Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ziyoratmi, tijoratmi yoki shakkoklik?

Ziyoratmi, tijoratmi yoki shakkoklik?

Yaqinda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari bilan Samarqand shahriga ziyoratga bordik. Dam olish kuni bo‘lganligi sababli ziyoratgohlarda odam ko‘p.

Ziyoratni Imom Buxoriy majmuasidan boshladik. Ziyoratgohga kiraverishda turniket qo‘yilib, chipta sotilishi yo‘lga qo‘yilgan ekan. Ammo bir-birini itarib, olg‘a yurishga intilayotgan yoshu qari ziyoratchilardan pul yig‘ib olish bilan kifoyalanilmoqda.

Ichkarida tumonat odam. Kimdir ulug‘ alloma maqbarasi devorlarini silagancha kaftini yuziga surtar, kimdir qabrni aylanish bilan ovora. Majmuadagi buloqdan suv olish uchun bir-biriga navbat bermay qo‘llaridagi idishlarni to‘ldirishga intilayotganlar qancha. Faqatgina sanoqli ziyoratchilargina ayvonlarda o‘rnatilgan o‘rindiqlarda o‘tirib, Imom Buxoriy ruhiga atab tilovat qilmoqda edi.

Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasidamiz. Odam tirbandligidan nazoratchilarning hay-haylashiga qaramay, maktab va kollej o‘quvchilari bir-birining ustiga chiqqudek bo‘lib ichkariga intiladi. Amallab kirgach esa bu yerda abadiy qo‘nim topgan buyuk bobakalonimiz va uning avlodlari qabrlari fonida darhol selfi qilib, rasmga tusha boshlashdi.

Ikkita qiz hiringlagancha maqbara chetida tug‘ ostidagi qabr ustiga chiqib, suratga tusha boshlashdi. Asabiylashib bergan tanbehimdan so‘ng to‘planganlar ichida tezda g‘oyib bo‘lishdi.

O‘quvchilarni biroz kuzatdim, na ularni olib kelgan muallimlar, na ularning o‘zlari o‘tganlar haqiga duo qilishdi. Shunday holatni Shohizinda yodgorlik majmuasida ham kuzatdik. «Samarqand marvaridi» degan nomga sazovor bo‘lgan Shohizinda ansambli nafaqat tarixiy-me’moriy yodgorlik, balki mashhur allomalar, avliyolar, malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Qayerga va nima uchun kelganini tushunmagan, to‘da-to‘da bo‘lib qo‘ltiqlashgan yoshlar birma-bir maqbaralarga mo‘ralashar, hiringlagancha rasmga tushishardi.

Eng achinarlisi, ularning hech biri shu yerdagi nazoratchilar yoki katta yoshdagi insonlarga murojaat qilib, bu yerda kim yotgani-yu yodgorlik qachon va nima maqsadda qurilganini so‘ragani yo‘q.

Bibixonim jome masjidining kunchiqar tomonida bundan olti asrlar ilgari barpo qilingan mo‘’jazgina me’moriy obida qad rostlab turibdi. Bu obidaning gumbazi ostida Amir Temurning suyukli xotini, zukko, tadbirkor, oqila katta xonim – Saroymulkxonim – Bibixonim abadiy uyquda yotibdi.

Bibixonim maqbarasi ziyoratida esa devorga o‘z nomini «abadiy» muhrlayotgan qizning oldida turgan murabbiyi «Yigitingning nomini ham qo‘shib yoz» deganini eshitib, chidab tura olmay, unga gapirishim bilan o‘z nomlarini devor va panjaraga yozayotgan qizlarni haydagancha bizning guruhimizdan uzoqlashishga harakat qildi.

Bibixonim masjidida esa o‘quvchilar qo‘lidagi chipsi qog‘ozini, pista po‘choqlarini u yoq-bu yoqqa alanglab, marmar toshdan bitilgan tarixiy lavh ostiga otib yuborishdi.

Afsuski, ziyoratdan barchamiz ko‘nglimiz o‘ta xijil, tushkun kayfiyatda qaytdik. Talabalarim rus guruhi bo‘lishiga qaramay, ularga qayerga borayotganimizni, ziyorat tartib-qoidalarini tushuntirgan edim. Ular ziyorat odobidan chetga chiqmay, har bir ziyoratgohda uning tarixi bilan birga, o‘tganlar ruhini shod aylash uchun qilgan tilovatimizga qo‘shilishga harakat qilishdi.

Ammo sayohat davomida ko‘rganlarimiz, ko‘pchilik yoshlarning o‘zini tutishini ko‘rib, nahotki ularni olib kelgan yetakchilar bu haqda ularga tushuncha bermagan bo‘lsa deb o‘yladim.

Bugungi kunda ziyorat turizmi jahonda keng tarqalgan bo‘lib, har yili butun dunyoda 350 millionga yaqin odam turli yodgorliklarni tomosha qilish uchun sayohatga otlanib, 3 milliarddan ortiq safarni amalga oshirishadi.

Zamonaviy ziyorat turizmi tijorat va uning samaradorligini baholashning iqtisodiy mezonlarini ifodalaydigan ommaviy turizmning barcha modellarini o‘zida mujassam etadi.

Yurtimizda ham ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Chunki muqaddas qadamjolar, ziyorat va ibodat ob’yektlariga ega bo‘lgan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston alohida o‘rin egallaydi. Birgina 2018 yilning birinchi choragida mamlakat ichida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida 10 milliondan ortiq yurtdoshimiz Samarqand, Buxoro, Xiva kabi dunyoga mashhur shaharlarga sayohat qildi.

Albatta, bu juda yaxshi, ammo aholining aksariyat qismi, xususan, yoshlar – maktab va kollej o‘quvchilari boy tarixiy merosimiz bilan tanishish, ulug‘ bobokalonlarimiz nomini yod, ruhini shod etish o‘rniga borgan joylarini ifloslantirishi, nojo‘ya xatti-harakatlar qilishi uyat va achinarli holatdir.

Buning oldini olish maqsadida avvalo o‘zimiz aholi, xususan, o‘quvchilarni ziyorat tartibidan xabardor qilish, sayohatlarni yuksak madaniyat bilan tashkil etishga e’tibor qaratishimiz lozim.

Ziyorat odobini buzgan, tarixiy obidalarga, jihozlarga shikast yetkazgan har bir shaxsga tegishli choralar ko‘rish kerak.

Qadimiy binolar har qanday shovqin, kuchli yorug‘lik ta’sirida tez yemiriladi. Shu sababli bunday inshootlar ichida savdo-sotiqni taqiqlash, tarixiy ahamiyatga molik madrasa, maqbaralarni faqatgina tashqaridan ko‘rishga ruxsat berish, diniy ibodatlarga zid bo‘lgan amallarning bajarilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Nargis Qosimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring