Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Wi-Fi xizmatidan foydalanish tartibi belgilandi

Wi-Fi xizmatidan foydalanish tartibi belgilandi

Foto: «gadgets.ndtv.com»

Joriy yilning 12-oktyabridan yangi Ma’lumotlar uzatish tarmog‘i, shu jumladan internet xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari joriy etiladi. Ayni paytda amal qilayotgan qoidalar shu sanadan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi, deb xabar bermoqda «Norma».

Hujjat axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy imkoniyatlar va talablarga mos ravishda aktual tus olgan. Unda bugungi kunda keng tarqalgan «Wi-Fi xizmatlari», «IP-televideniye», «IP-telefoniya», «ma’lumotlar uzatish tarmog‘i operatori/provayderi», «xosting xizmatlari» singari va boshqa tushunchalardan foydalanilgan va izohlangan.

Abonentlarni xabardor qilish

Abonent ma’lumotlar uzatish tarmog‘i xizmatlaridan foydalanish uchun operator yoki provayder bilan yozma yoki elektron shaklda shartnoma tuzadi. Abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifatini va xizmatlarni ko‘rsatuvchilar bilan o‘zaro hamkorlikni yaxshilash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar qabul qilingan.

Birinchidan, operator yoki provayder abonentlarga quyidagi axborotni taqdim etish uchun kunu tun axborot-ma’lumot berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil etadi: 

  • ma’lumotlar uzatish tarmog‘i xizmatlari va ularning tariflari to‘g‘risida;
  • abonent shaxsiy hisobvarag‘ining holati, xizmat haqini to‘lash bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘risida;
  • texnik nosozliklar to‘g‘risida;
  • abonent olgan xizmatlar: ma’lumotlar uzatish vaqti, tezligi, olingan va (yoki) uzatilgan axborot hajmi, trafik qoldig‘i to‘g‘risida. Ushbu ma’lumotlar, sh.j. abonent pul mablag‘lari harakatining hisobi avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimi yordamida yuritiladi. 

Ikkinchidan, xizmatlarni ko‘rsatuvchilarga xizmatlar uchun tariflar o‘zgarishi to‘g‘risida ular kuchga kirishidan kamida 10 kun oldin ogohlantirish vazifasi yuklatildi. Mazkur axborot ularning veb-saytlarida, OAVda hamda abonentlar va foydalanuvchilar bilan ishlash joylarida taqdim etilishi kerak.

Wi-Fi xizmatidan foydalanish tartibi belgilandi

Wi-Fi xizmati tashkilotchisi o‘z mijozlari yoki tashrif buyuruvchilarga uni pulsiz yoki pullik asosda taqdim etishi mumkin. Bunda xizmat ko‘rsatishda sessiyaning amal qilish davomiyligi 24 soatdan oshmasligi kerak.

Yuridik shaxs operator yoki provayder bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ularning apparat-dasturiy vositalari asosida o‘z hududida bepul Wi-Fi xizmatini tashkil etishi mumkin.

Wi-Fi xizmati foydalanuvchilarning shaxsi identifikatsiyalanganda hamda foydalanilgan veb-resurslar (log-fayllar) hisobini yuritgan holda taqdim etiladi. Buning uchun tegishli apparat-texnik chora-tadbirlar qo‘llaniladi.

Foydalanuvchilar shaxsini identifikatsiyalash ularning mobil telefon raqami bo‘yicha yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar bo‘yicha amalga oshirilgan boshqa ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari: avia va temir yo‘l chiptalari, mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari va boshqalar asosida amalga oshiriladi.

Telefon raqami bo‘yicha identifikatsiyalash uchun bu raqamga bir marta SMS-parol yuboriladi va foydalanuvchi autentifikatsiya qilinadi. Parolning aktivlik muddati – 10 daqiqadan ko‘p emas. Bunda xabarning sir saqlanishi ta’minlanadi.

«Yomon» internet uchun javobgarlik

Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ida nosozliklar yuzaga kelganda operator/provayder shartnomada belgilangan muddatlarda ularni bartaraf etishlari shart. Ko‘rsatilgan muddatlar kechiktirilgan taqdirda abonentning talabiga ko‘ra shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda jarima (penya) to‘laydilar.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2018-yil 12-oktyabrdan kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring