Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yig‘laging keladi: «Kitob olami» chang bosib yotibdi...

Yig‘laging keladi: «Kitob olami» chang bosib yotibdi...

Foto: «Xabar.uz»

Do‘stimning tug‘ilgan kuni edi deng. Diydor uchun zo‘r bahona. Quruq qo‘l bilan borilmaydi, albatta. Eng yaxshi sovg‘a — kitob!  Shu niyatda Hazoraspdagi savdo markazlariga yo‘l soldim.

Tuman Yoshlar markazi ro‘parasidagi ikki qavatli bino tepasiga otning qashqasidek  yozuv ilingan: «Kitoblar olami»!

Foto: «Xabar.uz»

Binoning asosiy qismini turli pishiriqlar yoki aviachipta sotuvchi firma va o‘quv markazi band etgan ekan... Ichkariroqda turli anjomlar sochilib yotibdi. Boz kitob do‘koni eshigiga qulf urilgan, faqat oynavand devoridan javonlarning deyarli bo‘m-bo‘shligini, faqatgina bir necha kitobning chang bosib yotganini ko‘rish mumkin.

Shu yerdagilardan «Kitob do‘koni qayergadir ko‘chganmi?» deb so‘radim. Ular hech nima bilmasligini aytishdi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildim. U yerda o‘quv markazi yoshlarga chet tilini zavq bilan o‘rgatayotgan ekan.

Xullas, Hazoraspni aylanib-aylanib arzirli kitob do‘konini topolmadim. Markaziy buyum bozori shimolidagi do‘konlarning biriga ham «Kitoblar» degan yozuv osig‘liq. Biroq u ham qulf, derazasidan ichkari bo‘m-bo‘shligi ko‘rinib turibdi.

Foto: «Xabar.uz»

Tuman markazidagi Oybek nomli mahallada joylashgan chog‘roqqina do‘konda esa kitoblar nomigagina  qo‘yilgan ekan. O‘zini tanishtirishni istamagan xodimlardan biri kitob savdosidan ko‘ngildagiday daromad ko‘rib bo‘lmasligini, shu sababdan pishiriqlar sotishayotganini ta’kidlaydi...

To‘g‘ri, kitob savdosi bilan shug‘ullanish oson emas. Chunki kitob sotuvchi zimmasida reklama va targ‘ibot ishlari kabi zalvorli vazifa ham mavjud. U yangi adabiyotlarni tanishtirish maqsadida joylarda tadbirlar o‘tkazmasa, kitobxonlik mohiyatini odamlarga tushuntirib, qiziqtirib bormasa, albatta bozori kasodga uchraydi. Bu borada kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun tegishli muassasa va tashkilotlar bilan izchil hamkorlik olib borish talab qilinadi.

Kamiga, bu yildan boshlab kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning mushkuli battar ortdi: endi ular ham qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘laydi...

Biroq bundan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash borasida joylarda qanday ishlar amalga oshirilyapti? Nazarimda, Hazorasp tumanida  bu boradagi ishlar mashhur sirk ustalarining ko‘zni shamg‘alat qilish usuliga o‘xshab qolayotgandek, go‘yo.

Ma’lumki, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga soliq to‘lovlari bo‘yicha katta imtiyozlar mavjud. Bundan foylanib qolish niyatida ayrim tadbirkorlar kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi sub’yekt sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishadiyu, bu yog‘iga o‘zi xohlagan xaridorgir mahsulotlarni sotish bilan ovora bo‘lishadi. Ularni tushunish mumkin. Biroq kitobxonlik-chi?

Binolar peshtoqiga «Kitoblar olami» degan katta yozuvni ilib qo‘yish bilan kitobxonlar ko‘payib qolmaydi...

Erpo‘lat BAXT

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring