Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xotin-qizlar qo‘mitasi bekatda tunagan ayol haqida izoh berdi

Xotin-qizlar qo‘mitasi bekatda tunagan ayol haqida izoh berdi

Foto: «Upl.uz»

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi 22-iyun kuni internet tarmoqlarida chop etilgan bekatda tunagan ayol haqidagi maqolaga izoh berdi.

Qo‘mitaning «Facebook»dagi sahifasida yozilishicha, Zuhra Matqulovani topish va shaxsini aniqlash, uning muammolarini hal etish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Matqulovani topishda Toshkent shahar IIBB xodimlari amaliy yordam ko‘rsatgan.

Tezkor qidiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, maqola qahramoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani hududida bemaqsad yurgan, yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari (pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma) ham bo‘lmagan.

Shu sababli Zuhra Matqulova aniq yashash va mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan Reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

«Shu kunga qadar Zuhra Matqulova ushbu markazga uch marotaba — 2017-yilning avgust oyida, 2017-yilning 22-oktabr va 2018-yilning 13-iyun kunlarida olib kelingan», deyiladi qo‘mita xabarida.

Ma’lum qilinishicha, 23-iyun kuni Namangan viloyati Chust tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mamlakat Abdurahimova Zuhrani doimiy yashash joyiga, o‘z oilasi bag‘riga olib ketish uchun Toshkent shahriga yetib kelgan. Namangan viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi, Chust tumani hokimligining sa’y-harakatlari bilan Zuhra Matqulovaning oilaviy sharoiti o‘rganilib, uni yaxshilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan. Turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarini sog‘lomlashtirish, bandligini ta’minlash ishlari tashkil etilgan.

Qo‘mita yaqin kunlar Zuhra Matqulova haqida yanada to‘liqroq ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring