Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Propiska bekor qilinmoqda. Viloyatliklar Toshkentdan «Yoshlar» uyini olishi mumkinmi?

Propiska bekor qilinmoqda. Viloyatliklar Toshkentdan «Yoshlar» uyini olishi mumkinmi?

Foto: «Namnews.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi qabul qilingani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra endilikda Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyasiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlar ham bekor qilinishi rejalashtirilayotgan edi.

Tahririyatimizga aynan shu va «Yoshlar» uylari masalasida ko‘plab murojaatlar bo‘ldi: «Propiska yo‘q qilinyapti, propiskasizlar uy olishi mumkin. «Yoshlar» uylari bo‘yicha nizom qayta ishlab chiqiladimi? Masalan, Toshkentda ishlaydigan, lekin viloyatda propiskada turadigan odam poytaxtdan uy olaman deyishi mumkin-ku».

Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yuridik bo‘lim mudiri Bahrom Ilhomjonov bilan bog‘landik va quyidagicha javob oldik:

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 250-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandida yoshlar uylari er-xotinning doimiy yashash joyiga qarab beriladi, deyilgan. Demak, nizomni o‘zgartirishga hojat yo‘q. 10-bandda esa hududiy komissiya uy olayotgan yosh oilaning uy-joyga muhtojligini o‘rganishi belgilangan.

7-band. Turar-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilani hisobga qo‘yish uchun er-xotindan biri doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi.

— Yana bir jihatga e’tibor qaratish kerak, hududiy komissiyalar bir-biridan mustaqil bo‘lib, uy olmoqchi bo‘lgan yosh oila doimiy yashash joyidan hujjat topshiradi va tabiiyki, hujjat topshirgan hududidan uy-joyga ega bo‘ladi, agar munosib topilsa.

10-band. Hududiy komissiya hujjatlar Yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashiga taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini har tomonlama o‘rganadi, barcha hujjatlarning haqiqiyligini tekshiradi. Bunda, hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish, shuningdek uning haqiqiyligi uchun hududiy komissiya javob beradi.

Hududiy komissiya joyning o‘ziga chiqib ariza beruvchining turar joy sharoitlarini, kreditga layoqatliligini (ariza beruvchi va oila a’zolarining daromadini) o‘rganadi. O‘rganish natijalari bo‘yicha tekshirish dalolatnomasini tuzadi.

Eslatib o‘tamiz, «Yoshlar» uylarini taqsimlashning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan Yoshlar uylarini sotib olishning elektron navbat tizimi test rejimida ishga tushirilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring