Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi qaror loyihasi: Bolalarni maktabga qabul qilishda davlat xizmatlari qanday ko‘rsatiladi?

Yangi qaror loyihasi: Bolalarni maktabga qabul qilishda davlat xizmatlari qanday ko‘rsatiladi?

Foto: «Xabar.uz»

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5538-son Farmonida Davlat xizmatlari agentligiga 2019-yil 1-yanvarga qadar Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Ishlab chiqilgan ma’muriy reglament loyihasiga asosan fuqarolar mazkur davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalanishlari mumkin.

O‘zi kelgan holda murojaat qilingan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda esa ariza beruvchi davlat xizmatlari olish uchun so‘rovnomani elektron tarzda mustaqil ravishda, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan ma’lumotdan foydalangan holda belgilangan shakl bo‘yicha to‘ldiradi. Bolani qarindoshlari tomonidan umumta’lim muassasasiga yo‘llanma olish faqat bolaning ota-onasi tomonidan belgilangan tartibda berilgan ishonchnoma asosida amalga oshiriladi.

O‘zi kelgan holda murojaat qilingan taqdirda Davlat xizmatlari markazlari so‘rovnoma to‘ldirilgan vaqtdan boshlab bir soat mobaynida uni tegishli umumta’lim muassasasiga yuboradi.

YaIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda so‘rovnoma avtomatik ravishda umumta’lim muassasasiga yuboriladi.

Umumta’lim muassasasi manzil-ma’lumot byurolaridan tegishli ma’lumotlarni olgandan so‘ng bir ish kuni mobaynida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan yo‘llanmani yoki asoslantirilgan rad javobini rasmiylashtiradi hamda Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelgan holda murojaat qilinganda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat qilinganda) YaIDXP orqali elektron tarzda yuboradi.

Ushbu qarorga asosan dastlab bolalarni umumta’lim muassasalariga qabul qilish Toshkent shahridagi 81 ta maktabda joriy etiladi. Keyinchalik ushbu tizimni O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy etish ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasining to‘liq matni bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida tanishishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring