Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yulduzlar daromadni yashirishi «moda»mi?

Yulduzlar daromadni yashirishi «moda»mi?

Xabi Alonso

Foto: «Sports.ru»

Ispan soliqchilari Messi va Ronaldudan keyin Xabi Alonsoga tashlanishdi.

«Men barchasini to‘g‘ri qilganimga ishonaman», – deydi Xabi Alonso xotirjam tarzda, garchi u ispan soliqchilari tomonidan 2 million dollar daromadini yashirishda ayblanayotgan bo‘lsa ham.

Ayblovda Alonsoning imij huquqi bilan ishlagan Portugaliyaning «Kardzali» firmasi 2010 — 2012-yillarda soliqlarni to‘lamagani aytilmoqda. Surishtiruv davomida gumon qilinayotgan shaxslarning ism-familiyalari ham oshkor qilingan. Moliyaviy maslahatchi Ivan Saldua va «Kardzali» menejeri Ignasi Kazanovalar soliqlardan qochish maqsadida Portugaliyaning Madeyra orolida Alonsoning imij huquqi bilan shug‘ullanuvchi firma tashkil etishgan. Sababi mazkur orolda soliq ushlanmasi bor-yo‘g‘i 5 foizni tashkil etadi. Solishtirish uchun Portugaliyaning materik qismida aynan shu soliq 21 foiz, Ispaniyada 40 foizni tashkil etadi.

Ispaniya prokuraturasi suddan futbolchini 5 yilga qamash yoki undan 6 million yevro undirishni so‘ramoqda (2 million to‘lanmagan soliq, 4 million jarima). Ispaniya jinoyat qonunchiligiga ko‘ra mazkur jazo muddati boshqa jazoga almashtirilishi mumkin. Buning uchun jinoyat birinchi marta sodir etilgan bo‘lishi va jazo muddati ikki yildan oshmasligi lozim.

Yengillashtiruvchi holatdan kimlar foydalangan?

  • Lionel Messi 21 oylik qamoq jazosini shartli ravishda 4,1 million yevro qarz va 252 ming yevro jarimani to‘lash orqali o‘tagan. Bugungi kunda Lionel barcha qarzlaridan qutulgan.
  • «Real» himoyachisi Marselo 2013 yilda soliqchilardan 490 ming yevro yashirishga harakat qiladi. Qing‘ir ishining misi chiqqach esa 550 ming yevro to‘lashga majbur bo‘ladi.
  • «Barselona»ning argentinalik himoyachisi Xaver Maskerano esa 2016 yilda 1 yillik shartli qamoq jazosini o‘tadi va 1,5 mln yevrolik qarzini to‘ladi.
  • «Barselona»ning sobiq prezidenti Sandro Roselni 2017 yilning may oyida hibsga olishadi. O‘shanda u 14 million yevroni «yuvish»da ayblangan edi. Surishtiruv ishi haligacha davom etmoqda.
  • «Real» va Portugaliya yulduzi Krishtianu Ronaldu 2017-yildan buyon 14,5 million yevro soliqni to‘lamaganlikda ayblanmoqda. Surishtiruv ishlari haligacha davom etmoqda. Futbolchining aybi isbotlansa 5 yildan 9 yilgacha qamoq jazosini o‘tashiga to‘g‘ri keladi.
  • 2017 yili «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino 2011 — 2012-yillarda «Real»dagi faoliyati davomida soliqdan qochganlikda ayblandi. Darhol aybini bo‘yniga olgan portugaliyalik murabbiy ortiqcha gap-so‘zsiz 3,3 million yevro miqdoridagi soliq va jarimani to‘lab qo‘ydi.
  • Bugungi kunda «MYu» safida harakat qilayotgan hujumchi Aleksis Sanches Kataloniya superklubidagi faoliyati davomida moliyaviy firibgarlik qilganlikda ayblanib 16 oylik shartli qamoq jazosi va bir million to‘lanmagan soliq + 416 ming yevro miqdoridagi jarima bilan jazolandi.
  • Yana bir mashhur futbolchi Neymar «Barselona» bergan ko‘tarma puldan soliq to‘lamaganlikda ayblandi. Ish 2017 yilda Kataloniya klubining qirollik g‘aznasiga 5,5 million yevro neustoyka to‘lashi bilan yopildi.

Dahshatli ispan soliqlaridan qochish maqsadida millioner futbolchilar nimalarni o‘ylab topishmasin, baribir qopqonga tushishmoqda. Messi imij huquqini sotish uchun Beliz, Urugvay, Buyuk Britaniya va Shveysariya kabi davlatlarda tashkil etilgan kompaniyalardan foydalanishga harakat qildi. Xuddi shunday urinishni Irlandiya va Virgin orollaridagi firmalarda bajarmoqchi bo‘lgan Krishtianu ham qo‘lga tushdi. Futbolchilar ham, ularning vakillari ham bir narsani hisobga olishmayapti. Ispan qonunchiligining o‘ziga xosligi shundaki, Ispaniya hududida faoliyat yuritayotgan har qanday kompaniya, qayerda ro‘yxatdan o‘tishidan qat’i nazar, qirollik g‘aznasiga soliqlarni to‘lab qo‘yishga majbur.

Nega futbolchilar daromadini yashira boshladi?

Nega soliqdan qochgan futbolchilar asosan «Real» va «Barselona» a’zolari ekanligiga e’tibor berdingizmi? Uning sababini bilish uchun sal oldinroqqa, 2003-yilga qaytishga to‘g‘ri keladi. 2003 yilda Florentino Peres tomonidan ilgari surilgan soliq yangiligiga ko‘ra katta daromadli futbol yulduzlarining Ispaniyaga oqib kelishi kuchaygan edi. Ilgari yiliga 600 ming yevrodan ko‘proq ishlab topgan futbolchi (oddiy fuqaro bo‘lsa 120 ming yevro)  yuqori ta’minlangan hisoblanib, daromadidan 48 foiz soliq to‘lagan. Peres ilgari surgan siyosatga ko‘ra, yangi qonun qabul qilinib, foiz miqdori ikki barobar kamaytirildi. Devid Bekxem ana shu yengillikdan birinchilardan bo‘lib foydlangani uchun ham qonun uning nomi bilan bog‘langan.

2008-yildagi jahon iqtisodiy inqirozi Ispaniyaga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Hatto mamlakat yalpi ichki mahsulotining chorak qismini ko‘taradigan moliyaviy baquvvat Kataloniya ham vaqti-vaqti bilan markazdan yordam so‘ray boshladi. Ana shunday paytda hukumat qo‘shimcha daromad manbaini qidirib, katta maosh oluvchi sportchilarga, ayniqsa «Real», «Barselona» kabi yirik futbol klublarining o‘yinchilariga e’tibor qaratdi. 2015-yilga kelib «Bekxem qonuni» bekor qilindi. O‘sha vaqtdan keyingi soliq bilan bog‘liq qonunbuzarliklar asosan daromadni yashirishdan iborat bo‘lmoqda...

Xabi Alonso panjara ortiga ravona bo‘lishi qiyin masala. U ham jarima bilan qutulishi mumkin. Agar firibgarlik sodir etilgan vaqt ancha oldin bo‘lganini e’tiborga olsak, jarima miqdori ham 2-2,5 barobar oshishi turgan gap.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring