Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan millionerning yana bir dahshatli jinoyati fosh etildi (foto)

Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan millionerning yana bir dahshatli jinoyati fosh etildi (foto)

Foto: «AP»

21 yil muqaddam qotilligi uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan amerikalik millioner Robert Durst (Robert Durst) yana bir jinoyatda ayblanmoqda. Bu haqda Associated Press (AP) xabar bergan.

19-oktyabr kuni Nyu-York shtati Lyuisboro shahar sudi 78 yoshli magnatning 1982-yilda g‘oyib bo‘lgan rafiqasi Keti Durst (Kathie Durst)ning qotilligi bo‘yicha ish ochdi. Huquqni muhofaza qilish organlari jinoyatni Robert Durst sodir etgan deb hisoblamoqda. Vestchester okrugi prokuraturasi bu borada izoh berishdan bosh tortgan.

Agentlikning ismi oshkor etilishini xohlamagan manbaga ko‘ra, hakamlar hay’ati tuzilgan va hozirda guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanmoqda. Sud jarayoni bir necha hafta davom etishi kutilmoqda, marhumning qarindoshlari va do‘stlari ko‘rsatma berishadi.

Oktyabr oyi boshlarida Los-Anjeles sudi Durstni 21 yil muqaddam sodir etgan qotillikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgandi. 100 million dollarlik boylikka ega bo‘lgan tadbirkor 2001-yilda yaqin tanishi Syuzan Bermanni o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan. Ayol tadbirkorning xotini g‘oyib bo‘lishi ishi bo‘yicha politsiyaga guvohlik berishidan sal oldin uyida boshidan o‘q jarohati izlari bilan o‘lik holda topilgan. Uzoq yillar davomida Durstning o‘zi ayoliga nima bo‘lganini va Bermanni kim o‘ldirganini bilmasligini da’vo qilib kelgan.

HBO telekanalining «Milliarderning sirlari. Robert Durstning hayoti va o‘limi» (The Jinx) hujjatli serialini suratga olish paytida aytgan so‘zlari millionerning aybdorligini isbotlovchi dalillardan biriga aylangan. Tanaffus paytida tadbirkor hojatxonaga borgan va u yerda bir nechta jumlalarni aytgan: «Ana, qo‘lga tushding. Nima qilib qo‘ydim, jin urgir? Albatta, hammasini o‘ldirganman». Bu paytda uning mikrofoni yoqilgan bo‘lgan va barcha aytgan so‘zlari yozib olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring