Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zamonaviy elektr va gaz hisoblagichlar dastlab qaysi hududlarda o‘rnatiladi?

Zamonaviy elektr va gaz hisoblagichlar dastlab qaysi hududlarda o‘rnatiladi?

Foto: «1news.uz»

Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari shu paytgacha har 4 yilda davlat ko‘rigidan o‘tkazib kelinardi. Endilikda bu jarayon elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida o‘rnatiladigan hisoblagichlar uchun «O‘zstandart» agentligi tomonidan 10 yilda amalga oshiriladi.

Bunda hisobga olish uskunalarini davlat ko‘rigiga topshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ va Majburiy ijro byurosi tomonidan ta’minlanadi.

Xo‘sh, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi dastlab qaysi hududlarda joriy qilinadi?

«O‘zbekenergo» mutaxassisi Samandar Qorayev hamda «O‘ztransgaz» axborot xizmati boshlig‘i Behzod Berdiyev «O‘zA»ga bergan intervyusida bu haqda ma’lumot berishdi.

– Prezident qaroriga muvofiq Fransiyaning «Sagemcom» kompaniyasi va «Toshelektroapparat» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish uskunalari «O‘zbekenergo» tomonidan o‘rnatiladi, – dedi Samandar Qorayev. – Amaldagi hisoblagichlar elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanish uchun mos kelsa, foydalanish uchun yaroqli hisoblanadi. Aksincha, ular o‘rniga yangi hisoblagichlar o‘rnatiladi. Umuman, eski hisoblagichlarni yangilariga to‘liq almashtirish muddati 2021-yil oxiriga belgilangan. Dastlab Toshkent shahri, viloyatlar markazlarida, keyingi bosqichda boshqa shahar va qishloq hududlari qamrab olinadi.

– Zamonaviy gaz hisoblagichlar o‘rnatish muddati 3 yilga mo‘ljallangan, – deydi Behzod Berdiyev. – Bu jarayon 3 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 28 shahar, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray va Yangiyo‘l tumanlaridagi xonadonlarga 1 milliondan ortiq uskuna o‘rnatiladi. Keyingi bosqichlarda mamlakat gaz ta’minoti tuman (shahar) filiallariga qarashli aholi xonadonlari qamrab olinadi. Rejaga ko‘ra, zamonaviy gaz hisoblagichlari aholi xonadonlariga «O‘ztransgaz» tomonidan o‘rnatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring