Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Umid Ahmadjonov Yaponiya futbol klubi rahbari bilan uchrashdi

Umid Ahmadjonov Yaponiya futbol klubi rahbari bilan uchrashdi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Bugun 29-noyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbari, Yaponiya futbol federatsiyasi a’zosi Kazuyuki Umino va «Yaponiya-O‘zbekiston» sport va ta’lim bo‘yicha assotsiatsiyasi raisi, «Paxtakor» va «Buxoro» klubining sobiq futbolchisi Naoya Shibamura bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Yaponiyalik futbol mutasaddilarining yurtimizga tashrifidan asosiy maqsad, yurtimizdagi iqtidorli yosh futbolchilarni Yaponiyaga olib borish va ularni yapon futboli bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, yaponiyalik futbolchilarni O‘zbekistonga olib kelib, tajriba almashishdan iborat.

Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu kabi hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi: «Biz Yaponiya futbol federatsiyasi bilan o‘zaro memorandum imzolagan holda, yaqin aloqalarni o‘rnatganmiz. Futbol klublarimiz mutaxassislari Yaponiyaga safar uyushtirib, u yerdagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. «Jey-liga» tajribasini o‘rganishdi.

Yaponiya terma jamoasi nafaqat Osiyoda, balki butun jahonda o‘z o‘rniga ega. 2019 yil BAAda bo‘ladigan Osiyo Kubogida Yaponiya terma jamoasi bilan bir guruhdan joy olganmiz. Yanvarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda O‘zbekiston — Yaponiya terma jamoalari chiroyli va mazmunli o‘yin namoyish qilishadi, deb umid qilib qolamiz.

O‘zaro yosh futbolchilarni almashib, tajriba o‘rganish masalasiga keladigan bo‘lsak, bu kabi hamkorlikka tayyormiz. Bu o‘zbek futboli uchun katta foyda bo‘ladi. Hozirda butun Respublika bo‘ylab 15ta hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari faoliyat yuritmoqda. Mazkur akademiyalar tarbiyalanuvchilari ichidan iqtidorli bolalarni Yaponiyaga jo‘natamiz. Ular Yaponiyaga safar davomida o‘zlari uchun juda katta taassurot olishlariga ishonchim komil», dedi Umid Ahmadjonov.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘z o‘rnida «Vanfore Kofu» futbol klubi rahbari Kazuyuki Umino O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish juda qiziqarli ekanini aytib o‘tar ekan, O‘zbekiston terma jamoalarining so‘nggi paytlarda xalqaro musobaqalarda qayd etayotgan natijalarini yuqori baholadi. Jumladan, shu yil qishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati U-23 musobaqasida Yaponiya ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozonganiga alohida to‘xtaldi.

Naoya Shibamura esa «Paxtakor» va «Buxoro» klublaridagi faoliyati orqali o‘zbek futboli bilan yaqindan tanish ekanini, endilikda ikki mamlakat futboli o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilishiga o‘z hissasini qo‘shish niyati borligini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring