Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor bo‘ladimi?

Yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor bo‘ladimi?

Foto: «pdd-razbor.ru»

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida yana bir murojaat 10 mingtadan ko‘proq ovoz yig‘di.

Jamoaviy murojaatda «avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish» taklif etilgandi.

«Mashinasi bor odamlar yaxshi biladi. Bizda shunday tartib belgilanganki, oila a’zolari, yaqin qarindoshlar bir-birining mashinasidan maxsus ishonchnomasiz foydalana olmaydi. Soddaroq aytsak, bitta uyda, hovlida yashasak ham men otamning, otam mening nomimga rasmiylashtirilgan avtotransportdan foydalanishi uchun ancha vaqt va pul sarflab ishonchnoma olishimiz shart. Aka-ukalar, opa-singillar bilan ham xuddi shunday ahvol. Bu ham oilaviy budjetga zarar, ham hujjat tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflaysiz. Begona odamlarga ishonchnoma berishni tushunish mumkindir, lekin ota-ona bolasi, aka-uka, opa-singil bir-biriga ishonchnoma berishi, ochig‘ini aytsak qadriyatlarimizga ham, mentalitetimizga ham to‘g‘ri kelmaydi», deyiladi jamoaviy murojaatda.

Murojaat muallifi «avtotransport vositalaridan foydalanishda yaqin qarindoshlarning bir-biriga ishonchnoma berish tartibini bekor qilish kerak. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi, oilaviy budjetga ham yordam bo‘ladi. Ham ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi», deb taklif bergandi.

Bu taklif kerakli ovozni to‘play oldi. Endi mazkur murojaat 60 kun ichida Oliy Majlisning palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring