Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yodgorovga farqi yo‘q – «yopiq qo‘rg‘on» ochilmoqda

Yodgorovga farqi yo‘q – «yopiq qo‘rg‘on» ochilmoqda

Foto: Xabar.uz

1

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga tadorik ancha avval boshlangani rost. Chunki, kun tartibida besh yil (va undan ortiq) ishlab, vakolati nihoyasiga yetgan 19 nafar sudyani keyingi muddatga tayinlash masalasi qo‘yilgan, bunday ishlar ma’lum tayyorgarlik talab etadi. Biroq bu galgi yig‘ilishning avvalgilaridan farqi shundaki, unga ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari taklif qilindi. Shu tariqa jurnalistlar navbatdagi muddatga tayinlanish umidida kelgan 19 nafar sudyaning imtihon topishirishi jarayonining (OAV xodimlari uchun maxsus tashkil etilgan xonadagi monitor orqali) bevosita guvohiga aylanishdi.

Ochiqlikmi? Ha. Shaffoflikmi? Bo‘lmasa-chi?!

Shu tariqa g‘oyat nufuzli ekaniga qaramay «yopiq qo‘rg‘on» deya nom olishga ham ulgurgan Sudyalar oliy kengashining ommaviy axborot vositalariga qiya ochiq eshiklari endi lang ochildi hisob.

Buni katta yangilik desa bo‘ladi.

2

Sudyalar oliy kengashi faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri – OChIQLIK ekani qonunda alohida belgilab qo‘yilgan («O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonun, 4-modda). Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalarni tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga ko‘rsatish uchun tavsiya berish asosida sudyalar korpusini shakllantirish esa kengash faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi (6-modda).

Demak, bugun favqulodda hodisa yuz bergani yoki kengashning yangi raisi «o‘zini ko‘rsatish»ga intilgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i, qonun va davr talabi bajarilayotir, xolos. Ikkinchidan, sudyalik – hazilakam lavozim emas. Ayni martabadagi shaxs faoliyati bevosita inson taqdiriga bog‘liq bo‘lib, shuning uchun ham u DAVLAT nomidan hukm yoki qaror chiqaradi. Bunday yuksak va o‘ta mas’uliyatli lavozimga tayinlash ishlarida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmas ekan, ijtimoiy adolatni o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga soya tushaveradi. Zero, har ne vazifa – kadrlarga bog‘liq, shu nuqtai nazardan – suddagi adolat tantanasiga kengashda tamal toshi qo‘yiladi. Bu esa sudyalar korpusini shakllantirishga mas’ul kengash o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga rioya qilishi shart ekanini karrasiga anglatadi...

3

Sudyalar oliy kengashi – nisbatan yangi institut: tashkil etilganiga uch yildan o‘tdi.

Xolmo‘min Yodgorov uning uchinchi rahbari.

Yangi tashkilot – yangi tug‘ilgan chaqaloqqa qiyoslanadi ko‘pincha. Ya’nikim, chaqaloq to mustaqil yurib ketguncha vaqt kerak. Sudyalar oliy kengashiga nisbatan bunday qiyos o‘tmaydi. Bunday organ tug‘iliboq chopib ketishi kerak. Zero, tuman, shahar (sud raislari) va viloyat sudlariga sudya tayinlash vakolati to‘liq Sudyalar oliy kengashiga berilgan (avval barcha darjadagi sudyalar Prezident farmoyishi bilan lavozimiga tayinlab, yana shu tartibda ozod etilar edi).

Kengash tizimni salohiyatli va layoqatli kadrlar bilan to‘ldirishda hali ko‘p riyozat chekishi kerakka o‘xshaydi. Ishonchni oqlay olmay vakolati muddatidan avval tugatilayotganlarni aytmaylik. Tizimda yuzlab (!) sudyalik o‘rinlari hamon munosib egasini kutib turibdi. Ayni paytda 175 ta sudyalik lavozimi vakant (respublika bo‘yicha jami sudyalik shtati 1380 ta): Oliy sudda 5 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 54 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda 34 ta, iqtisodiy sudlarda 55 ta, ma’muriy sudlarda esa 27 ta sudyalik lavozimi bo‘sh turibdi. Faqat harbiy sud sudyalari (jami 10 nafar) to‘la tarkib bilan ishlayapti, xolos. Kadrlar bilan bog‘liq bunday holat sabab ishlayotgan sudyalarga qo‘shimcha yuklamalar tushishi aniq. Bu esa odil sudlovni ta’minlashga to‘sqinliq qiluvchi omillardan biri bo‘layotganiga ta’kid shart emas.

4

E’tiborlisi, yuqoridagi raqamlarni Sudyalar oliy kengashi mutasaddilarining o‘zi ochiqladi. Nima, sudyalikka da’vogarlar kammi? Yo‘q, ularga qo‘yilayotgan talablar qat’iylab bormoqda. Yo‘qsa, ommaviy axborot vositalari orqali bo‘sh sudyalik lavozimlariga tanlov e’lon qilinarmidi?! (buyam avval kuzatilmagan holat). Unda qaysi instansiya sudlarida nechta sudyalik lavozimi vakant ekani, bo‘sh o‘rinlarning hududlar kesimi bo‘yicha ochiq-oydin ma’lumotlar berildiki, da’vogar bormi – marhamat. Kim talabga javob bersa, marhamat – ish tayyor. Aks holda, rizqini boshqa joydan qidirsin.

Xullas, qilinadigan ishlar ko‘p, ko‘p...

5

Bugun o‘tkazilgan ochiq imtihonga kelsak. Kengash qaroriga ko‘ra, 19 nafar da’vogarning 15 nafari yana 10 yil muddatga sudyalik lavozimiga tayinlandi. Xayrli bo‘lsin. To‘rt nafari esa bir oydan keyin yana omadini sinab ko‘rishlari mumkin.

Shuningdek, kengash vakolati doirasida boshqa masalalarni ko‘rib chiqdi. Buning natijasida keyingi muddatga tayinlanish uchun ariza bergan (yuqoridagi 19 nafar nomzoddan tashqari) 4 nafar sudya nomzodi noloyiq deb topilgan bo‘lsa, 1 nafar sudyaning vakolatini muddatidan oldin tugatildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring