Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qonun bilan yangi medal ta’sis etildi

Yangi qonun bilan yangi medal ta’sis etildi

«Kelajak bunyodkori» medali

Foto: «Xalq so‘zi onlayn»

«Kelajak bunyodkori» medalini ta’sis etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 15 noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2017 yil 20 dekabrda ma’qullangan. Kecha, 28 dekabr kuni Prezident tomonidan imzolandi.

«Kelajak bunyodkori» medali tavsifi

«Kelajak bunyodkori» medali dastlab 0,5 mikron qalinlikdagi nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi.

Medalning qalinligi — 2,2 millimetr.

Medalning old tomonida, markazda, oq fonda zamonaviy fan-texnika taraqqiyoti timsoli bo‘lgan «tinchlik atomining» ramziy tasviri, ko‘k rangdagi Yer shari, uning meridianlari va parallellari, O‘zbekiston Respublikasining xaritasi, shuningdek tayanch ramzi bo‘lgan ikki kaft tasviri joylashgan.

Medalning yuqori qismida aylana bo‘ylab yashil rangli lentaga «KELAJAK BUNYODKORI» degan so‘zlar yozilgan. Yozuv zarhal rangda bo‘lib, harflarning balandligi 2 millimetrni tashkil etadi.

Medalning pastki qismida aylana bo‘ylab ikkita zaytun novdasi joylashgan, ularning tutashgan markazida yarimoy va yulduzni o‘z ichiga olgan, chetlari zarhal hoshiya bilan o‘ralgan ko‘k rangli musamman tasvirlangan. Musammanning chap va o‘ng tomonlarida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ranglaridagi lentalar tasviri aks ettirilgan.

Medalning orqa tomonida diametri 21 millimetr bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan bo‘lib, uning pastki qismida medal raqami 3,5 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.

Medalning old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o‘ralgan.

Medal shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadag‘ichga ilmoqcha va halqacha yordamida tutashtirilgan.

Shoyi lentaning o‘rtasidan eni 7 millimetrli oq rangli yo‘l, uning ikki chetidan esa to‘q ko‘k rangli ensiz chiziqlar bilan hoshiyalangan, eni 2 millimetrli ikkita sariq rangli yo‘l o‘tgan. Shoyi lentaning chekka qismlari bo‘ylab eni 4 millimetr bo‘lgan ko‘k rangli yo‘l o‘tgan.

Qadag‘ichning bo‘yi — 48 millimetr, eni — 46 millimetr.

Qadag‘ichning orqa tomoniga medalni kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.

Kimlarga beriladi?

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 28 dekabrdagi O‘RQ–451-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan «Kelajak bunyodkori» medali to‘g‘risidagi nizomga asosan:

1. «Kelajak bunyodkori» medali bilan vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, xalq manfaatlari uchun sadoqat bilan xizmat qilayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, shuningdek o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.

«Kelajak bunyodkori» medali bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

2. «Kelajak bunyodkori» medali bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Mukofotlash to‘g‘risidagi farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

3. «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash, shuningdek uni topshirish «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

4. «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi va qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.

5. «Kelajak bunyodkori» medali ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

6. «Kelajak bunyodkori» medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat va bir yo‘la beriladigan pul mukofoti mukofotlangan shaxsning oilasiga topshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring