Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda o‘tkazilgan xalqaro biznes forumda 24 mamlakat ishbilarmonlari qatnashdi

Navoiyda o‘tkazilgan xalqaro biznes forumda 24 mamlakat ishbilarmonlari qatnashdi

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Navoiy viloyatida xalqaro biznes forum bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 24 mamlakatidan 150 ga yaqin ishbilarmon doiralar, investorlar hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari va diplomatlari  ishtirok etdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha. biznes forum doirasida dastlab viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan yirik sanoat korxonalari va xorijiy investorlarning tor doiradagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

— Men O‘zbekistonda ilgari ham bo‘lganman. Yurtingizda biznes yuritish uchun hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Shu sababli xorijiy sarmoya kiritish ikki tomonlama ham foydali bo‘ladi. Ayniqsa, Navoiyda konchilik sanoati juda rivojlangan. Menda aynan ushbu sohada hamkorlik qilish istagi juda yuqori. Bu borada kombinat mutaxassislari bilan kelishib oldik, — deydi Jenevalik investor Rober Blum.

Forum doirasida ishtirokchilar uchun viloyatning turistik salohiyati bilan tanishish maqsadida qadim va ko‘hna Nurota tumanidagi «Chashma» me’moriy majmuasi hamda «Sarmishsoy» muzey qo‘riqxonasiga sayohatlar tashkil etilgan. Shuningdek, forum qatnashchilari «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida ishlayotgan xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi 20 ga yaqin korxona faoliyati bilan tanishtirildi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

«Navoiy» erkin iqtisodiy zonasining faollar zalida biznes forum doirasida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning, xususan Navoiy viloyatining iqtisodiy potensiali, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar xususida so‘z yuritildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro biznes forumni o‘tkazish g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-martdagi Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida ilgari surilgan edi. «Navoiy viloyatida iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun tashabbuskor tadbirkorlarni topish kerak. Buning uchun yaqin vaqtda viloyatda biznes-forum tashkil qilish lozim. Unga chet ellik investorlarni ham jalb qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunda Navoiyga eng sara investorlar keladi», deb aytgan edi davlat rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring