Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xivada temir yo‘l vokzali barpo etildi

Xivada temir yo‘l vokzali barpo etildi

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-apreldagi qaroriga muvofiq, 2017-2018-yillar davomida umumiy qiymati 35,9 million AQSh dollari bo‘lgan Urganch – Xiva oralig‘ida yangi temir yo‘l uchastkasini qurish, yangi Xiva vokzalini barpo etib, atrofni obodonlashtirish ishlari belgilangan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatining xabar berishicha, bunyodkor temiryo‘lchilar tomonidan o‘tgan yilning o‘zidayoq qurilish ishlari boshlab yuborildi. Dastlab Urganch vokzalidan Xiva shahrigacha umumiy uzunligi 33,78 km (asosiy yo‘l 29,6 km) bo‘lgan temir yo‘lni zamon talablari darajasida bunyod etish ishlari amalga oshirildi. O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu muhim loyiha doirasida rejalashtirilgan 93ta sun’iy suv inshootlari, 5 ta ko‘prik va 1 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. Shuningdek, Xiva shahrida vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish va stansiya binosi yangidan qurilib, zamon talablariga mos tarzda jihozlandi.

Endilikda bunyod etilgan yangi liniyada tashishlar «Urganch» va «Xiva» stansiyalari orqali amalga oshiriladi.

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati

Loyiha doirasida Xiva shahrida bir vaqtning o‘zida 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan, milliy uslublar bilan uyg‘unlashgan zamonaviy Xiva vokzali ham barpo etildi.

Yangi  vokzal binosining tashqi ko‘rinishi Xorazm me’morchiligi namunalarini o‘zida mujassam etgan. Vokzal so‘nggi rusumdagi asbob-anjomlar bilan jihozlandi. Bu yerda zamonaviy VIP zali, ona va bola hamda  tibbiyot xonalari qurildi. Loyihaga ko‘ra,  binoning kiraverishida zamonaviy va mahalliy uslublar uyg‘unlashgan ko‘rkam foye qad rostladi. Rejaga muvofiq, uning oldida musiqali favvora o‘rnatildi.

Xiva vokzali ro‘parasida yangi milliy uslubdagi mehmonxonalarga ko‘zingiz tushadi. Ularning yaqinida esa «Xiva-Lokomotiv» parki hamda zamonaviy gipermarket bunyod etilmoqda.

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati

Xiva shahrida temir yo‘l vokzali qurilishi bilan birga, turizmni rivojlantirish maqsadida yangidan yangi mehmonxonalar ham bunyod etilmoqda. Ayni damda «O‘zbekiston temir yo‘llari» MChJ tomonidan 74 nafargacha mehmonni qabul qiluvchi, barcha qulayliklarga ega mehmonxona qurilishining yakuniy ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududda 84 va 56 o‘ringa mo‘ljallangan yana ikki mehmonxona, 70 o‘rinli restoran  ham qad ko‘tarmoqda. Bundan tashqari, «Xiva-Lokomotiv» istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Unda 57 sotixli ko‘l, 27 xil attraksion, amfiteatr, zamonaviy savdo rastalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring