Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qamoqxonadagi uzoq muddatli uchrashuvlar uchun to‘lovlar deyarli ikki baravar kamaytirildi

Qamoqxonadagi uzoq muddatli uchrashuvlar uchun to‘lovlar deyarli ikki baravar kamaytirildi

Foto: «Ohrana.ru»

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i — Ichki ishlar vazirining Matbuot kotibi Qutbiddin Burhonov O‘zA muxbiriga yangi hibsxona haqida ma’lumot bergani haqida xabar qilgan edik.

— Davlatimiz rahbarining 2017-yil 11-avgustdagi «Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida jazoni ijro etish muassasalalarida mahkumlarga, ular bilan ko‘rishi uchun kelgan yaqinlariga uchrashish uchun zarur shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratilgan, — deydi Q.Burhonov.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etganlik uchun yangi tariflar Moliya va Ichki ishlar vazirliklari tomonidan 2017 yil 29 dekabrda tasdiqlandi. Mazkur qaror 2018-yil 17-yanvarda Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hamkorlikda imzolangan qaror ilovasida 2 kishilik xonaga sutkalik to‘lov eng kam ish haqining 5 foizi, ya’ni 8612 so‘m, 3 kishilik xonaga sutkalik to‘lov eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida, ya’ni 17 224 so‘m, 4 kishilik xonaga sutkalik to‘lov eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida, ya’ni 25 836 so‘m etib belgilandi.

— Ayrim ommaviy axborot vositalarida mazkur tariflar oshirilgan, deb talqin qilindi. Shu bois jazoni ijro etish muassasalaridagi uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etilgani uchun avval belgilangan narxlarga e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. Demak, avval 2 kishilik xonaga sutkalik to‘lov — 15 895 so‘m, 3 kishilik xonaga — 30 100 so‘m, 4 kishilik xonaga — 45 166 so‘mni tashkil etgan. Raqamlarni taqqoslash asnosida yangi tariflar bilan bu boradagi narxlar ancha arzonlashtirilganini ko‘rish mumkin, — deya ta’kidlaydi IIV matbuot kotibi.

Shuningdek, tarif asosida to‘lovlar mahkumlardan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardan (agar bolalar katta yoshli kishilar bilan kelmagan bo‘lsa), 1-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan shaxslardan (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida) undirilmaydi.

Bu mablag‘lar xonalarni saqlash uchun sarflanadigan harajatlar, ularni joriy va kapital ta’mirlash, xo‘jalik inventarlarini sotib olish uchun sarflanadi.

Ayni paytda mahkumlarga masofali video-uchrashuv tashkil etish imkoniyatini nazarda tutgan holda himoyalangan aloqa kanali bo‘yicha videokonferensiya tizimini bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan ish olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, jazoni ijro etish muassasalarida boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaslik borasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish bo‘yicha 2018-2022-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

— Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda sud-huquq tizimida, jumladan, jazoni ijro etish muassasalarida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning kechirimlilik, bag‘rikenglik, insonparvarlik tamoyillariga asoslangan. Mazkur tamoyillar jazoni ijro etish tizimining muhim yo‘nalishi bo‘lishi bilan birga bu jarayon zamon talablariga muvofiq takomillashtirib boriladi, — deydi Q.Burhonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring