Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urush manzaralari: «Qalbdagi jarohat bitmaydi»

Urush manzaralari: «Qalbdagi jarohat bitmaydi»

Foto: «RIZVAN»

Kishi o‘z oldiga biron maqsad qo‘yib, mayda-chuyda tashvishlarga o‘ralashmay, butun salohiyatini shunga yo‘naltirib, chin dildan intilsa, albatta niyatiga yetadi. Mana bir misol: Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi Sarmich qishlog‘ida yashovchi Mamarayim To‘raqulov degan yurtdoshimiz suv chiqmaydigan ikki gektarlik toshloqni bola-chaqasi bilan bir yil davomida toshdan tozalab, bog‘ yaratganiga minglab guvohlar bor. Bu 1996-yilgi gap. Hozir «Husni Yusuf», «Dilafro‘z», «Shohidi a’lo», «Nanni» deb ataluvchi olma, o‘rik, uzum, anjirlarning ertapishar, o‘rtapishar, kechpishar navlari mo‘l hosil berib, sohibining ko‘nglini shod, eldoshlari dasturxonini obod qilmoqda. Bu haqda «Ishonch» gazetasining 2010 yil 14 yanvar kungi sonida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulovning «Tushlarida jilmayuvchi bog‘» nomli ocherki e’lon qilingan.

Haqiqatan ham dunyoda hamma narsaning iloji bor. Biroq yer yuzida qancha odam yashagan bo‘lsa hammasini bir tuyg‘u o‘rtagan bo‘lishi kerak — bolalik sog‘inchi, bolalikka qaytishning iloji yo‘qligi.

Biz tengi avlodning bolaligi o‘tgan asrning yetmishinchi yillari oxiri — saksoninchi yillariga to‘g‘ri keladi. Bugungi kun nuqtai nazaridan qaraganda u kunlar dunyodagi ikki buyuk davlat o‘rtasida qurollanish poygasi davom etayotgan, millionlab odamlar ko‘nglining bir chekkasini sovuq urush xavfi muzlatib turgan davr edi. Har-har zamon gazetalarda u yoki bu davlat atom bombasini sinovdan o‘tkazganligi to‘g‘risidagi xabarlarga ko‘zimiz tushardi. Bu xabarlarni o‘qib bolaligi urush ko‘lankasida qolib ketgan otalarimiz, biz uchun janggohlarda qon kechgan bobolarimizning ko‘nglidan ne o‘ylar kechgan ekan? Biz esa maktabdan keliboq choyni ham chala-chulpa ichib, futbolga, gohida «loy urish», «chim urish», «otishma», «paq-paq» deb atalishidan qat’i nazar mohiyatan bir xil urush-urush o‘yiniga oshiqar edik.

Rahmatli otam Mahmarayim Nishon o‘g‘li(1939-1999)ning hikoya qilishicha, urush yillari katta otam Nishon Ahmad o‘g‘li kolxozning yilqisini boqqan. Unga ish haqi sifatida kuniga uchta non berisharkan. Uni katta otam uch mahal katta enam va bolalari — Zulayho, Mukarram va Zumrad ammalarim, Ibrohim bobom va otamga bo‘lib berar ekan.

«Judayam erka bo‘lganman, — deydi otam. — Zulayho ammang nimjon, Mukarram ammang baquvvat qiz edi. Doim ko‘tar deb xarxasha qilib, yelkasidan tushmas edim».

Xalqimizda «Birovning nonini tuya qildi» degan gap bor. Osmondan olinmagan. Taqsimotda otam «menga eng kattasini bering» deb janjal qilarkan. Qorni nonga to‘ymagan bolaning bu kichkinagina erkaligini o‘ylasam, har safar ko‘nglim bir gaz cho‘kadi.

«Endi kimning nonini tuya qilib beray?», — deb so‘rar ekan katta otam. «Menikini, menikini», — deyisharkan bobom bilan ammalarim kulib. Katta otam ularnikidan nomigagina bir-bir tishlam olib yer ekan. Erkatoyi esa «Menikini katta tuya qiling» degani uchun unikini katta tishlar ekan.

Otam «mana bunday» deb bir bo‘lak nonni tishlab ko‘rsatardi. Non nimasi bilandir tik turgan tuyaga o‘xshab qolardi.

Yosh bo‘lganmiz, uning ammalarim Begim momo, Xadicha momo, Aziz momo singari dugonalari bilan qishlog‘imiz etagidagi Ashrafsoydan, dashtu dalalardan frontdagi askarlarimizga konserva qilish uchun toshbaqa terib kelganliklari, o‘zlari esa bahor chog‘lari bir qozon suvga bir hovuch un va ismaloq solib atala pishirib yeganlari, Uzoq malim, Omon malim kabi o‘smir bolalarning qo‘sh qo‘shib yer haydaganlari, xotin-xalajlarning gektar-gektar bug‘doyni o‘roq bilan o‘rganlari, mashoq terganlari, urush yillari tog‘asi Elmurod Do‘stmurod o‘g‘lining Eronda xizmat qilganligi haqidagi hikoyalarini ertak eshitganday tinglardik.

Darvoqe, o‘zaro gurunglarda toshbaqa haqidagi gaplarni boyovutlik do‘stimiz, «Ishonch» gazetasi bosh muharriri Jahongir Sharofboyev ham yoshi to‘qsonga borib qolgan buvisi Hanifa Qoraboyevadan eshitganini aytgan edi.

Qishlog‘imiz (Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Qizilkarvon qishlog‘i) kichkina, aholisi mingdan ziyod. Ammo urush yillari erkaklari armiyaga olinmagan, chollar, ayollar va bolalari fidokorona mehnati bilan fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shmagan bironta xonadon yo‘q hisobi.

Abdurazzoq Doniyorov, Abdurayim va Abdurahmon Azimovlar, O‘rol Boboxonov, O‘rol Rajabov... Bular urushdan yaralanib bo‘lsa-da omon-eson qaytgan qishloqdoshlarim. Qaytmaganlari esa bundan ham ko‘p: Abdullayev Abdurahmon, Boltayev Qurbon, Jo‘rayev Niyoz, Bekmurodov Qo‘ngirot, Odirov Omon, Umirov Niyoz... Ularning nomlari poytaxtimizning Mustaqillik maydoniga o‘rnatilgan «Xotira kitobi»da qayd etilgan. Umuman qishlog‘imizdan 45 kishi urushga borib, 16 nafari qaytib kelgan, 29 nafari qaytmagan. Bugungi dorilomon kunlar, bolalikdagi beg‘ubor orzularimiz ro‘yobi, bolalarimizning ko‘zlaridagi hayratu kulgular uchun ulardan qarzdormiz.

Ikkinchi katta otam (onamning otasi), qo‘shni qishloqda yashovchi Omon Sherali o‘g‘li biznikiga mehmon bo‘lib kelsa, har gal dasturxonga fotiha qilayotganda «Iloyim, biz ko‘rgan urushni sizlar ko‘rmanglar!» deb duo qilguvchi edi.

Biz, urush ko‘rmaganlar, o‘sha suronli yillar haqidagi kinolarni qancha ko‘p ko‘rmaylik, kitoblarni o‘qimaylik, atigi bir kunlik qirg‘inbarotning dahshatini ham to‘liq tasavvur qila olmaymiz. Buni urush qatnashchilarining o‘zidan so‘rang. Agar bardoshi yetsa badanlaridagi allaqachon bitib ketgan yaralar, qalblaridagi hamon bitmagan jarohatlar haqida so‘zlab berishadi. Ehtimol, xalqimizning eng sara o‘g‘lonlari 1941 — 1945-yilgi urushdan oldingi va keyingi o‘n yilliklarda Stalin boshliq mustabidlar qatag‘onining jabrini tortganini ham esingizga solishar. Bularni unutishga esa hech qaysimizning haqqimiz yo‘q.

Bundan yetti yil burun, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-maktab direktori Aziza Boymurodova sabab bo‘lib, urush qatnashchisi, ko‘plab jangovar orden va medallar sohibi, kattaqo‘rg‘onlik go‘ri nurga to‘lgur Rajab Muhammadiyev(1922-2004)ning xotira daftari qo‘limga tushib qoldi. Daftarni menga u kishining nabirasi, Yangiyo‘l texnologiya-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Alisher Ibrohimov taqdim etdi. Rajab boboning ko‘rgan-kechirganlari asosida «Kattaqo‘rg‘ondan Berlingacha» degan kitobcha tayyorladim va u «Tafakkur» nashriyotida 2011-yili chop etildi. Kitobcha urush haqidagi tasavvuringizni biroz boyitsa, O‘zbekiston rahbariyati yuritayotgan tinchlikparvar siyosatning qadriga yetishga undasa ajabmas.

Quyida kitobchadagi ayrim lavhalarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Hasan Karvonli

 * * *

Rajab Muhammadiyev

O‘zim haqimda

Men 1922-yili Kattaqo‘rg‘onning Yangiobod qishlog‘ida kambag‘al oilada tug‘ilganman. Otam Muhammadi Tursun o‘g‘li degan kishi bo‘lgan. Boylar eshigida mardikorlik qilgan. O‘zining yeri bo‘lmagan. 1930-yillarda kolxoz tuzilgandan keyin unda ishlagan. 1934-yili o‘z ajali bilan uyda vafot etgan.

Onam Muqim Hazrat qizi degan ayol edi. Otamning vafotidan keyin Bekmurod degan kishiga turmushga chiqqan. U kishidan ikki singlim bor: Nortosh Bekmurodova va Sevar Bekmurodova. Ikkovi ham bola-chaqali.

Onam men armiyadan kelib ishlab yurganimda 1952-yili vafot etdi. O‘gay otam 1950-yilda boqiy dunyoga rixlat qilgan.

Men 1935-yili Boltabek qishlog‘ida 4-sinfni tamomlab, 1936-yili Sunnatulla, Jahongir, Rabbim degan bolalar bilan Kadan qishlog‘iga borib o‘qidim. 7-sinfni Kadanda tamomlab, Payshanbadagi o‘rta maktabni 1941-yili tugatdim.

Payshanbada birga o‘qigan sinfdoshlarimdan Ko‘mirda Mavjuda, Qo‘shtepada Nozik, Qimmat, Mundiyonda O‘rol, Payshanbada Oynisa bor. O‘g‘il bolalardan bitta Qurolov Sarson degan qozoq o‘qituvchi Qirg‘izda bor. Qolganlari urushda o‘lib ketgan.

Payshanba va Kadanda internat hisobida ovqatlanib, yotib o‘qir edik.

Ilk jang

...Do‘xtirxonadan qaytib kelganimda noyabr oyining o‘rtalari edi. Jangga tayyorgarlik ko‘rilayotgandi. Havo juda sovuq. Shamol qorni u tomondan bu tomonga uchirib yurardi. Yerto‘lamizning eshigi ichkariga ochilardi. Kechasi bilan eshik oldini qor qoplab qolardi.

Biz jang qilmoqchi bo‘lib turgan joy ochiq qir, pasti soy, qirning etagida piyoda askarlar joylashgan, ularning oldida Volga daryosining Moskva tarafga oqadigan bir tarmog‘i. Daryoning biz tarafdagi yoqasida ham nemislar bor edi. Polkimiz urushga tayyor holatda. Kechasi to‘plarni qo‘riqlab, mudofaada turamiz.

Jang qilishimizdan uch kun oldin kechasi transheyada borayotsam, Shoxo‘jayev Muhiddin jo‘ram okop devoriga suyanib qotib qolibdi. Oldiga borib «Muhiddin!» desam, «Ha?» deydi. «Nimaga buytib turibsan?» desam, «Shunday bo‘lib qoldim» deydi. Qimirlayolmaydi. Uni yerto‘laga sudrab olib keldim-da, sanitar-instruktorni uyg‘otdim va unga topshirib qaytib ketdim. Shu-shu, Shoxo‘jayevni urushdan keyin ko‘rdim.

Shoxo‘jayevni jo‘natib yuborgandan keyin 1942-yil 25-noyabr kuni jangga kirdik. Nemislarni daryoning bu tomonidan ham, u tomonidan ham haydab, besh-oltita qishloqni ozod etib, 11 kilometr quvib bordik. To‘rtta to‘pimiz bor edi, vzvodimizda bitta qoldi. Boshqalarini nemislar ishdan chiqardi. To‘plarni tortadigan 41 ta otimiz bor edi. Ular ham jarohatlanib, o‘lib tamom bo‘ldi. Go‘shtini qaynatib yedik.

Urushda faqat bir mahal, kechasi ovqat keltirib berishar edi. Ba’zan shu ham bo‘lmay qolardi.

Shu 11 kilometr joyni ozod qilguncha halok bo‘lgan askarlarni ko‘z oldimga keltirsam — hisobi yo‘q. Har bir o‘rmondan ikkinchisiga o‘tib olguncha oradagi ochiq joyda o‘lgan odam har qadamga bittadan to‘g‘ri keladi desam ham bo‘ladi. Odamni ayamay oldinga haydashardi...

 Oyog‘ingdan otaman...

Shunday qilib, bitta to‘pimiz butun qolgandan keyin bizlarga uni oldinga olib chiqib, maskirovka qilib qo‘yib, nemis tanki paydo bo‘lsa otasizlar degan buyruq bo‘ldi. Snaryadni o‘rtasidan ipga bog‘lab, ipni bo‘ynimizga osib, sudralib to‘p yoniga olib borardik. Bir kuni sudrab kelayotganimda nemislar o‘qqa tutdi. Bir o‘q snaryadni o‘rtasidan teshib o‘tib ketdi. Eson-omon olib bordim. Bittasi yaroqsiz bo‘lib qoldi.

1942-yil dekabr oyining boshlari edi. O‘zimiz archa daraxtlarining tagida, qorda yotamiz. Faqat vzvod komandiri bilan bo‘linma boshlig‘i bitta sabzi o‘raday chuqur okopda yotadi. Shoxo‘jayev Muhiddin ketganidan keyin Tarnov qishlog‘idan Shavqiyev Muhiddin degan bola bilan birga bo‘ldim. 10 — 11-dekabr kunlari bizga ovqat kelmay qoldi. Qornimiz och. 11 dekabr kuni tush payti nemislar ham, biz ham otishmay, tinch bo‘lib qoldik. Urush yo‘qday. Shunda men Muhiddinga «Jo‘ra, men nemislar tomonga qarab turaman. Sen orqamizda yotgan o‘liklarning sumkasini ko‘r, noni bo‘lsa olib kel» deb 40-50 metrcha orqaga jo‘natdim. O‘zim yiqilgan archaning panasida dushman tarafga qarab yotdim.

Bir vaqt Muhiddin jo‘ram yarim to‘rva non olib keldi. Nondan tashqari ikki qo‘ltig‘iga solib ko‘p pul ham olib kelibdi. Darrov nonni olib, to‘rvamdagi yaxna ot go‘shti bilan yeya boshladim.

«Pullarni sanash», — dedi Muhiddin qo‘ynidagi pullarni yerga to‘kib. «Nima qilasan bu pulni?», — dedim. «Yarador bo‘lib chiqib ketsak yeymiz, uyga yuboramiz», — dedi.

Men unga «Jo‘ra, menga pul kerak emas. Kerak bo‘lsa sanab olasanmi-sanamay olasanmi, ixtiyoring. O‘lmasam bir kunimni ko‘rarman» dedim. Shundan so‘ng u nonni ham yeyolmay pul sanashga tushdi. 30 so‘mlik qizil pullar ham bor edi.

Pulni kissalariga solib oldi. Keyin o‘ylanib qoldi. Menga qarab «Jo‘ra, sendan iltimos, meni qo‘limdan ot» dedi. Uni seni otib men ham o‘laymi deb urishdim. Biroz turib yana menga «Sening oyog‘ingdan otaman, sen mening qo‘limdan ot» deb qoldi. Achchig‘im keldi. Ko‘kragiga miltiqni to‘g‘rilab, hozir otib tashlab, komandirga xabar qilaman deb qo‘rqitdim. Shundan keyin indamay, olib kelgan nonidan yeya boshladi.

Archa tagida turib, valyonka etigim qo‘njidan temir qoshig‘imni olib, shoxdagi qordan suv o‘rniga yeb turuvdim, qo‘qqisdan nemislar minomyotdan o‘qqa tutib qoldi. Bir mina orqamga tushib yorildi. Yiqilib tushdim. Non yeb turgan Muhiddin Shavqiyev dod deb qoldi. Qarasam, peshonasidan qon oqayapti. Uni komandir oldiga, 50 metrcha orqadagi okopga olib bordim. Leytenant uning yarasini bog‘lab, menga «Bor, buning miltig‘ini keltirib ber, o‘zi orqaga — do‘xtirxonaga borsin» dedi.

Muhiddin «O‘zim ketolmayman, jo‘ram olib borsin» deb iltimos qildi. Shu orada komandir okopiga kirgan edi, bitta mina shu chuqurga tushib yorildi, komandir titilib ketdi.

Men Muhiddinni ergashtirib do‘xtirga jo‘nadim. Do‘xtirxona ikki kilometrcha orqada, bir qirdagi yerto‘lada ekan. Borguncha o‘ng oyog‘imni bosishga qiynaldim. Juda suvsagan edim, yetguncha qor yeb bordim.

Do‘xtirxonada sizlar boshqa polkdan ekansizlar, qabul qilolmaymiz deb chiqarib yuborishdi. Tashqariga chiqib to‘yib suv ichuvdim, qornimda bir issiqlik sezdim. Ichimga qo‘limni suqib ko‘rsam, qonga bo‘yalib chiqdi.

Yelkamdan, chap qo‘limning tepasidan yaralangan ekanman. Kamarim qisib bog‘langani uchun qon pastga ketmay, orqamdan oldimga oqib kelibdi. Xursand bo‘lib ketdim. Chunki urushda yarador bo‘lib tirik qolish ham baxt hisoblanadi.

Qaytib yana shu do‘xtirxonaga kirdik. Qabul qilmasang ketmaymiz deb turib oldik. Do‘xtir so‘kina-so‘kina rozi bo‘ldi. Muhiddinning yarasi yaxshi bog‘langan ekan, unga qog‘oz yozib berdi. Mening hamma joyim uvishib yotgan edi. Oyog‘imning oqsashi o‘ng quymichimga oskolka kirib qolganidan ekan. Do‘xtir: «Sog‘ yering qolmabdi, o‘lmaysan!», — dedi. Bu gap menga malol keldi.

Shundan so‘ng uning aytgani bo‘yicha ikkovimiz 1942-yilning 11-dekabrida kunbotar payti qorning yorug‘ida piyoda polk do‘xtirxonasi tomon jo‘nadik. Olti kilometrcha yurib aytilgan do‘xtirxonani topib keldik. Bu yerda meni og‘ir yarador deb mashinada, Muhiddinni esa yurish qobiliyating bor deb yura oladigan boshqa yaradorlarga qo‘shib orqaga — diviziya medsanbatiga jo‘natishdi. Shu tariqa Shavqiyev Muhiddin bilan ajrashib ketdik. U o‘zi aytganiday o‘liklardan olgan pulini o‘zi yedimi, uyiga jo‘natdimi — xabarim yo‘q. Muhiddin masalasiga keyinroq yana to‘xtalaman.  

Palov

...Oder daryosidan o‘tganimizda leningradlik Katya degan sanitarimiz yaralandi, voronejlik Pasha degan hamshiramiz, yana bir vrach, uchta feldsher, starshinamiz o‘ldi. Ishqilib, yarim odamimiz nobud bo‘ldi.

Oradan ikki kun o‘tgach, Chyornov bilan meni yana polk shtabiga chaqirib qolishdi. Qorong‘i tushgach borsak, bitta maxfiy paket berib, shuni kechasi o‘nta kam o‘n ikkiga 1-rotaga olib borib, natijasini yetkazib kelasizlar deb buyurishdi.

Yo‘lga tushdik. Haligi yarador leytenantni olib kelgan joyning chap tomonidagi o‘rmongaborayapmiz. O‘rmon ichi juda qorong‘i, urush yo‘qday jimjit. O‘zimiznikilardan ko‘pchilik o‘lib, rotaning odami vzvodnikichalik ham qolgani yo‘q edi.

Maxfiy paket kissada, o‘rmon oralab asta-sekin ketayapmiz. 1-rota qayerdaligini so‘raylik desak, hech kim uchramaydi. 200 metrcha chap tarafimizda bir saroy yonib yotibdi. Bizga aytilgan joyda hech kimni uchratmay, tavakkaliga boraverdik. Bir vaqt nemis aravakashlariga to‘qnashib ketishimizga ozgina qoldi. Ikkita ot-aravaga nimadir ortib olishgan. Nemislar otni hiyyo-hiyyo deb haydar ekan. Yo‘ldan besh metrcha uzoqda, daraxtlar orasida yashirinib turdik. Ular o‘tib ketgandan keyin qo‘rqib, asta-sekin orqaga qaytdik. Adashib, o‘zimiznikilardan ham, nemislarning oldingi qismidan ham o‘tib ketibmiz.

Boyagi yonayotgan saroy chap tomonimizda edi, endi qaytishda o‘ng tomonimizda bo‘ladi deb mo‘ljal qildik-da, hushyorlik bilan qaytaverdik. Kissadagi konvertda nima yozilganini bilmaymiz.

Bu tomonga kelishdan ham qaytishimiz xavfli bo‘lib qoldi. Singan shoxni bosib olsak, shaqirlab ketishidan ham xavotirlanamiz.

Ancha yurdik, yonib yotgan saroydan ham o‘tdik. Bir vaqt bir askar daraxt tagida okop qazayotgan joyga kelib qolibmiz. O‘zimiznikilardanmi, nemislardanmi — bilmaymiz. O‘tirib kuzatib turdik. Bir mahal u o‘rischalab so‘kinib qoldi. Sekin borib o‘zimizni tanitdik. Shu 1-rotaning askari ekan. Muddaomizni bilgach, bizni komandirining oldiga olib bordi. Unga shtabdan berilgan maxfiy paketni topshirdik.

Komandir xatni maskirovka qilib o‘qidi-da, «O‘rtoqlar, hozir o‘rnimizga boshqa polk kelar ekan. Biz o‘rmondan chiqib ketamiz», — dedi. Shundan so‘ng sekin-asta orqaga yuz metrcha chiqsak, o‘zi boshqa armiya kelayotgan ekan.

Keyin polkimizga odam berishdi. O‘lgan, yarador bo‘lgan askarlarimiz o‘rniga odam olib, polkimizni to‘ldirib, Naysi degan daryo yonidagi Naysi shahriga bordik. Bu vaqt 1945-yilning 20-apreli edi.

Armiyamiz Berlinga hujum qilish uchun kuch to‘playotgandi. Bizning 286-polkimiz Naysi shahrining janubi-g‘arbiy tomonidagi ikkita qishloqdan fashistlarni quvib chiqardi.

Naysida mudofaada turganimizda bir imoratning ichida yashikka solinibqumga ko‘milganqizil sabzi ko‘rib qoldim. O‘zimizning palovni qo‘msab, guruch axtarishga tushdim. Ikkita uyda sharti ketib parti qolgan ikki kampir yotgan ekan. Meni ko‘rib nemischalab «suv ber» deb qolishdi. Afsuski, u yerda suv yo‘q edi. Keyin boshqa uylarni qaradim. Shaharda shu kampirlardan boshqa odamni ko‘rmadim. Bari mol-mulkini tashlab qochib ketgan ekan. Oxiri bir uydan yaxshi guruch topib olib bordim-da, sanitarimiz — farg‘onalik Abduqodirov Abdurahmon akaga «Men sabzi-guruch topsam osh qilasizmi?» dedim. U kishi ishonmay, «Qaniydi, agar topsangizbitta farg‘onacha palov qilardim-da» dedi. Masalliqlarni ko‘rsatgan edim, xursand bo‘lib ketdi. Go‘sht-yog‘ ko‘p edi. Cho‘yan qozon topib, sergo‘sht, sersabzi qilib osh damladik. Boshlig‘imizning xonasiga bir chinni tovoq palov olib bordim. Eshigini oyog‘im bilan taqillatsam xotini Nina ochdi. Qo‘limdagi palovni ko‘rib, «Bu qanaqa ovqat?» deb so‘radi. Eri — polkimizning bosh vrachi, kapitan unga «Muhammadiyevning qo‘lidan tovoqni ol, bu qanaqa ovqatligini senga o‘zim aytaman» dedi xursand bo‘lib va mendan buning masallig‘ini qayerdan topdilaring deb so‘rab qoldi. Millati ozarbayjon edi.

Boshqa jo‘ralarga ham osh ulashdik. Shunday qilib Germaniyada bir marta palov qilib yegan edik.

Ajaldan qochib bo‘lmaydi

Shu orada polkimizga qo‘shimcha odam kelib qoldi. Orasida ikkita o‘zbek bola ham bor ekan. Ulardan «Qachon armiyaga olindingizlar, qayerdansizlar?» deb so‘radim. Farg‘ona viloyatidan ekan, mart oyida armiyaga olishibdi. Bittasi shunday deb qoldi: «Urush boshlangandan beri meni olti marta harbiy komissariatga chaqirishdi. Har safar o‘n ming so‘m pul berib qolardim. Bu gal ham o‘n ming so‘m olib borgan edim, voyenkom olmadi. “Endi borasan, frontga yetmasdan yo‘lda ekanligingdayoq urush tugaydi. Sen urushga borgan bo‘lib, yuzing yorug‘ bo‘ladi” dedi. Mana, urush tamom bo‘lmay yetib keldik».

Ular mendan «Siz o‘zbek ekansiz. Biz 1-batalyonga tushdik. Holimizdan xabar olib turing» deb iltimos qilishdi.

Oradan bir-ikki kun o‘tib 1-batalyonga borsam, bir boyning hovlisining kunchiqar tomonida, tol daraxtining tagida okop qazib yotgan ekanlar. 26 aprel kuni nemislar povlis patron degan quroldan otib, bizning oldingi transheyani tortib olibdi. Bu haqda polk shtabiga xabar kelgan zahoti 1-batalyon komandiriga qoq tush vaqti — soat 12 da o‘sha joyga yaqin boyning hovlisidagi ikkita minomyotdan dushmanni o‘qqa tutib, hujumga o‘tib transheyani qaytarib olish to‘g‘risida buyruq berildi. Men ham soat 12 bo‘lmayyaradorlarni janggohdan olib chiqish uchun ikkita sanitarim bilan 1-batalyon turgan joyga bordim.

Belgilangan vaqtda dushman minomyotlardan o‘qqa tutila boshlandi. Keyin askarlar hujumga o‘tib, nemislarni transheyadan quvib chiqarishdi. Qarang-a, shu orada faqat o‘sha farg‘onalik ikki yigit o‘libdi.

Ota yurt sog‘inchi

...1942 yili frontda tush ko‘rdim. Katta bir qora it kelib chap qo‘limdan tishladi. Shundan keyin shu qo‘limdan og‘ir yaralandim. O‘sha it 1945 yil yanvar oyida yana tushimga kirib, yugurib kelib tashlandi. Qo‘limda qilichim bor emish. U bilan itni ikkiga bo‘lib tashladim, yana ikkiga, jami to‘rtga bo‘libman. Uyg‘onsam, qora terga botib ketibman. Qarangki, urushda Germaniya yengilib, to‘rtga bo‘linib ketdi.

1945 yil 7 noyabr kuni keksa askarlar qatori menga ham javob berishdi. Jang maydonida uch yil xizmat qilgan ekanman. Har yilga 900 so‘mdan, jami 2700 so‘m pul, kiyim-kechak, sovg‘a-salomni tantana bilan topshirishdi. Uyga besh kilodan uchta posilka jo‘natdim.

Biz mingan poyezdning peshonasiga Stalinning katta rasmi ilingan, tagiga ruschalab «Ona vatan, g‘olib o‘g‘lonlaringni kutib ol!» deb yozilgan, har vagonning oldingi burchagiga bayroq o‘rnatilgan, o‘rtasiga shiorlar yozilgan edi. Bizni tantanali ravishda kuzatishdi, harbiy orkestr musiqa chalib, suratchilar rasmga olib qolishdi. Poyezd ikki kilometrcha asta-sekin, keyin tez yurib ketdi.

Avstriyadan Vengriyaga, undan Ruminiyaga, undan Bessarabiyaga, keyin Ukrainaga yetib keldik. SSSR hududiga o‘tganimizdan har bekatda bizni xalq kutib ola boshladi. Toshkentga 1945-yil 4-dekabr kuni yetib keldim. Xursandligimdan ishtaham bog‘lanib, mutlaqo ovqat yeyolmay qoldim.

To‘y

Shunday qilib Toshkentdan Samarqandga 6 dekabr kuni tungi soat ikkilarda poyezdda keldim. Meni uchta o‘g‘ri kutib oldi. Biri novcha, ikkitasi qiltiriq kishi edi. Shu orada poyezddan kattaqo‘rg‘onlik Mixail degan juhud kishi ham tushdi. Yonimda nemis xanjari bor edi (1980-yillargacha uyda turardi, keyin Husan o‘g‘lim yo‘qotdimi, bilmadim). Shu xanjardan hayiqishdimi, o‘g‘rilar bizga yaqinlasholmadilar. Ammo stansiyadagi choyxonaga kirganimizda ular ham ortimizdan kirishdi.

Choyxonada armiyadan qaytganlar uchun maxsus joy bor ekan. Choyxonachi bizni odamlardan ajratib, o‘sha tomonga o‘tkazdi. Qo‘limda bir chamadon va bir to‘rva qimmatbaho narsalar bor edi. Ertalabgacha shu choyxonada o‘tirdik.

Ertalab Zirabuloq ko‘chasidagi choyxonaga keldim. Bu yerda nonushta qilish uchun xaltamdan cho‘chqa go‘shtidan bo‘lgan konservani olib ochdim-da, oldimdagi oppoq soqolli bir otaxon bilan nevarasini ham taklif qildim. O‘zimcha agar shu go‘shtning cho‘chqaniki ekanligini aytmasam gunohiga qolaman deb o‘ylab, «Otaxon, go‘sht cho‘chqaniki, sizga aytib qo‘yganim yaxshi» desam, u kishi menga «Bolam, bu mozorbosti, savob bo‘ladi» deb go‘shtdan olib yeyaverishdi. Keyin bilsam, o‘zimizda ocharchilik ekan, mening bundan xabarim yo‘q.

Choyxonadan piyoda Narpay yoqasiga keldim. Payshanbaga borish uchun bironta mashina yo‘q. Qarasam, paxta zavodidan to‘rtta tuya yetaklagan bir eshakli otaxon kelayapti. Iltimos qiluvdim, bitta tuyaga yuklarimni ortib, o‘zimga ham «min» dedi. Tuyaga minmay yonida Payshanbaga qarab piyoda jo‘nadim. Pashkaning bog‘iga kelsam, bir shofyor bir yarim tonnalik yuk mashinasini tuzatib, jo‘namoqchi bo‘lib turgan ekan. Unga iltimos qilgan edim, darrov yuklarimni tuyadan olib, mashinasiga mindirib jo‘nadi.

Payshanbaga tushga yaqin kirib bordik. U yerda kolxozimizning saroyi bor edi. Saroyga keldim-da, uyga xabar qildim. Kelganimni butun qishloq bilib, hovliga ikki qishloq odami — erkak-ayol yig‘ilib turganida kunbotar mahali Ne’matning otasi Shomamat tog‘aning aravasida uyga kirib bordim.

O‘zimizning darvozadan to men kelayotgan toshloqqacha odamlar podshoni kutib olayotganday qator bo‘lib turgan ekan. Aravadan tushib bir boshidan ko‘rishib kelaverdim. Onam bilan o‘gay otam xursandchilikdan supada qotib qolishibdi. Ular bilan ham quchoqlashib ko‘rishdim.

Qarindosh-urug‘, qishloqdoshlar mening, men ularning diydoriga to‘ymayman. Ancha gurunglashdik. Bor pulimni boboyga berdim.

Ertasi kuni katta to‘y qildik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring