Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xususiy maktablarda ham muammolar bor

Xususiy maktablarda ham muammolar bor

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 11-iyul kuni Xalq ta’limi vazirligida xususiy maktablarning mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Tadbirda xususiy maktablarni rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilingan. Xususan, dividendlar olish imkoniyati yo‘qligi, soliq imtiyozlari mavjud emasligi, o‘quv korpuslari va binolarni ijaraga olish, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar sabab xususiy maktablar maktab bitiruvchilariga attectat bera olmasligi kabi muammoli holatlarga to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, o‘qituvchilarning malaka oshirish institutlarida malaka oshirishi masalasi muhokama qilingan.

Uchrashuvda xalq ta’limi vaziri nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirishda, jumladan, davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Xususan, mavjud quvvatidan o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablarda davlat-xususiy hamkorligini yo‘lga qo‘yib, xususiy investorlar tomonidan maktabda mavjud o‘quvchilarga bepul ta’lim berish javobgarligini olishi kabi xorijiy davlatlarda mavjud tajribani qayd etildi. Shundagina, xususiy investor bino quvvatidan yanada samarali foydalanish uchun investitsiya kirita oladi, mazkur mikrohududdagi o‘quvchilar, ayniqsa kam ta’minlangan oila farzandlari avval imkoniyatlari yetmagan sifatli ta’limni ortiqcha xarajatlarsiz olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Vazir bunday yondashuv budjet mablag‘larining bir qismini ozod qilib, ularni boshqa davlat ta’lim muassasalarini, shu jumladan, chekka tumanlardagi maktablar va maktab filiallarini takomillashtirishga yo‘naltirish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda shuningdek, malaka oshirish markazlarini davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Taraflar bugungi kunda o‘quv-metodik jarayonini rivojlantirish, davlat ta’lim standartlari, darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni yaratishdagi bo‘shliqlarni alohida qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi bilan xususiy maktablar vakillari o‘rtasida yuqorida aytib o‘tilgan muammolarni hal etishda va xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tayyorlanayotgan qaror loyihalariga takliflar kiritishda yaqin hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring