Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘l-yo‘lakay... O‘zimizniki, deyishni qachon o‘rganamiz?

Yo‘l-yo‘lakay... O‘zimizniki, deyishni qachon o‘rganamiz?

Foto: «afisha.uz»

Ertalab bog‘cha hovlisiga yetaklashib kirishimiz bilan kichkintoyim qo‘lchalarini qo‘llarimdan bo‘shatib yugurgilab ketdi. Kuzatib turdim. U endigina yeb tugatgan shirinligi qog‘ozini hovli chekkasidagi maxsus chiqindi idishga tashlab yana kelib qo‘llarimdan tutib, shunday dedi: «Oyijon, «Panki»ni yeb, qog‘ozini har joyga otib ketish kelakmas. Uni musl idishga tashlash kerak. Fotima opam aytdi». To‘g‘risi, hali tili to‘liq chiqib ulgurmagan o‘g‘limning bu ishidan ham hayratlandim, ham xursand bo‘ldim. Demak, bolaga boshidan o‘rgat, qulog‘ida qoladi, degani shu bo‘lsa kerak-da...

Biz kattalar bolajonlarni sergaplik, injiqligu erkatoylik borasida ko‘p tergaymiz. Ammo rostso‘zlikni, kerak bo‘lsa, odobni ulardan o‘rganishimiz mumkin. Eng quvonarlisi, bu o‘zimiz bergan tarbiyaning shirin mevasi.

Yoshlik – beboshlik degani emas

Avtobusga o‘n-o‘n besh chog‘li o‘spirin yigit-qizlar qiy-chuv ko‘tarib chiqishdi. Ularning baland ovozda, bir-biriga ilmoqli gaplar bilan muomala qilishi ko‘pchilikni g‘ashini keltirardi. Avtoulov burilishga kelganda, to‘rt-beshtasi bitta o‘rindiqqa bor og‘irligini solib, uning suyanchig‘ini ko‘chirib yuborishdi. Ammo, ular hamon bir-biriga «Ana, ana shu tepalikka chiqmaylik degandim-ku, senlarga» qabilidagi gap-so‘zlar bilan «so‘z o‘yini»ni davom ettirardi. Bir bekat yurib tushib qolishdi. Endi bu o‘rindiqni ta’mirlash kerak...

Yoshlik umrning eng go‘zal fasli. Ming afsuski, ba’zan bu nafis fasl havoiy yengil hayotga mahliyo o‘spirin yigit-qizlarning beboshliklari soyasida qolib ketadi. Bu tarbiyada biz qilgan qaysidir xatolikdan darak. Chunki yoshlik – beboshlik emas.

«Sevgi izhori»li o‘rindiq

Senatga tadbirga borishim kerak. Poytaxtimizning betakror so‘lim ko‘chalari, bir-biridan muhtasham binolarni ortda qoldirib piyoda boryapman. Musiqali favvora yonida yangi qurilgan zamonaviy dizayndagi o‘rindiqlar inson qalbida yoshlikka xos ajib tuyg‘ularni uyg‘otadi. Ammo, kichik yo‘laklar bo‘ylab borakanman ba’zi o‘rindiqlarni tushunarsiz «sevgi izhori», «qo‘lbola» karikaturalar bezab turardi...

Bu holat ayrim yoshlarimizning odob, axloq masalalarida ancha sayoz fikrlashining bir ko‘rinishi emasmikin? Poytaxtimizdagi eng gavjum bu manzilni yurtimizning uzoq shahru qishloqlaridan kelib tomosha qilayotganlar yoki bo‘lmasa bir ko‘rish ishtiyoqidagilar qancha... Aynan yurtimizning bosh maydoniga yaqin bu hududni obod qilish ilinjidagi insonlarning mehnati e’tirofga loyiq. Ammo yoshlarimizning «ijodkor»ligi-chi?

Oq devordagi «qora bitik»

Amir Temur xiyobonidan sayilgoh ko‘chasiga o‘tiladigan yer osti yo‘li. Yo‘lakning marmar devoriga katta-katta harflar bilan qora bo‘yoqda «Falonchi, men seni sevaman!» deya yozilgan «san’at asarini» xodim opalar bittalab tozalashardi. Eng yomoni, bo‘yoq devorga ancha singib ketgan va avvalgi holatiga kelishi amrimahol...

Bayram, tantana, sayohat yoki shunchaki sayr qilishning afzalliklari ko‘p. Lekin bunday kayfiyatda ham me’yorni bilish kerakmikin?! Agar buni ayrim yoshlarimiz bilganda, oq devorga «qora bitik» yozib ketishmagan bo‘lishardi.

Chang solingan yashil bug‘ular

Toshkentdagi «SUM». Hammamiz yaxshi bilamiz. Uning yon-atrofi mehmonxona, turfa xildagi savdo majmualari. Xullas, har jihatdan «elitniy» joy. Uning yonginasidagi xiyobonda sun’iy o‘t qoplamali hayvon haykallari o‘rnatilgan. To‘g‘rirog‘i, shoxdor bug‘ular. Ming afsuski, bu yashil haykallar baxsh etgan zavqqa ulardagi yashil qoplamalarni yulib-yulib chang solingan...

Kimdir zamonaviylikni go‘zallikdan axtarsa, yana kimdir mana shunday buzg‘unchilikda tushunadi. Bu holatni aynan ikkinchi toifadagilarning «tashabbusi» deya ayta olamiz. Xush aytinchi, hayotda tuyg‘ular orasi shunchalar yaqinmi?..   

«Muhr»li eshik

Maktab. Ota-onalar yig‘ilishiga bordim. Yangi o‘quv yili boshlanganiga hali bir oy to‘lmadi. Ammo men o‘tirgan partaga kimdir ruchka bilan bo‘yab yozibdi. Balki u mening qizim yoki o‘g‘lim bo‘lishi ham mumkin. Sinf xonaga kirish eshigida o‘g‘il bolanikiligi aniq oyoq kiyimidan qolgan «muhr»...

Agar hovlimizga bitta g‘isht qo‘yib ta’mirlasak, uning joyidan siljimasligi uchun har on sergak va hushyor hammani ogohlantiramiz. Xona eshigini tepib ochish u yoqda tursin, tutqichini burab yengil itarib och, deya bolalarga tanbeh beramiz. Ammo maktab eshigini-chi? Ta’lim-tarbiya dargohi avloddan avlodga o‘tadigan umumiy va qadrli ekanligini-chi?

Maydoncha nega huvillab qoldi?

Bir-biridan chiroyli va rang-barang bo‘yoqli arg‘umchoqlar. Yayrab-quvnab, shataloq otib vaqtini chog‘ o‘tkazayotgan bolalarning quvonchini aytmaysizmi? Beixtiyor «Arg‘umchoqlar turli-tuman, qay birida uchging kelsa, shunisida uch!», deb yuborging keladi.  

Shirkatdagilar ta’mirlab bergan maydoncha yonidagi shunday o‘y bilan o‘tganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo bugun bolalar maydonchasi huvillab yotibdi. Maydonchada kattalar turnigi, basketbol darvozasi, yana ikki yoqlama arg‘imchoqdan boshqa yaroqlisi yo‘q. Ochig‘i, o‘rindig‘ining taxtasi ko‘chirilgan, hatto tagi bilan qo‘porib tashlangan, umuman yaroqsiz holatga kelib qolgan arg‘imchoqlarni-yu atigi ikki-uch nafar bolakayning maydonchada hafsalasizgina o‘ynayotganini ko‘rib ichim achishdi...

Oramizda arg‘imchoqlar o‘zi juda nozik, salginaga temiri qiyshayib sinib ketadi, deguvchilar ham topiladi, albatta. Ammo, biz – kattalar bolamizning qaysi arg‘imchoqdan foydalanishi mumkinligini farqlay olamiz-ku?! Qolaversa, bolalarni nazoratsiz maydonchada qoldirmaymiz-ku?! Ularning yonida hamisha katta odam bo‘ladi-ku?!

Xulosa o‘rnida

Siz ham yuqorida yo‘l-yo‘lakay guvohi bo‘lib sanaganlarimiz shunchaki, arzimas xato va kamchilik bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo bu arzimagan mayda-chuydalar kattalashib, madaniyat degan tushunchani yemirib madaniyatsizlikka eltuvchi yo‘ldir. Madaniyatsizlikning ko‘rinishlariga vaziyatdan kelib chiqib turlicha ta’rif, tavsif berish mumkin.

Yuqorida duch kelganlarimizni birlashtirib turgan tushuncha – oramizda, ayniqsa, ayrim yoshlarimizda o‘zimniki, bizniki degan qarashning yo‘qligi. Balki shu o‘rinda «Odobni odobsizdan o‘rgan» maqolini ham keltirish joizdir. Unda qachon o‘zimizniki deyishni o‘rganamiz?

Siz ham yo‘l-yo‘lakay duch kelgan holatlarga qanday izoh berasiz?

Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring