Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek rasadxonasida quyosh soati ishlamoqda

Ulug‘bek rasadxonasida quyosh soati ishlamoqda

Foto: Xabar.uz

Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek muzey majmuasi hovlisida o‘rnatilgan quyosh soati tirik eksponat hisoblanadi. Undan foydalanish, vaqtni aniqlash mumkin.

Shundanmi, eksponat atrofida doimo tomoshabinlar gavjum bo‘ladi.

«Quyosh soati qachon paydo bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston hududida asrlar osha quyosh soati qatori, qum soati, yulduz soati, suv soatidan foydalanishgan» deydi muzey ilmiy xodimi Ikromiddin Sirojiddinov mehmonlarga.

Foto: Xabar.uz

Diametri 70 santimetrli asos doira shaklidagi yassi yuza osmonga qaratilgan. Soyasi vaqtni belgilaydigan milda Samarqand shahri ramzi – qanotli yo‘lbars tasviri. Doirada tonggi 5 dan oqshom 7 gacha bo‘lgan soatlar raqamlarda belgilangan. Har bir raqamdan so‘ng yarim soatni ko‘rsatishi uchun ikki  son oralig‘i teng ikkiga bo‘lingan chiziqcha ham bor.  Fasllarga ko‘ra paydo bo‘ladigan farqni tuzatishda minutlar qo‘shilishi uchun jadval ham bor.

Ikromiddin Sirojiddinov sayyohlarga quyosh soati orqali vaqtni aytadi. To‘planganlar beixtiyor telefonlarini olib soatlariga qarashadi va daqiqama-daqiqa to‘g‘ri aytilgan vaqtdan hayratlarini yashirishmaydi.

«Ushbu soat faqat bulutli va yomg‘irli kunlarda ishlamaydi, boshqa vaqtda ertalabki 5 dan kechki 7 gacha vaqtni bemalol quyosh soatidan aniqlash mumkin» deydi tarixchi.

Foto: Xabar.uz

Ma’lum bo‘lishicha, 1964 yilda yaratilgan Ulug‘bekning tik turgan holda xayol surib turgan haykali poyida diamerti 3 metrli xuddi shunday soat bo‘lgan. 2010 yilda haykal hukmronning taxtda o‘tirgan holatdagisi bilan almashtirilganda ulkan quyosh soati ham  olingan. (Hozirda avvalgi haykal ham, ulkan butun holatda xazinalarda saqlanmoqda)

Amaldagi quyosh soati joriy yil mart oyida o‘rnatilgan. Uni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi astronomiya instituti xodimlari yaratishgan. Bunda qadimiy quyosh soatlari nusxalari o‘rganilgan.

Astranomiya instituti akademigi Shuhrat Egamberdiyev quyosh soatining bir necha turi bo‘lishini aytadi.  Uning aytishicha, Ulug‘bek muzey-majmuasi uchun xodimlarning chizmalari asosida tayyorlanayotgan soat gorizont quyosh soati hisoblanadi.

Foto: Xabar.uz

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring