligidagi guruhga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan edi.

Bunga qarshi AQShning Anqaradagi elchisi Jon Bas Turkiya hukumatining harakatini «adolatdan ko‘ra ko‘proq qasd olishga» bo‘lgan urinish deya baholagan hamda ayblovni asossiz deb topgan edi.

AQSh elchisining so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon konsullikning mahalliy xodimlari «kelajakda» hibsga olinadigan bo‘lsa, turk rasmiylari bu haqda oldindan ogohlantirib qo‘yishadi.

Topuz ishidan tashqari, rasmiy Anqara va Vashington o‘rtasidagi aloqalarga soya solib turgan boshqa masalalar ham bor. 2016-yilda Turkiyada amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishida bosh aybdor deb hisoblanayotgan Fathulloh Gulenning Turkiyaga ekstraditsiyasi masalasi shular jumlasidandir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring