Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yerrodan Ronaldugacha — «Real Madrid» «afsonalar»dan ustun

Yerrodan Ronaldugacha — «Real Madrid» «afsonalar»dan ustun

«Real Madrid» — FIFA tomonidan XX asrning rasman «Eng yaxshi jamoasi» deb e’tirof etilgan. Bu jamoani eslaganimizda dunyoning super yulduzlari yodimizga kelaveradi.

«Real Madrid» tarkibida yaqin tarixda Luis Figu, Zinedin Zidan, Ronaldo, Devid Bekxem, Maykl Ouen, Serxio Ramos, Fernando Yerro, Raul, Guti, Roberto Karlos, Michel Salgado, Nikolas Anelka, Iker Kasilyas, Krishtianu Ronaldu va shu kabi nomdor o‘yinchilar to‘p surgan.

Ular shu jamoaning nomini yuksaltirgan desak, adashmaymiz. Har qanday ibtido intihoga zamin tayyorlagandek, «Real»ga kelgan yulduzlar baribir bir kun kelib jamoani tark etishgan. Ko‘plab muxlislar «Real Madrid»ni o‘z afsonalari bilan munosib xayrlashmaslikda ayblashadi, ba’zilar esa shu sababli ham qirollik klubini yoqtirmaydilar. U kim bo‘lishidan qat’i nazar, «Real» har qanday futboldagi shaxsdan ustun. Quyida biz «qaymoqranglilar»ning afsonalari haqda gaplashamiz.

10. Fernando Yerro

Fernando Yerro «qaymoqranglilar» bilan 500 dan ortiq rasmiy o‘yinlarda maydonga tushgan. Shu bilan birga, to‘rtta jahon chempionati va ikkita Yevropa chempionatida qatnashgan. Realda markaziy himoyachilar azaldan afsonaga aylanib kelishgan.

9. Pushkash

«Real Madrid»ning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan Pushkash 1958-1966 yillarda klub tarkibida 262 o‘yinda 242 gol urgan. Venger futboli afsonasi Madriddagi chiroyli gollari bilan esda qolgan. Eng chiroyli gollarga «Pushkash» sovrini berilishi uning qanday afsona ekanligi haqida fikrimizni shakllantiradi.

8. Roberto Karlos

Madridliklar safidagi 11 mavsum davomida u barcha musobaqalarda 584 uchrashuvda maydonga tushib, 71 gol urgan. Dunyodagi eng kuchli qanot himoyachisi hisoblangan Roberto tepgan to‘p 170 km/soat tezlikda uchar, o‘zi esa raqib hujumchilari uchun esa haqiqiy g‘ov edi.

7.Ronaldo

Jahon chempionatida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Ronaldoni «Real» qariyb 40 million yevroga sotib oladi va u birinchi mavsumdayoq ajoyib o‘yin ko‘rsata boshlaydi. «So‘yloqtish» Ronaldo ajoyib soch turmagi, shiddatli hujumlari bilan «blankos» tarixida munosib o‘rinni egalladi. «Real Madrid»ga italiyalik murabbiy Fabio Kapello kelganidan so‘ng Ronaldo jamoadan o‘z xohishi bilan ketishga qaror qildi.

6.Raul

Raul «Real»ga 1992 yilda «Atletiko»ning yoshlar jamoasidan kelib qo‘shilgan. Xorxe Valdano unga 18 yoshdagi asosiy tarkibda debyutini amalga oshirish imkoniyatini berdi. Raul shu kundan boshlab afsonaga aylandi. U «qaymoqranglilar»da XXI asrning birinchi dekadasidagi eng yaxshi sardori bo‘ldi. Jamoaning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Raul «Real»ning eng yaxshi hujumchisi bo‘lib qolishi ham mumkin edi, ammo ro‘yxatdagi bir futbolchi bunga monelik qiladi… Raul Madriddan munosib xayrlashuv sovg‘asini ola olmagan.

5.Iker Kasilyas

Kasilyasni «Real Madrid» rasmiy sayti uni «tariximizdagi eng yaxshi darvozabon» deb ataydi. Jahon futboli tarixidagi eng kuchli darvozabonlardan hisoblangan Iker jamoadagi eng ko‘zga ko‘ringan afsonalaridan hisoblanadi. U 16 mavsumda 725 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 19 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Jami 439 ta o‘yinda biror hujumchi Ikerning darvzasiga yo‘l topa olmadi. U 2015 yilda Madriddan ko‘z yoshlar bilan, afsonalarga munosib bo‘lmagan holatda ketdi. «Real» har qanday shaxsdan ustun. Hatto Kasilyasdan ham.

4.Serxio Ramos

2005 yilda «Seviliya»dan 19 yoshli himoyachi sotib olindi. U Ramos edi. Zamonaviy «Real» tarixidagi «El Kapitano»si so‘nggi daqiqalargacha kurashuvchi, jamoa uchun butun hayotini bag‘ishlagani bilan klub tarixida qoldi. Nafaqat himoyada, balki hujumda ham raqiblarni ranjitadigan afsona joriy yilda ko‘z yoshlar bilan «Real»ni tark etdi.

3.Zidan

Bu nom nafaqat futbolchi sifatida, nainki murabbiy sifatida ham afsonaga aylanib ulgurdi. Tushunarsiz shaxsiyat egasining «Real» tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lgani uning eng yaxshi murabbiy bo‘lishiga to‘sqinlik qila olmadi. Zamonaviy futbolda murakkab ishlanmalari bilan Yevropa Chempionlar ligasini 3 marta ketma-ket yutdi. U 2018 yilda to‘satdan «Real»dan ketdi, so‘ng yana qaytdi. 2021 yilda esa yana jamoa bilan xayrlashdi. Zidan o‘zining obro‘sini saqlashni yaxshi biladi. U keta olishi bilan ham afsona.

2.Krishtianu Ronaldu

Bu futbolchi ehtimol ro‘yxatimizning avvaliga munosib. Ronaldu faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida eng ko‘p gol urgan, eng ko‘p rekord qo‘ygan futbolchi bo‘lsa ajabmas. O‘zining mag‘rurligi, mehnatkashligi bilan kimlarningdir mehriga, kimlarningdir g‘ashiga tekkan. Madrid jamoasining eng yaxshi to‘purari 438 o‘yinda 450 gol, 131 ta assistni amalga oshirgan. Uning sermahsulligi o‘yinlari sonidan ko‘proq. Ronaldu buyuk futbolchi, u «Real»ning haqiqiy afsonasi. 2018 yil «Real»ni shunchaki tark etgach, ko‘p muxlislar qirollik klubidan yuz ugirib, «Yuventus»ga muxlislik qila boshlashdi. Ronalduning eng yorqin damlarini «Real Madrid» bilan birga eslanadi, «Real»ning eng yorqin damlari esa faqat Ronaldu bilan emas.

Bu ro‘yxatimizda birinchi o‘rinni hech kimga bermaslikka qaror qildik. «Real Madrid» har qachon eng yaxshi futbolchilarni yig‘a olgan. Kelajakda ham «blankos»da afsonalar paydo bo‘ladi.

Bugun jamoadan ketayotgan, shartnomasini uzaytirmayotgan, moliyaviy tomondan kelisha olmayotgan futbolchilarni ham, «Real Madrid»ni ham to‘g‘ri tushunamiz. Florentino Peres aytganidek: «Real Madrid»da eng yaxshi o‘yinchilar o‘ynashadi.

«Real Madrid» 34 marta La Liga chempionligiga, 19 marta «Kopa del Rey» kubogiga, 9 ta Ispaniyaning superkubogiga, 13 ta UYeFA Chempionlar Ligasi chempionligiga, 2 ta UYeFA kubogiga, 2 ta UYeFA superkubogi, 3 ta Xalqaro Chempionlar Kubogi va 3 ta Qit’alararo kuboklariga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring