Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xuddiki virus uni chetlab o‘tadi-yu, yuqmaydi». Zaruratni kim qanday tushunadi?

«Xuddiki virus uni chetlab o‘tadi-yu, yuqmaydi». Zaruratni kim qanday tushunadi?

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bir kuni Mahatma Gandi o‘rnidan qo‘zg‘algan poyezdga yetib olish uchun yugurib borardi. Bir amallab poyezdga chiqib olgach, to‘satdan uning bir poy kavushi oyog‘idan tushib ketadi. Shu payt Gandi kavushning ikkinchi poyini ham tezlik bilan yechib, o‘ylab o‘tirmasdan narigi poy kavushi tushgan joyga qarata otib yubordi. Uning bu ishidan hayronsiragan do‘stlari: «Nima uchun bunday qildingiz?» deb so‘rashdi. Gandi javob berib, dedi: «Kavushni topib olgan faqir kishi, uning har ikkala poyini topishini va ulardan foydalanishini xohladim. Chunki bir poy kavush unga foyda bermaydi. Men ham bir poy kavushdan foydalana olmayman».

Hozir falsafaning vaqti emasdir. Biroq odamlar tezkor qaror qabul qilish va zarurat asli nima ekanini tushunib olishga har qachongidan ko‘ra ko‘proq muhtoj.

Avvalo, zaruratni chamalab olaylik

Katta ehtimol bilan ko‘pchiligimizni uydan ko‘chaga olib chiqayotgan kuch – oziq-ovqatga ehtiyoj. Uyda o‘tirib ijtimoiy tarmoqlarni kuzatyapmiz. «Kartoshka vasvasasi» aks etgan tasvirlar aylanyapti. Bozorlar, oziq-ovqat do‘konlari ishlaydi deyilganiga qaramay, o‘z jonini xatarga qo‘yib (buni anglamasdan) odamlar orasiga ko‘r-ko‘rona yopirilayotganlar bor. To‘g‘ri, hech kim og‘zini tikib o‘tirolmaydi. Biroq jamoat joylarida masofa saqlash, niqob taqish, qo‘l berib ko‘rishmaslik kabi tez-tez uqtirilayotgan va mutaxassislar qayta-qaytalab tavsiya qilayotgan qoidalar ikkinchi planda qolib ketyapti. Xuddiki virus uni chetlab o‘tadi-yu, yuqmaydi. Umuman, har kim o‘z oilasida oziq-ovqatga ehtiyojni juda yaxshi biladi. Faqat ularni zarurat nuqtai nazaridan qayta chamalab chiqaylik. Ikki kilo emas, bir kilo, ikki litr emas, bir litr... Yoki nimalardandir voz kechib turish bilan ham hech kim och qolmaydi.

Karantin qoidalari – eng katta zarurat

Uydan chiqdik ham deylik. Avvalo, karantin qoidalariga beparvo qaramaylik. Kichkina loqaydlik tufayli ham kasallanganlar soni oshib boryapti: bugun va erta orasida raqamlarda ulkan «sakrash»lar bor. Misol uchun, Nyu-Yorkda koronavirusdan 17 daqiqada 1 kishi vafot etmoqda. Tokioda bir sutkada 68 kishi koronavirusga chalingan...

Aholiga «o‘zi va boshqalar taqdiri bilan o‘ynashmaslik»ni tushuntirish uchun ham dunyo intizomni kuchaytiryapti. Fransiya karantin jarimalarini 200 yevrogacha oshirishga ahd qilgan. Malayziyada bir hafta ichida mingdan ortiq kishi karantin qoidalarini buzganlik uchun qo‘lga olingan. Singapurda karantinni buzgan shaxs hatto fuqarolikdan ayrildi...

Bizda ham choralar kuchaytirilyapti. Shunga qaramay, karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan bugungiga qadar respublika bo‘yicha ularga amal qilmaslik bilan bog‘liq 7 mingdan ziyod holat aniqlangan. Birgina Toshkent shahrining o‘zida bu holat mingdan ziyodni tashkil qiladi. Bu sonlarni kamaytirish, bartaraf etish uchun ham birinchi navbatda zaruratni belgilab olishimiz shart. Kerak-nokerakni ro‘kachlab hadeganda uydan tashqarilash vaziyatni chigallashtiradi, xolos.

Bugun sport kiyimida bamaylixotir yugurish – zarurat emas.

Oilaviy sayr qilish – zarurat emas.

To‘y-tantana, yig‘in, bazm – zarurat emas.

Zarurat – niqob taqish, zarurat – qo‘l berib ko‘rishmaslik, zarurat – odamlar bilan masofa saqlash, zarurat – karantin qoidalariga butkul rioya etish... Va zarurat bo‘lmasa uyda qolish – mana shu eng katta zaruratdir.

P.S.: Yuqorida Mahatma Gandi tutgan oqilona yo‘l bilan bog‘lab kichik holatni misol keltirdik. Aslida, bugun ayni vaziyatda har birimiz – yurayotgan poyezd ortidan unga chiqib qolishga urinayotgan yo‘lovchilarmiz. Endi tarmashdim deganda nogoh bir poy kavushimiz tushib qoldi. Nima qilgan bo‘lardik? Faqat zarurat nuqtai nazaridan ayting!

Akmal Jumamurodov,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring