Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorijdagi o‘zbek: «Aqlli mehnat qilishni o‘rganishimiz kerak»

Xorijdagi o‘zbek: «Aqlli mehnat qilishni o‘rganishimiz kerak»

Foto: «uzanalytics.com»

Tijorat va havo huquqi bo‘yicha mutaxassis, Ontario provinsiyasida amaliyot yurituvchi advokat va notarius (Barrister & Solicitor, Notary Public in Ontario), «Sobirovs Law Firm» (Toronto, Kanada) yuridik firmasida qo‘shimcha ta’sischi va boshqaruvchi hamkor, Bombardier Commercial Aircraft kompaniyasida xalqaro shartnomalar bo‘yicha konsultant Rahmat Sobirov «Buyuk kelajak» kengashi eksperti sifatida intervyu berdi.

— O‘zbekistondan tashqarida orttirgan tajribangiz haqida gapirib bersangiz. Chetda nimalarni o‘rgandingiz? O‘zbekistonda ehtimol o‘rgana olmasligingiz mumkin bo‘lgan eng asosiy tajriba nima bo‘ldi?

— Men 2003 yildan chet elda o‘qidim, ishladim va tajriba orttirdim. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, xalqaro huquq, xalqaro transport huquqi sohalarida ta’lim oldim va ishladim. Xususan, aviatsiya sohasiga taalluqli bo‘lgan huquqiy masalalarga ixtisoslashdim. Samolyotlarni moliyalashtirish, aviakompaniyalar va avializing bilan shug‘ullanayotgan moliyaviy tashkilotlarga (xalqaro banklar, xususiy va davlat fondlari va hokazo) samolyotlarga buyurtma berish, sotib olish, ijaraga berish va moliyaviy inqirozga uchragan aviakompaniyalardan samolyotlarni tortib olish masalalarida huquqiy ko‘mak berdim.

Kanadaga ko‘chib o‘tganimdan keyin biroz vaqt huquq sohasiga yaqin sohalarda ishlab, so‘ng Kanadada huquqshunos bo‘lish uchun qaytadan huquq maktabiga kirdim va Juris Doctor unvonini oldim. Kanada asosan anglo-sakson huquq tizimiga asoslangan bo‘lgani uchun O‘zbekiston va Vengriyada olgan diplomlarim bilan bu mamlakatda advokat bo‘lib ishlash mumkin emas edi. Shuning uchun qaytadan o‘qidim. Faqat bu safar anglo-sakson huquq tizimini (inglizchada «Common Law») o‘rgandim. O‘zbekistonda o‘rgana olmaydigan narsalardan biri shu — anglo-sakson huquq tizimi desam bo‘ladi.

Kanadada advokatlik litsenziyasini olganimdan keyin mamlakatning va dunyoning yirik samolyotsozlik korporatsiyalaridan biri bo‘lmish «Bombardier Aerospace»da ishladim. U yerda asosiy vazifam samolyot sotib olish va moliyalashtirishga oid shartnomalarni tayyorlash, muzokara qilish va ular imzolangandan keyingi jarayonlarni amalga oshirish edi. Shu tajribam orqali ko‘plab aviakompaniyalar va moliyaviy institutlar bilan ishladim. Kerak bo‘lganda tortishdim va hattoki Bombardiyer sotgan samolyotlarni ham qaytarib olishga ko‘maklashdim. Shu tajribamga tayangan holda, Londonning aviatsiya sohasida katta mavqega ega yuridik firmalaridan bo‘lmish «Bird & Bird» yuridik firmasiga ishga taklif etildim. U yerda dunyoning eng katta aviakompaniyalari bilan (Emirates, Etihad, Qatar Airways, Qantas, Virgin Atlantic, AirAsia va TUI) yaqindan ishladim va ularga samolyot olishda huquqiy yordam berdim. Bu esa men uchun O‘zbekistonda o‘rgana olmaydigan boshqa bir tajriba bo‘ldi.

— Nima deb o‘ylaysiz, migratsiya o‘zbeklarga ta’sir ko‘rsatdimi? Ularni dunyoning globallashgan fuqarolari deb aytish mumkinmi yoki xalq urf-odat va an’analari hali ham kuchlimi? Globalizatsiyaning ijobiy tomonlari qaysilar, an’analarnikichi? Ekspatriantlar (vatanidan ko‘chib ketganlar) va mahalliy fuqarolarning qarashlarini birlashtirish mumkinmi, uzilish yuz bermadimikin?

— Hozirda men Kanadaning Toronto shahrida 2012-yili turmush o‘rtog‘im bilan birga tashkil etgan «Sobirovs Law Firm» yuridik firmasini boshqarib kelaman. Yuridik firmamiz asosan tijorat huquqi, korporativ huquq va biznes immigratsiya sohasida faoliyat olib boradi. Shuning uchun migratsiya va boshqa bir davlatga ko‘chib o‘tish va u yerda doimiy ravishda yoki uzoq muddatli yashash haqida ko‘p tajribam bor.

Migratsiyaning o‘zbeklarga va umuman o‘zbekistonliklarga ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak, eng birinchi navbatda, o‘zbekistonliklarning nima sababdan ko‘chib ketayotganligini bilib olish kerak. Mening shaxsiy fikrim quyidagicha:

  • Birinchi navbatda, vatandoshlarimiz ish uchun boshqa davlatlarga ko‘chib ketishmoqda. Buning yaxshi tomoni va yomon tomoni haqida gapirib o‘tirmayman, chunki bu haqida juda ko‘p munozara qilish mumkin. Asosan yosh avlodga mansub insonlar o‘qishini bitirib yoki bitirmay chet elga ketishga yo‘l izlashadi. Bu normal holat deb o‘ylayman. Men ham shunday edim. Buni yoshlardagi intilish va qiziqish deb baholayman.
  • Ikkinchidan, ko‘p yoshlarimiz chet elga o‘qishga ketishmoqchi – bu ham juda normal holat menimcha va bunday qiziqish bo‘lganligidan men xursandman. Nega? Chunki buning natijasida biz chet elning ta’lim tizimidan bahramand bo‘lamiz, tanqidiy va erkin fikrlashni o‘rganamiz. O‘rganganlarimizni esa O‘zbekistonga olib kiramiz. Bu, menimcha, uzluksiz rivojlanishning bir ko‘rinishi. Kelajakda shunday tajribali yoshlarimiz Vatanimizga xizmat qilishadi, degan umiddaman. Buni globallashuvning ijobiy tomonlari desa bo‘ladi.
  • Biz baribir buncha ko‘p ishchi kuchini O‘zbekistonda ish bilan ta’minlashimiz juda qiyin bo‘ladi.
  • Ularni chet elga borib ishlashlari uchun ko‘proq xorijiy davlatlar bilan shartnomalar tuzib chiqishimiz va sharoitlar yaratishimiz kerak.
  • Bu shartnomalarda chet elga ishga ketayotgan vatandoshlarimizning haq-huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor berilishi kerak va amaliyotda ham tatbiq qilinishi lozim.
  • Ishga ketgan har bir vatandosh baribir O‘zbekistonga bog‘liq bo‘ladi va har bir shunday vatandosh o‘z o‘rnida Vataniga hissa qo‘shadi.

Tan olish kerak: chet elda o‘qigan va yashagan inson azaldan shakllangan an’analarimizga nisbatan «Nega?» va «Nima uchun?» degan savollarni ko‘p berishadi. Bu ba’zilar uchun yomon va salbiy bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin bunday savollar orqali o‘z an’analarimiz qaytadan tubdan o‘rganishga majbur bo‘lamiz. Bu esa yaxshi, chunki keraksiz va foydasiz an’analarimizni qaytadan ko‘rib chiqamiz va kerakli xulosa chiqaramiz. Biz har doim orqaga, tarixga va an’analarga emas, balki kelajakka va oldinga qarab yashashimiz kerak. Xuddi avtomobil haydayotgandek, orqaga, tarixga kichik oynalar bilan qarab tursak yetarli bo‘ladi. Bu degani tariximizni unutish kerak degani emas.

Chet elda ko‘p vaqt yashagan vatandoshlarimiz va O‘zbekistonda yashayotgan vatandoshlarimiz orasida uzilishlar bor menicha. Ochig‘ini aytaylik, yashiradigan joyimiz yo‘q – ko‘p hollarda chet eldagi vatandoshlar O‘zbekistondagi vaziyatni ko‘p so‘rashadi, «Nega unday va nega bunday? Nega aynan shunday bo‘lish kerak?» va shunga o‘xshash savollar berishadi. O‘zbekistondagi vatandoshlarda ham buni oxirgi paytlarda kuzatyapman. Bu oradagi uzilishlarning tobora kamayib borayotganligidan dalolatdir.

Menimcha, har ikki tomon ham bir maqsadga erishishni xohlaydi – bu Vatandagi hayotning yaxshilanishi, Vatanning rivojlanishi va xalqimizning turmush darajasi xalqimizga yarashadigan darajada bo‘lishi. Men qat’iyan ishonamanki, xalqimiz Kanada yoki Yevropa davlatlari xalqidek yaxshi hayot yashashga haqli va bu uchun yetarli mehnat ham qiladi. Ko‘p hollarda boshqa xalqlardan ham ko‘proq mehnat qiladi. Lekin ko‘p mehnat bugungi kunda rohat garovi emas. Aqlli mehnat qilishni o‘rganishimiz kerak. Masalan, ishxonalarda ertalab 7dan tungi 12-1gacha ishlash shart emas. Mehnat samaradorligini soatlar bilan emas, qo‘lga kiritilgan natijalar bilan belgilashimiz kerak.

— Bugun O‘zbekistonda qanday ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz? Nimalarni tuzatish kerak deb o‘ylaysiz?

— Bugungi kunda o‘zgarishlar va o‘zgartirish uchun harakatlar ko‘p bo‘lyapti, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. O‘zgarishlarning natijasi ijobiy bo‘ladimi yoki salbiymi buni kelajakda ko‘ramiz. Ayni paytda allaqachon ijobiy natija bergan o‘zgarishlar ham juda ko‘p. Umidimiz ham xalqimiz hayotida va Vatanimizda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘paytirishdir.

Bir narsani aniq aytsa bo‘ladi – O‘zbekiston oldingidek emas. Hozirgi O‘zbekiston juda tez o‘zgarayotgan davlat va jamiyatdir. Buni xohlaymizmi yoki xohlamaymizmi, shunday bo‘lishi kerak. Qilinadigan ishlar juda ham ko‘p. Men faqat bittasiga to‘xtalib o‘taman. Bu narsa ko‘proq ishlash tarzimizga bog‘liq narsadir.

Menimcha tuzatilishi kerak bo‘lgan eng muhim va qiyin bo‘lgan narsa bu — ongimizdagi yondashuv. Bir misol orqali tushuntirsam.

Har bir tashabbus, taklif yoki o‘zgarish eng yuqoridagi boshliq tomonidan berilishini kutish kerak emas. Rahbar vaqti-vaqti bilan ba’zi muhim tashabbuslarni beradi, albatta va bu tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Lekin boshliq har bir sohada mutaxassis bo‘lmasligi mumkin va bo‘lolmaydi ham. Shuning uchun u o‘z qo‘l ostidagi insonlardan tashabbus chiqishini va harakatni kutadi. Boshliq har bir sohaga oid takliflarni berishi va ularning amalga oshirilishida shaxsan o‘zi nazorat qilishi shart emas. Bunga imkoni ham yo‘q. Boshliqning asosiy hissasi bu kelajak haqida tasavvurni va umumiy yo‘nalishni ko‘rsatish, xolos.

O‘sha tasavvurga va yo‘nalishga to‘g‘ri keladigan tashabbusni, takliflarni va harakatlarni qilish esa uning qo‘l ostidagilarning vazifasidir. Bu bilan birga rahbar bilan sog‘lom bir muhokama va vaqti kelganida tashabbuslar ustida bahs qilish va ularni biroz to‘g‘rilash kerak bo‘ladi. Soha mutaxassislari va professionallari o‘z tashabbuslarini qo‘rqmasdan olib chiqishi, fikrlarni taklif qilishi va kerak bo‘lsa, boshqa alternativalar taklif qilishi bilan rivojlanishga o‘z hissalarini qo‘shishadi. Shunday qilsakkina, biz rahbarga haqiqatdan yordam bergan bo‘lamiz.

Vatan ravnaqi uchun qilinayotgan harakatlarda xato qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Lekin bizdan oldingi xatolarni qaytarmaslik sharti bilan qo‘rqmasdan harakat qilish lozim.

— Mamlakatda inson kapitali sifatini qanday baholaysiz? U qaysi tarmoqlarda saqlanib qolgan, qaysilarida esa yo‘q? Inson kapitali sifatini qanday ko‘tarish mumkin?

— O‘zbekistonga taalluqli inson kapitalini men ikki turga ajratgan bo‘lardim. Birinchisi, bu O‘zbekistondan chiqib ketgan mutaxassis inson kapitali. Uni orqaga qaytarish qiyin bo‘lsa-da, undan baribir foydalanish yo‘llarini izlashimiz kerak. Menimcha, bu toifadagi inson kapitali vakillari har doim Vataniga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.

Ikkinchisi, hali ham O‘zbekiston ichida xizmat qilib yurgan mutaxassis inson kapitali. Ularni iloji boricha chetga butunlay chiqib ketmasligi uchun harakat qilishimiz lozim. Hali ham bunday toifadagi inson kapitali vakillari bor O‘zbekistonda. Ular shaxsiy sektorda yoki davlat ishlarida o‘z o‘rinlarini topishlari va munosib oylik evaziga ishlashlari zarur. Aks holda ular ham birinchi toifadagi inson kapitaliga qo‘shilib ketishi hech gap emas.

Mamlakatimiz insonlarida salohiyat ko‘p, lekin u salohiyatni zamonaviy bilim va texnologiyalarni o‘rgatish bilan hamda tanqidiy fikrlashni rag‘batlantirish orqali kuchaytirish mumkin deb o‘ylayman. Amaliy tarafdan esa yoshlarimizga ta’lim olishni arzonlashtirish va agar iloji bo‘lsa, bepul o‘qitish kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, hali bir kasb egasi bo‘lmagan inson qanday qilib 4-5 yil o‘qish pulini to‘lasin? Ota-onasi to‘lab bersa, mayli, lekin to‘lay olmaydiganlarchi?

Ayniqsa, O‘zbekistonda davlat oliygohlarida vatandoshlar uchun o‘qishni bepul qilish va unga faqatgina tanlov orqali (boshqa egri yo‘llar bilan emas) talabalarni tanlash kerak. Bunday o‘qishga pora yoki tanish-bilish bilan kirgan har bir talabaning borligi Vatanimizning farovon kelajagini bir qadam orqaga tortish deganidir.

— Sizningcha, O‘zbekistonni rivojlantiradigan ustuvor tarmoqlar qaysi? Mamlakat gaz, paxta va oltindan tashqari nimalarni eksport qilishi mumkin?

Mamlakatimizning kuchli tomonlaridan bu — meva-sabzavotlarni eksport qilish, tarixiy va diniy obidalarni ziyorat qilish orqali turizmni rivojlantirish va arzon ishchi kuchi eksporti deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, yoshlarimizda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirib kuchli mutaxassis bo‘lish salohiyati bor deb o‘ylayman. Bu salohiyatni axborot texnologiyalari (AT) sohasida juda yaxshi ishlatsak bo‘ladi. Bu uchun albatta internet tezligini oshirishimiz va narxini yana arzonlashtirishimiz kerak. Natijada, AT va unga yaqin sohalarda dunyoning har bir burchagiga xizmat ko‘rsatishimiz va sotishimiz mumkin.

— Ekspatriantlar va chet eldagi jamiyatlar mamlakatni rivojlantirish uchun qanday yordam bera olishlari mumkin?

— Chet eldagi vatandoshlarimiz va ular tomonidan tuzilgan jamiyatlarda Vatanimizga juda katta hissa qo‘shish potensiali bor. Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan vatandoshlar bilan aloqalarni kuchaytirish borasida olib borilayotgan siyosat juda to‘g‘ri qo‘yilgan qadam deb o‘ylayman. Asta-sekin bu siyosat o‘z natijasini beradi. Masalan, «Buyuk Kelajak» ekspertlar kengashidagi vatandoshlarimiz qo‘lidan kelganicha Vatan rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishga harakat qilishyapti. Bu hammasi xolis va ko‘ngilli ravishda qilinmoqda. Bunday imkoniyatlar tug‘ilganidan shaxsan men juda xursandman.

Kanadadagi tanigan o‘zbekistonliklarni misol keltirishim mumkin. Bu davlatda yashayotgan ko‘plab vatandoshlar har doim Vatanni o‘ylab yurishadi va qo‘lidan kelganicha o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Yurtga foydasi tegadigan biron tashabbus bo‘lsa, har doim birgalashib qo‘llab-quvvatlashadi.

Har bir vatandoshimiz o‘zlari ishlayotgan katta korxonalarda O‘zbekistondagi biznes va investitsiya imkoniyatlari haqida gapirib berishlari va targ‘ib qilishlari mumkin. Shunday harakatlar natijasida asta-sekin Kanada kompaniyalari O‘zbekistonni tanishmoqda va hattoki men bilgan ikkita kompaniya yaqinda O‘zbekistonga borishdi va endi investitsiya kiritishmoqchi. Ishonamanki 3-4 yilda bu qiziqish yana kuchayadi!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring