Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yonas Astrup: «XMT O‘zbekistonda kuzatilgan so‘nggi o‘zgarishlardan juda ham mamnun»

Yonas Astrup: «XMT O‘zbekistonda kuzatilgan so‘nggi o‘zgarishlardan juda ham mamnun»

Yonas Astrup — Xalqaro mehnat tashkilotining «Uchinchi tomon monitoringi» loyihasi bosh texnik maslahatchisi.

Foto: «Twitter» / Xalqaro press klub

Shu kunlarda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning «Uchinchi tomon monitoringi» loyihasi doirasida ta’lim va sog‘liqni saqlash hodimlari uchun seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Ushbu loyiha XMT, Jahon banki, Yevropa ittifoqi, AQSh hamda Shvetsariya tarafidan moliyalashtirilgan bo‘lib, u 2015-yildan buyon O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinadi.

Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi rahbar-xodimlari malakasini oshirish markaziy institutida bo‘lib o‘tgan bugungi treningni loyiha bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup hamda loyiha mutaxassisi Oksana Lipkanu ochib berar ekan, trening qatnashchilari bo‘lgan respublikamizning barcha viloyatlaridan to‘plangan maktab direktorlari bilan yaqindan muloqot qilishdi. 

Foto: «Xabar.uz»

Ta’lim sohasi vakillaridan oxirgi kunlarda kuzatilgan o‘zgarishlar borasidagi fikrlarini so‘rar ekan, Yonas Astrup «Prezident Shavkat Mirziyoyevning majburiy mehnatga bo‘lgan munosabati siz uchun aniqmi? Hokimlar sizni majburiy mehnatga jalb etishmoqchi bo‘lsa, nima deb javob berasiz?» degan savollarni o‘rtaga tashladi. Ushbu savollarga barcha: «Ha, bizga Prezidentimizning munosabati aniq va tushunarli va bundan buyon hokimlarning har qanday talabini yozma ravishda bo‘lishini talab qilib olamiz» deya bir ovozdan javob berishdi.

Seminar-treningda ishtirokchilardan biri janob Astrupga quyidagi savol bilan murojaat qildi: «Paxta terish tizimi boshqa davlatlarda qanday yo‘lga qo‘yilganligi borasidagi tajriba va bilimingiz bilan bo‘lishsangiz?» Xorijlik mutaxassis bu savolga atroflicha javob berdi:

«Aytib o‘tishim joizki, paxta terimi bilan bog‘liq mehnat masalalari faqatgina O‘zbekiston uchun tegishli emas. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Amerika Qo‘shma Shtatlariga Afrikadan olib kelingan insonlarning uchdan ikki qismi aynan paxta terish plantaciyalarida qul sifatida ishlatilgan. Hozirda ham Uganda kabi davlatlarda bu muammo mavjud bo‘lib, ular O‘zbekistondan o‘rganish uchun mamlakatingizdagi o‘zgarishlarni kuzatishmoqda.

«Bundan buyon mahalliy davlat hokimiyati organlarining har qanday talabini yozma ravishda bo‘lishini talab qilib olamiz» – deyishdi seminar-treningda qatnashayotgan maktab direktorlari.
Foto: «Xabar.uz»

Bu jarayonlardan muvaffaqqiyatli o‘tgan davlatlar, albatta, mexanizatsiyalashtirishni yo‘lga qo‘yishdi. Lekin buning uchun ham vaqt kerak. Masalan, Gretsiya bu yo‘lni 16 yilda bosib o‘tdi. Turkiya, AQSh kabi mamlakatlardagi islohotlar uchun ham taxminan shuncha vaqt ketgan. Mexanizatsiyalashtirish uchun paxta ekish usullari, odamlarning munosabatlari o‘zgarishi lozim.

Shuningdek, mehnat bozoriga har yili kirib keladigan yarim millionga yaqin yoshlarni ishga bo‘lgan talabini hisobga olgan holda va bunga hamohang ravishda paxtani qo‘lda terish imkoniyatini qoldirish ham tabiiy hol. Bu albatta talab va taklif hamda ishchilarga zarur mehnat sharoitlarini yaratib berish asosida amalga oshirilishi lozim va bunday amaliyot qo‘shni Qozog‘istonda mavjudligini ko‘pchiligimiz bilamiz.»

SWOT tahlili. «Pedagoglarning zaifliklarini izhor qilish uchun kapalak timsolini tanladik, zero u eng kuchsiz jonzotlar qatorida» – deydi trening qatnashchisi.
Foto: «Xabar.uz»

«Biz o‘z huquqlarimiz qatori majburiyatlarimizni ham bilishim lozim.» – deya ta’kidladi qatnashchilarning boshqa biri.

Foto: «Xabar.uz»

Seminar-treningning asosiy qismini O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat hodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Turikova Lazokat olib bormoqda va qatnashuvchilar mehnat munosabatlariga doir O‘zbekiston qonunchiligidagi huquqiy me’yorlar va xalqaro mehnat standardlari bilan interaktiv usullar yordamida tanishib, fikr almashmoqdalar.

Jahon bankining ijtimoiy rivojlanish hamda ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Inoyat Sadikova esa ta’lim jarayonida fuqarolar ishtiroki borasidagi Jahon banki tarafidan ishlab chiqilgan ma’lum mexanizmlar, jamoatchilik bilan samarali muloqotning asosiy jihatlari, O‘zbekiston uchun mos eng yaxshi xalqaro tajribalar bo‘yicha tavsiyalarni ishtirokchilarga taqdim etmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» uchun maxsus intervyu berar ekan, loyiha bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup quyidagilarni aytib o‘tdi:

«Xalqaro mehnat tashkiloti mamlakatda kuzatilgan so‘nggi o‘zgarishlardan juda ham mamnun. Xalq ta’limi vaziri hamda sog‘liqni saqlash vazirlarining rahbar sifatida xatolarini tan olishlari aynan rahbarlik, liderlik namunasidir. Bu mardlik hamdir. Tizimli muammolarga tizimli yechimlar zarur va xatolarini tan olgan insonlarni ayblash emas, olqishlash lozim.

Hozirgi jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun biz har qanday ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz. Masalan, yaqinda XMT Italiyaning Turin shahrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi xodimlari, NNT hamda mustaqil OAV vakillaridan tashkil topgan bir guruh ishtirokchilarga «Odam savdosi va majburiy mehnat holatlarini aniqlash va surishtirish» mavzusida seminar-trening o‘tkazdi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov aytib o‘tganiday, endilikda mehnatga majburlash holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan prokuratura keskin choralar ko‘rishi belgilab qo‘yilar ekan, biz bu borada O‘zbekiston prokuraturasi hodimlariga seminar-treninglarni davom ettirishimiz mumkin. Ta’kidlab o‘taman, ushbu jarayonlarda O‘zbekistonga har qanday ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring