Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi tibbiyot markaziga rahbar tayinlandi

Yangi tibbiyot markaziga rahbar tayinlandi

Shu kungacha yurtimizda nevrologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash va profilaktika tadbirlarini tashkillashtirish, bu yo‘nalishda ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan yagona markazlashgan tizim mavjud emas edi.  Bu esa nevrologik kasalliklar ko‘rsatkichi tobora  o‘sib borishiga ham sabab bo‘layotgandi.

Shu bois aholiga nevrologik yordam ko‘rsatish xizmatlarini takomillashtirish hamda ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish turlarini kengaytirish maqsadida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-avgust kuni «Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatish xizmatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur huquqiy hujjatga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil qilindi. Endilikda markaz nevrologik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning yagona vertikal tizimini yaratish, davlat tibbiyot tashkilotlarining nevrologiya bo‘limlarini tashkiliy-uslubiy boshqarish, eksperimental va klinik nevrologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida  kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlarni va nevrologik kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlashga doir izlanishlar bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, hujayra va gen terapiyasiga doir innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, skrining tadqiqotlarini tatbiq qilish hamda  insult, epilepsiya va boshqa keng tarqalgan nevrologik kasalliklar qayd etilgan bemorlarni ro‘yxatga olish, nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasida ishlovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha mutaxassislari uchun seminar-treninglar, mahorat darslarini o‘tkazish va bunda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan holda faoliyat yuritadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, kuni kecha yangi tashkil etilgan mazkur tibbiyot markaziga Abdufarrux Karimov direktor etib tayinlangan.

42 yoshli tibbiyot fanlari nomzodi A.Karimov uzoq yillar davomida Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlarining qator nufuzli davolash muassasalari va klinikalarida neyroxirurg sifatida faoliyat ko‘rsatish bilan birga, malaka oshirib, ilmiy izlanishlar olib borgan. Rus va ingliz tillarini mukammal o‘zlashtirgan.

Ma’lumot uchun A.Karimov bunga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring