Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Uzumini yengu bog‘ini surishtirmang»: nemis jurnalistlari nimani topishdi?

«Uzumini yengu bog‘ini surishtirmang»: nemis jurnalistlari nimani topishdi?

Foto: «Bild.de»

«Bild» nashri jurnalistlari nega Germaniyadagi supermarketlarda meva-sabzavotlar o‘ta arzonligiga oydinlik kiritishga urinib ko‘rishdi. Rost-da, apelsinning bir kilosi 99 yevrotsentga, bodring esa 39 yevrotsentga sotilishi o‘ziga to‘q nemislar uchun deyarli tekindek gap.

Supermarket peshtaxtalaridagi mahsulotlarning ko‘piga ular Ispaniya yoki Janubiy Italiyadan keltirilgani yozib qo‘yilgan. Meva-sabzavotlar chetdan keltirilishiga qaramay nega buncha arzon?

Bu savolga javobni Ispaniyadagi yoki Italiya janubidagi dehqonchilik xo‘jaliklaridan topasiz. Chunki mahsulotga birinchi narx o‘sha yerda qo‘yiladi.

Ko‘hna Andalusiya (Ispaniya)ning Almeriya viloyatida jahondagi eng yirik issiqxonalar joylashgan. Qariyb 400 kvadrat kilometr maydonni egallagan issiqxonalarda 130 ming kishi mehnat qiladi. Yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy xaridorlari — nemis supermarketlari.

Bu yerdagi eng nufuzli ishlab chiqaruvchilardan biri — «AgroIris S.A.T» kooperativi 400 dan ziyod fermerlarni birlashtirgan. Aksariyat ishchilari — arzimas chaqa evaziga kunni tunga ulab ishlovchi Afrikadan kelgan qochqinlar. Oladigan pullari ijara pulini to‘lashga yetmagani bois ko‘plab afrikaliklar suv va elektr toki o‘tkazilmagan kulbalarda yashashadi. Buyam yetmaganidek, ish beruvchi puldan qizg‘anib, ko‘pincha pestitsidlar sepuvchi mehnatkashlarga himoya vositalarini ham ravo ko‘rmaydi.

Mahalliy yakka fermerlarning ham tashvishi yetarli — kooperativlar bilan kurash juda og‘ir kechyapti. Masalan, fermer David Sanches Oliverani olaylik. U o‘zi yetishtirgan qovoqning bir kilosini 14 sentdan sotsagina xarajatini qoplaydi. Yonginasidagi kooperativ esa qovoqning bir kilosini 3 sentdan taklif qilyapti. Raqobat, kurashishdan ma’ni yo‘q...

Italiyada ham shu ahvol. Xuddi Almeriyadagi singari, Italiya janubida ham noqonuniy muhojirlarning siqib suvini chiqarishmoqda. Buning ustiga Kalabriya va Sitsiliyadagi yerlar mafiyaning qo‘lida. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy klanlar mehnat to‘g‘risidagi qonunlarni pisand qilishmaydi, ammo Yevropa ittifoqining qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ajratilgan subsidiyalaridan mo‘l-ko‘l foydalanishmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring