Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yakuniy benefitsiar»chi? —  Antikorrupsiya loyihalari keskin muhokama bo‘lmoqda

«Yakuniy benefitsiar»chi? —  Antikorrupsiya loyihalari keskin muhokama bo‘lmoqda

Kuni kecha «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni va «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihalari regulation.gov.uz — normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga muhokamaga qo‘yildi.

Bir kun davomida Prezident qaroriga 50 ga yaqin, farmoniga esa 100 ga yaqin fuqaro o‘z takliflarini bildirishdi. Bildirilayotgan takliflardan shuni anglash mumkinki, xalqimiz ham korrupsiya balosidan «charchagan».

150 nafarga yaqin fuqaro orasidan aksariyati poraxo‘rlikdan aziyat chekkan tadbirkorlar ekanligini bilish mumkin. Ulardan hozircha 80 foizi hujjatlarning «Korrupsioner reyestri» va «Deklaratsiyalash» bandlariga ko‘proq o‘z taklif-mulohazalarini bildirishgan.

D.N., tadbirkor: «Deklaratsiyaga nega endi 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda orttirilgan mol-mulkni kelib chiqish manbasi ko‘rsatilishi shart emas. Bu, o‘z navbatida, o‘sha davrgacha hamma orttirilgan noqonuniy (ehtimol) mol-mulkni deklaratsiya qilish shart emas va shu sababli bular uchun hech qanday javobgarlik yo‘q, deganimi? Bu hujjatda korrupsiyaga murosasiz kurash deyilayapti, rost murosasiz kurashmoqchi ekanmiz, biror bir davrni belgilab berishning o‘zi xatolik.»

Sh.X.: «Qaror loyihasining 3-4 moddalari umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Hokimiyat, davlat organlari, tashkilotlari korrupsiyaga karshi ichki nazorat tuzilmalariga tayinlanayotgan xodimlarni ishga qabul qilish va ozod etish masalasi (xodimlarga bosim o‘tkazilmasligi uchun) korrupsiyaga qarshi Agentlik shtat birligidan Adliya vazirligi bilan kelishgan holda, ular vakolatida bo‘lishi lozim.

7-moddada korrupsiya xavflarini baholash elektron tizimi jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanishi ko‘rsatilishi lozim.»

T.S.: «Davlatimizda boylik to‘plashga, ya’ni 1% boy, 99% kambag‘al bo‘lib yurishigayam qarshi kurashinglar. Boylik uchun soliq kiritinglar, qavat-qavat uchastka, 10talab mashina, kvartiralarni yig‘ishni to‘xtatinglar, oddiy fuqaro bitta o‘rtacha mashina olishi uchun yillab pul yig‘ib soliq to‘laydi, ayrim "tadbirkor" va "mansabdorlar" belgilangan arzimas 12% soliqni to‘lab shuncha boylik yig‘adi, ha yana "super yulduzlar"chi qachon soliq to‘lab dabdabani reklama qilishdan to‘xtashadi. Yana odamlarni ishlatib "klaster"ga aylangan, anchagina katta mablag‘ni qanaqa qilib olgani noma’lum «tadbirkorlar» xalqni ishlatib 1-1.5 mln oylik berishiniyam ko‘rib chiqish kerak. Ishchilar yaxshi oylikka ishlamasa iqtisod rivojlanmaydi.»

A.Z., tadbirkor: «Hujjatdagi «ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari» degan band mavhum bo‘lib qolyapti. Voyaga yetgan farzandlari topshirmaydimi? Unda korrupsiyadan orttirgan boyligini ayni voyaga yetgan farzandiga rasmiylashtirib qo‘yadi. Shu yerda bo‘shliq bor...

J.M.,tadbirkor: «Reyestrga eski korrupsionerlarni ham kiritish shart. Faqat yangilarini emas».

B.O.,tadbirkor: «Ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini»... Ularning voyaga yetgan farzandlarichi? Ularning akasi, ukasi, ota-onasi-chi? Qaysi o‘g‘ri poraxo‘r, pora hisobiga qo‘lga kiritgan mulkni o‘zini nomiga rasmiylashtiradi. Buni hatto maktab bolasi ham yaxshi biladiku. Ochiqchasiga, uyalmasdan qonunda lazeyka qoldirishdan boshqa narsa emas bu. Xalqni shu darajada axmoq deb o‘ylayapsizlarmi? Qonunda nazarda tutilgan qarindoshlar doirasi kengaytirilishi shart. Unga nafaqat turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari, balki hamma yaqin qarindoshlari — ota-ona, aka-uka, opa-singildan tortib qaynona-qaynota, amma-xolalarigacha kiritilishi shart.»

I.X., jurnalist: «Korrupsiyaga qarshi kurashishning jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xizmatchilarning va mansabdor shaxslarning va ularning oila a’zolarining nafaqat daromadlarini, balki xarajatlarini ham nazorat qilish shart, chunki daromadi 10 mln. so‘m bo‘lgan kishi chet eldan villa sotib olomaydi».

S.Z., tadbirkor: «Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan va (yoki) qonuniy talablarini bajarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish. Bu bandda (25-band) ma’muriyni jinoiyga almashatirish kerak.»

J.F., tadbirkor: «Mol-mulkni deklaratsiya qilishda uning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti loyihada taklif etilayotganidek, 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etilishi kulguli. O‘margan, o‘mardi, ulgurgan, ulgurdi, prinsipimi bu. Kamida 2019 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka tadbiq etilishi lozim.

I.A., mustaqil izlanuvchi: «Farmonning 4-bandida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilanmoqda. Farmon mazkur bandiga mansabdor shaxslarning aka-ukalari, opa-singillari, qaynota-qaynonalarning va hatto kelinlar, kuyovlar va ularning ota-onalarigacha daromadlari va mol-mulklari majburiy deklaratsiyalanishini kiritish kerak. Bundan tashqari, ushbu band bilan mol-mulkni deklaratsiya qilishda uning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu band kamida 2017 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka tadbiq etilishi lozim.»

D.S., tadbirkor: «Farmon va ko‘zda tutilgan korrupsiyaga qarshi kurash qonunchiligi doirasida «yakuniy benefitsiar» tushunchasi va uni aniqlash mexanizmlarini belgilash lozim.

Ko‘rib turibsiz, hokimiyat bilan chatishib ketgan oligarxlar hech qachon o‘z yirik aktivlarini hatto yaqin qarindoshlari nomiga ham rasmiylashtirishmaydi. Buning uchun shotirlar, yugurdaklar va ofshorda faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘r sub’yektlar pautinasi mavjud.

Eslang, Gulnora Karimova yoki uning farzandlaridan qaysi birining nomida mulk yoki aktivlar mavjud edi...

Shuning uchun Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga korrupsion bitimlar va sxemalar borasida jinoiy sub’yektlarning yakuniy benefitsiarini motivatsiyalangan dalillash asosida e’lon qilish va bu bo‘yicha sudga da’vo kiritish huquqi berilishi kerak.

Masalan, aytaylik shartli yashil bog‘ni buzib uch barobar qimmat narxda ob’yekt qurayotganlarning yakuniy benefitsiari kimligini hamma biladi.

Lekin hammasi go‘yoki uchinchi shaxslar va "xorijiy investorlar" nomi ostida. Shu paytda Agentlikning motivatsiyalangan dalillashi maydonga chiqishi kerak va uch barobar qimmat narxda Betonsiti yoki Betonko‘prikni qurayotgan odam Falonchi deya e’lon qilishga haqli bo‘lishi, tabiiyki unga qarshi mahkama ochishga vakolatli bo‘lishi lozim.»

S.A.,tadbirkor: «Deklaratsiyani barcha yaqin qarindoshlari to‘ldirishi kerak».

B.D., davlat xizmatchisi: «Qarindosh bo‘lmasdan, lekin korrupsion aloqaga egaligi jamoatchilik tomonidan isbotlanadigan shaxslarga mansabdorning bog‘liqligi uning javobgarlikka tortilishiga asos bo‘lishi kerak. Qarindoshlik jamoasi atayin kamaytirilgandek. Har qanday kichik detal javobgarlikka olib keladigan qonun bo‘lmas ekan, korrupsiyaga atay yon berganlik bo‘lib qolaveradi. Jazo choralari ham o‘ta kuchaytirilishi lozim. Xitoyniki kabi o‘lim jazosini so‘ramayapmiz, shunga yaqin korrupsiyaga aralashsa, hayot-mamot kabi ilojsiz qolishini bilishi shart.»

M.M.,tadbirkor: «Biron bir o‘g‘ri chinovnik noqonuniy daromadlari va aktivlarini o‘zi yoki xotini yo voyaga yetmagan bolasiga rasmiylashtirmaydi. Saroylarda yashayotgan chinovniklarga va milliardlik aktivlar egalariga qarang — aka-ukalar, opa-singillar, qaynota-qaynonalarning va hatto kelinlar, ba’zida esa kuyovlarning uzun ro‘yxati paydo bo‘ladi.

Va eng asosiy nuqta ham atayin emasdir, balki bilmayin tushirib qoldirilgan. Chinovniklar va ularning qarindoshlarining nafaqat daromad va aktivlari, balki barcha yirik xarajatlari ham nazorat qilinishi kerak. Yirik xarajatlar o‘laroq bazaviy miqdorning 100 barobaridan ortiq har qanday xarajat tushunilishi zarur. Chinovnik va uning qarindoshi shu qiymatdan yuqori summaga mebel oladimi, mashina yo uymi yoki aksiyami hammasi qayd etilishi, deklaratsiyaga tushishi kerak.»

D.X., dasturchi: «Nimaga faqat qonun kuchga kirgandan keyingi holatlar nazarda tutilgan. Ilgari korrupsiya sodir etgan fuqarolarchi? Ularning yaqin, uzoq qarindoshlariyu, qaynona-qaynotasi, nevaralari ularni kim hisobga oladi. Yirik xarajatlarichi? Oxirgi benefitsiarlarichi, ularni aniqlash mexanizmichi? Qonun nega shu paytgacha cho‘zildi.»

Yuqorida ayrim hamyurtlarimizning fikr-mulohazalari keltirib o‘tildi. Siz ham o‘z takliflaringiz bilan korrupsiyaga qarshi kurashing. Jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok eting:

Prezident Farmoni loyihasi

Prezident Qarori loyihasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring