Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YTHda halok bo‘lgan pedagoglar hokim yig‘ilishiga chaqirilgandi

YTHda halok bo‘lgan pedagoglar hokim yig‘ilishiga chaqirilgandi

Farg‘ona viloyati hokimi yig‘ilishiga ketayotganda maktab direktor o‘rinbosarlari avariyaga uchrab, halok bo‘lishgandi. Ichki ishlar vazirligi keyinchalik ularning yig‘ilishga emas, o‘z yumushi bilan yo‘lga chiqqanini iddao qilgandi.

Xalq ta’limi vazirligiga qarashli «Ma’rifat» gazetasining onlayn nashri Xalq ta’limi vazirligiga asoslanib yozishicha, pedagoglarni Dang‘ara tumani hokimi yig‘ilishga chaqirtirgan.

«Vazirning (Xalq ta’limi vaziri — tahr.) Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi» sarlavhasi ostida tarqalgan maqola tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumaniga (kechagi «samosud» ham shu tumanda bo‘lgandi — tahr.) xizmat safariga borildi. Safar jarayonida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alimardon Sodiqov bilan suhbat o‘tkazildi. Undan voqea tafsilotlari haqida so‘ralganda, u sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida tuman xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarning ijtimoiy himoyasi sho‘basi mudiri A.Miraminovdan 2019-yil 29-sentyabr kuni soat 21:30 larda telefon orqali eshitganini ma’lum qildi», deyiladi maqolada.

Nashrning yozishicha, XTB mudiri tuman hokimi Saidmurod Aminjonov hokimlikda o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muntazam ravishda uni kamsitib, haqoratlab kelayotgani, 2019-yil 23-sentyabr kuni soat 8:30 da hokimlik majlislar zalida tuman XTB tasarrufidagi maktablar direktorlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham haqoratlab, kamsitib, «mudirlik senga qolgani yo‘q» deb so‘kib haydagan.

Shu sababli u 2019-yil 24-sentyabr kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov huzuriga borib, egallab turgan lavozimidan o‘z xohishiga ko‘ra ozod etishni so‘ragan. O‘sha kundan boshlab A.Sodiqov ishga chiqmagan. Xodimlari YTHga uchraganini eshitib, zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

Tuman XTB mudiri maktab direktorlari dafn marosimlarida ishtirok etgani, xodimlarning Farg‘ona shahriga borishlari yuzasidan topshiriq bergan tuman hokimligi mutasaddilari voqea joyiga kelishmaganini ma’lum qilgan.

O‘rganish jarayonida tumandagi 7 ta maktab direktori bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida tuman hokimi S.Aminjonov maktab direktorlarini har dushanba kuni hokimlik soatiga jalb qilib, yig‘ilishni tuman xalq ta’limini muhokama qilishdan boshlashi ma’lum bo‘lgan.

Shu tariqa tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Sodiqovni ko‘pchilik oldida izza qilishini, ba’zida esa maktab rahbarlarini ham kamsitib, haqoratlashini tushuntirish xatlarida ma’lum qilishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring