Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zayd Raad Al Husayn endi inson huquqlarini himoya qilmaydi

Zayd Raad Al Husayn endi inson huquqlarini himoya qilmaydi

Uni «BMTdagi oq otli ritsar» ham deb atashadi.

Foto: «France 24»

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari — iordaniyalik Zayd Raad Al Husayn hozirgi geosiyosiy vaziyatda o‘z xatti-harakatlarining daxlsizligini saqlab qolishning imkoni yo‘qligi sababidan ikkinchi muddatga ushbu lavozimda qolmasligini e’lon qildi. Bu haqda «France 24» telekanali «AFP»ga tayanib xabar berdi.

Oliy komissarning amaldagi muddati 2018-yilning sentyabr oyida nihoyasiga yetadi. 20-dekabr kuni o‘z qo‘l ostidagilarga qilgan murojaatida hozirgi geosiyosiy vaziyatda qandaydir istisnolarsiz inson huqularini himoya qila olmasligini ma’lum qilgan.

53 yoshli diplomat o‘z vazifasiga kirishish chog‘ida turli bosimlardan qochish maqsadida ushbu lavozimda faqat bir muddat ishlashini ma’lum qilgan edi. Iordaniya qirollik oilasi a’zosi bo‘lgan Al Husayn BMT oliy komissari lavozimiga o‘tirgan birinchi musulmon va arab kishisi hisoblanadi. 1990-yillarda u sobiq Yugoslaviyada moviy kaskalar safida vositachilik missiyasida ishtirok etgan. Keyinchalik, 2000-yildan o‘z mamlakatining BMTdagi doimiy vakili sifatida ish boshlagan va bu lavozimda 10 yildan ortiqroq faoliyat yuritgan.

Inson huqulari oliy komissari lavozimida ishlagan paytida Al Husayn o‘zining matonati bilan tanilgan edi. U inson huquqlari buziladigan har qanday katta-yu kichik davlat hukumatini tanqid qilishga ikkilanmas edi. Uni «BMTdagi oq otli ritsar» ham deb atashadi.

U Myanmadagi rohinja musulmonlari qatliomini qoralagan, Suriyadagi Bashar Asad hukumatining Rossiya tomonidan dastaklanishini tanqid ostiga olgan edi. Shuningdek, yevropaliklar ham uning tanqididan chetda qolishmagan. 2016-yili Gaagada qilgan nutqida Fransiya Milliy Front rahbari Marin Le Pen, britaniyalik «BrExit» tarafdori Nayjel Faraj, niderlandiyalik o‘ngchi, xorijliklarni yoqtirmaydigan Geert Vilderslarning xatti-harakatlarini IShID terrorchilarining xatti-harakatlariga tenglashtirgan edi.

U shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampni ham bir necha bor tanqid ostiga olgan. Xususan, Trampning saylovoldi dasturi doirasida migrantlar haqidagi bayonotlarini «mas’uliyatsiz qarorlar» deya baholagan edi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, BMT inson huqulari bo‘yicha oliy komissari lavozimi 1993-yili tashkil etilgan va komissar o‘z faoliyatida mustaqil hisoblanadi. Shuning uchun ham uni faqatgina BMT bosh kotibi tayinlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring