Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Zangiota-Chilonzor» yo‘nalishida kira qilishi uchun «damaschi»dan 500 AQSh dollari talab qilindi

«Zangiota-Chilonzor» yo‘nalishida kira qilishi uchun «damaschi»dan 500 AQSh dollari talab qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan fuqaroni o‘z avtomobilida «Zangiota-Chilonzor» yo‘nalishida kira qilishi uchun undan 500 AQSh dollari talab qilgan ikki shaxs daliliy ashyo bilan ushlandi. Ularga jinoiy ish ochildi.

IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 5 sentyabr kuni fuqaro F.M. viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilib, shaxsiy «Damas» avtomashinasida qonunda belgilangan tartibda davlat bojlari va boshqa to‘lovlarni to‘lab, «Zangiota-Chilonzor» yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida ishga chiqmoqchi bo‘lganida, unga o‘zini Nodir va Nosir deb tanishtirgan no‘malum shaxslar bu yo‘nalishda ishlashi uchun undan 500 AQSh dollari talab qilganini, buning evaziga uning harakatlanish vaqtida hech qanday muammoga duch kelmasligini aytganini va ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

7 sentyabr kuni IIBB JQB xodimlari tomonidan Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 31 yoshli N.S. va 24 yoshli N.M. arizachi F.M. dan kelishilgan pullarning 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtida xolislar ishtirokida daliliy ashyo bilan ushlangan.

Tadbir davomida fuqaro N.S. xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yonidan og‘irligi (ekspertiza xulosasiga asosan) 50 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan. 

Mazkur holat yuzasidan, Zangiota tumani IIB tomonidan fuqaro N.S. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168, 276 moddalari bilan, fuqaro N.M. ga nisbatan 168-modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring