Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmning 5 ta tumanida hokim almashdi

Xorazmning 5 ta tumanida hokim almashdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29-30-noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifidan so‘ng viloyatning 5 ta tumanida hokimlar almashgan. Bu haqda «Turon24» xabar berdi.

Xususan, 1-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Gurlan tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Alisher Salayev Gurlan tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Bungacha Salayev Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Shu kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Yangibozor tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida O‘ktam Masharipov Yangibozor tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Ushbu tayinlovga qadar u Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgan.

Sobir Jumaniyazov Xiva shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Ushbu masala 1-dekabr kuni Xalq deputatlari Xiva shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rilgan. U 2013-yildan «GM Uzbekistan» yopiq aksiyadorlik jamiyati Xorazm filiali boshqaruvchi direktori lavozimida ishlayotgan edi.

1-dekabr kuni o‘tgan Xalq deputatlari Hazorasp tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Ravshan Jabborov ushbu tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U 2014-yildan Xorazm viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi bo‘lib ishlayotgan edi.

Shuhrat Abdullayev Xalq deputatlari Urganch shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Urganch shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Bungacha u Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlayotgan edi.

30-noyabr kuni Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring