Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunoy Sodiqova: Muxlislarim mendan rozi bo‘lishsin...

Tursunoy Sodiqova: Muxlislarim mendan rozi bo‘lishsin...

Men maqola tayyorlash jarayonida halovatimni yo‘qotaman, tunlari uyqularim qochadi...

Foto: «Andijon.org»

El suygan ijodkor xotirasiga

Xalqimizning suyukli ijodkori Tursunoy Sodiqovaning vafotiga ikki yil bo‘layapti. Uni tanigan, bilgan, ijodidan bahra olib ulg‘ayganlar uchun ayniqsa matbuot sohasida Tursunoy opaning o‘rni juda bilinayapti. Minglab nusxada chop etiladigan gazetalar sahifasi Tursunoy opaning maqolalari bilan fayzli edi. Vodiydagi «Taraqqiyot» telekanalida opaning o‘z ko‘rsatuvi bo‘lib, uni muxlislar ko‘z yummay, jon quloqlari bilan tinglab tomosha qilishardi. Chunki opa nasihatga usta bo‘lib, u kishining pand-nasihatlari tufayli qanchadan-qancha oilalar tiklandi. Hatto bilib-bilmay gunohga qo‘l urib qo‘yganlarga ham Tursunoy opaning achchiq nasihatlari kor qildi.

Tursunoy Sodiqovaning muxlislari orasida eng omadlisi men bo‘lsam kerak. Chunki opa bilan ish bahona tez-tez telefonlashib turar edim. Gazetaga ishga kelgan vaqtim menga juda chiroyli vazifani yuklashdi. Tursunoy Sodiqovaning uyiga borib, navbatdagi ish haqini topshirishim lozim bo‘ldi. Darvozasi tagiga yetganimda vujudimni hayajon egallab oldi. Biroz hadik bilan qo‘ng‘iroqni bosdim. Eshik ochilib ostonada chehrasidan bir olam mehr, mehmonnavozlik balqib turgan opa paydo bo‘ldi. Shosha-pisha salom berdim.

– Nega ostonada ko‘rishayapmiz, bolam, ichkariga kir, – dedi astoydil.

Tursunoy opaning «bolam» deyishi, o‘ziga yaqin olib sensirashidan dadillandim.

– Rahmat, Tursunoy opa, ishga shoshib turgandim. Manavini berib yuborishdi.

– Ovora bo‘psan-da, bolam. Ovqatim tayyor, yeb ketsang bo‘lardi.

– Rahmat, kelasi safar xudo xohlasa.

Biz xayrlashdik. Zinalardan tusharkanman, opaning qanchalar dadil, cho‘rtkesar bo‘lsa-da, aslida nihoyatda xokisor, kamsuqum ayol ekanligini angladim. Ertasiga Tursunoy opa tahririyatga qo‘ng‘iroq qildi.

– Bolam, kecha tashlab ketgan pullaringni men qalam haqi deb o‘ylabman. Bilsam mukofot puli ekan-a, shunga rahbarlaringga mening nomimdan minnatdorchilik bildirib qo‘ygin, – dedilar xijolat bilan.

So‘nggi yillarda Tursunoy opa betob bo‘lib qolgani uchun ko‘rsatuvlarda chiqishga, uchrashuvlarga borishga imkoni bo‘lmadi. Yangi maqolalar yozishga ham qiynaldi. Lekin muxlislari tinmay qo‘ng‘iroq qilishar, maktublar yo‘llashardi. Ba’zilar opaning o‘zi bilan gaplashishni istashardi. Bir kuni opaga qo‘ng‘iroq qilib hol so‘radim. Gap orasida:

– Tursunoy opa, muxlislaringiz tinch qo‘yishmayapti. Manzilingizni so‘rashayapti, bir bor Tursunoy opa bilan yuzma-yuz gaplashmasam bo‘lmaydi, meni tushkunlikdan faqat u kishigina qutqaradi deyishayapti. Yana ko‘pchilik ayollar sizni to‘ylarga, yig‘inlariga taklif etishayapti, – dedim.

– Bolam, – doimgiday salobatli ovozda gap boshladi opa. – Avvalambor meni yo‘qlaganlarga rahmat. Barchasiga uzrimni yetkaz, ularga salomatligim to‘g‘ri kelmayotganini tushuntir. Maktublarga javobni kitoblarimdan olinglar. To‘y, yig‘inlarga kelsak, to‘g‘risi, men dabdabali dasturxon tepasida o‘tirib dilimdagi so‘zlarimni aytolmayman. Xudo menga odamlarni e’tiqodga, insofu diyonatga da’vat etish uchun voizlik san’atini bergan ekan, dabdabali marosimlardagi isrofgarchiliklarni ko‘rib men nutq so‘zlolmayman. Maqtanchoqlik, manmanlik, obro‘ orttirish uchun qilinadigan marosimlarda men ruhan siqilaman. Bo‘g‘zimga bir nima tiqilib gapirtirmay qo‘yadi. Xudo xohlasa, oddiy xalq o‘rtasida uchrashuvlar tashkil qilinsa-yu, odamlar yeb-ichish, o‘ynab-kulish uchun emas, faqat so‘zlarimdan ma’naviy ozuqa olish uchungina kelsa o‘shanda jonim bilan boraman. Faqat biroz salomatligimni tiklab olay.

Opa shifoxonalarda davolanib yana ijodga qo‘l urishga jazm etgan chog‘ida eng yaqin insoni, turmush o‘rtog‘i vafot etib qoldi. Ko‘ngil so‘rash uchun qilgan qo‘ng‘irog‘im, suhbatim so‘nggisi bo‘lgan ekan. Opaning ovozi juda g‘amgin, armonli edi.

– Bolam, amaking to‘rt kungina yotdi. Uni hech kimga ishonmay, chaqaloqni parvarishlagandek o‘zim parvarishladim. U ketdi-yu uyim ham, ko‘nglim ham huvillab qoldi. Amaking baqiroq, aytganini qildiradigan injiq erkak bo‘lganida ham mayli edi. Lekin u judayam kamsuqum, yumshoq odam edi. Uyda bor-yo‘qligi bilinmasdi. Endi bilsam, nafaqat umr yo‘ldoshimdan, uyimning ustunidan ham ayrilibman. Hali-beri bu judolikka ko‘nikolmasam kerak.

Tursunoy opa bu gaplarni yurak bag‘ri qon bo‘lib, yig‘lab gapirdi. Millionlab muxlislarining tashvishdan egilgan boshini, o‘ksik ko‘nglini ikki og‘iz haqqoniy nasihati, o‘tkir so‘zlari bilan ko‘tara olgan inson umr yo‘ldoshining ayrilig‘iga dosh berolmadi nazarimda.

Bir kuni opa bilan dildan suhbatlashayotganimizda menga vasiyat qilayotganday bir qancha gaplarni gapirdi:

– Bolam, men birovning dardini tinglab, unga maslahat berishim uchun o‘sha odamning dardini o‘zimda his qilib, uning ruhiyatiga kirib olishga majburman. Yo‘qsa, qanday qilib maslahat beraman, nasihat qilaman? O‘zgalar dardini tinglab, birovlar dardini qog‘ozga tushirishning yuki juda og‘ir bo‘ladi. Bu yukni ko‘targan ijodkorgina qo‘liga qalam oladi. Shu gaplarim hamisha yodingda tursin.

Men maqola tayyorlash jarayonida halovatimni yo‘qotaman, tunlari uyqularim qochadi, toki maqolam tayyor bo‘lmagunicha ko‘nglim joyiga tushmay, ruhan siqilaman. Mana nima uchun men muxlislarim bilan ular istagan vaqtlarida ko‘risholmaganman. Men muxlislarimning har birini yaxshi ko‘raman, ardoqlayman. Faqat shu kunlarda bunday og‘ir yukni salomatligim ko‘tarolmay qolyapti. Muxlislarim mendan rozi bo‘lishsin...

Ha, yaratgan tomonidan in’om etilgan voizlik, yozuvchilik, shoiralik xislatiga ega bo‘lgan adibimiz Tursunoy Sodiqovaning hali aytadigan gaplari, yozilajak maqolalari ko‘p edi. Endi biz opani sog‘insak purma’no kitoblarini o‘qiymiz. Tushkunlikka tushganimizda, biron muammoga duch kelganimizda ham opadan qolgan asl boyliklarni qo‘limizga olamiz.

Aziz Tursunoy opa, xalqimizga tashlab ketgan sehrli so‘zlaringiz, maqolayu kitoblaringiz bu dunyoda topgan ezgu amallaringiz bo‘lib, sizni jannat bog‘lariga yetaklab kirsin deya barchamiz duo qilib qolamiz. Siz ham biz muxlislaringizdan rozi bo‘ling!

Ra’no Mahmudova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring