Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada o‘ynayotgan o‘zbekistonlik futbolchi: «Galatasaroy»ga qarshi uchrashuv faoliyatimdagi eng muhimi»

Turkiyada o‘ynayotgan o‘zbekistonlik futbolchi: «Galatasaroy»ga qarshi uchrashuv faoliyatimdagi eng muhimi»

Foto: «Uff.uz»

O‘zbekistonlik futbolchi Asror G‘ofurov Turkiya 4-divizionida chempionlikka erishdi. Jurnalist Jaloliddin Qobiljonov u bilan suhbat uyushtirdi.

— Asror aka, avvalambor, chempionlik bilan tabriklaymiz.

— E’tibor va tabrik uchun rahmat.

— Barcha uchun qiziq, Turkiya chempionatiga qanday borib qoldingiz?

— Aslida, «Paxtakor» tarbiyalanuvchisiman. 2006—2013-yillar mobaynida shu klub yoshlari bilan 2 va 1-ligalarda o‘ynaganman. 2013-yilda shartnomam tugagach, Turkiyaga safarim boshlangan.

— «Paxtakor» yangi shartnoma taklif qilmaganmi?

— Taklif bo‘lgan, lekin faoliyatimni Yevropada davom ettirishni xohlaganman.

— Futboldagi birinchi ustozingiz kim?

— Shuhrat Rahmonqulov. Ushbu mutaxassisdan 7-8 yil futbol sirlarini o‘rganganman. Albatta, futbolga birinchi qadam tashlashingizda, dastlabki murabbiyingiz asosiy rolni o‘ynaydi.

— Turkiya chempionatiga agentlar orqali bordingizmi yoki...

— Albatta, «Paxtakor»da o‘ynab yurgan vaqtlarim agentlar tufayli chetdan takliflar tushgan.

— Hozirda «Paxtakor»ning o‘yinlarini kuzatib boryapsizmi?

— Ha, kuzatyapman. Qolaversa, jamoa ustozi Shota Arveladze menga notanish emas. U Turkiya chempionatida katta iz qoldirgan futbolchi va murabbiy.

— Jamoadagilar bilan haligacha aloqangiz saqlanib qolganmi?

— «Paxtakor» yoshlar jamoasida Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskanderov va Vladimir Kozak bilan birga to‘p so‘rganman, ular bilan doimo aloqadaman.

— Turkiya futbolini kamsitmagan holda keyingi savolga o‘tamiz. Ushbu mamlakat quyi divizionlarida o‘ynagandan ko‘ra, «Paxtakor»da qolganingiz afzal emasmidi?

— Bilasizmi, Turkiyaga kelganimda, dastlab ushbu mamlakat superligasi vakili, mashhur «Beshiktosh» tarbiyalanuvchilari safiga qo‘shilganman. Keyin esa 1-divizionda qatnashuvchi «Manisaspor» jamoasi bilan 3,5 yillik shartnoma imzolaganman. Mavsum oxiriga borib jamoam 2-ligaga tushib ketgan. Ammo Turkiya 2 va 3-divizionida legionerlar o‘ynashi taqiqlangani sababli yana jamoamni o‘zgartirishga majbur bo‘lganman.

— Demak, jamoangiz 3-divizionga chiqqanini inobatga olsak, faoliyatingizda yana o‘zgarishlar kuzatilarkan-da?

— Xuddi shunday.

— O‘zbekiston jamoalaridan takliflar bo‘lib turibdimi? Vatanga qaytishga nima deysiz?

— Yo‘q, hozir mamlakatimizdan hech qanday takliflar bo‘lmadi. Bir kun kelib qaytaman, lekin hozir emas. Endigina 23 yoshdaman.

— Turkiya chempionati o‘z muxlislari bilan ham maqtanishi mumkin. Ushbu birinchilikda sizni lol qoldirgan narsa nima?

— Darhaqiqat, futbol muxlislar bilan yanada go‘zal. Biz tomoshabinlarni stadionga jalb qila olyapmizmi, demak to‘g‘ri yo‘ldamiz. Turkiyada futbolchilarga ajoyib sharoitlar yaratilgan. Xususan, jamoam 4—divizionda to‘p surdi, lekin bizda mashg‘ulot o‘tkazish uchun 3ta stadion va yashash uchun alohida baza bor.

— Aksariyat legionerlarimiz bilan suhbatlashganimizda, o‘zbek palovini sog‘inishganini aytishadi...

— Albatta, men ham nafaqat oshni, balki o‘zim tug‘ilib—o‘sgan yurtdagi barcha narsani sog‘indim.

— Jamoangizda legioner futbolchilarga munosabat qanday?

— Uch nafar legioner to‘p suramiz. Tabiiyki, mahalliy muxlislar xorijlik futbolchilardan yanada ko‘prog‘ini kutishadi.

— Demak, faoliyatingizni Turkiya chempionatida davom ettirasizmi?

— Kelasi mavsumni ushbu birinchilikda boshlasam kerak. O‘z navbatida, boshqa chempionatlarda omadimni sinab ko‘rish niyatim ham yo‘q emas.

— Hozirdanoq takliflar tushishni boshlagandir?

— Albatta, takliflar bor, agentim bilan gaplashib, bir qarorga kelamiz.

— Superliga o‘yinlarini kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, bu yil bizning chempionat saviyasi ham ancha oshdi. Xo‘sh, sizningcha, chempionlikka qaysi klub asosiy da’vogar?

— «Bunyodkor». Chunki jamoa yoshlardan tashkil topgan, ularda ishtiyoq yuqori.

— Superligamizdagi hozirda eng kuchli murabbiy kim?

— No‘’mon Hasanov, Mirjalol Qosimov va Ilhom Mo‘minjonov.

— Faoliyatingizdagi eng muhim o‘yin?

— Turkiya kubogi doirasida kechgan «Galatasaroy»ga qarshi bahs.

— Eng katta orzuingiz?

— O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatida ko‘rish.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring