Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT infratuzilmasini rivojlantiruvchi 5 yillik milliy dastur ishlab chiqiladi

AKT infratuzilmasini rivojlantiruvchi 5 yillik milliy dastur ishlab chiqiladi

Foto: O‘zbekiston prezidenti Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentyabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari tizimidagi ishlarni tahlil qilish, sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

— Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari rivoji barcha sohalarning jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi, odamlarga qulaylik yaratadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Yil boshida ushbu muhim sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ko‘plab vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlanmadi. Tarmoqqa investitsiya jalb etish, xizmatlar va tayyor dasturiy mahsulotlarni eksport qilish ahvoli bizni umuman qoniqtirmaydi.

Shuning uchun vazirlikning rahbariyatini o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Yangi vazir va uning o‘rinbosarlari bundan tegishli xulosa qilib, o‘z ishlarini mutlaqo boshqacha tarzda tashkil etishlari lozim. Mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, jalb etilayotgan investitsiyalar va eksport hajmini keskin ko‘paytirish, eng muhimi, qisqa davrda tizimda sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlash kerak, — dedi Prezident.

Majlisda davlatimiz rahbarining 2018-yil 19-fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va Prezident huzuridagi yig‘ilishlarda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash qanday borayotgani tahlil qilindi. Sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar ishtirokidagi loyihalar hissasini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Joriy yilda kamida 200 million dollar, 2019-yilda esa investitsiyalar, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

«O‘zbektelekom» kompaniyasining nufuzini oshirish, «O‘zmobayl» milliy mobil aloqa operatorini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sohada xizmatlarni eksport qilish yetarli emasligi, bu ko‘rsatkichni keskin oshirish, eng avvalo, dasturiy ta’minot yaratish va eksportni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.

Telefon va internet foydalanuvchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati pastligi, mavjud aloqa tarmoqlarining atigi 27 foizi optik tolali, qolgani mis simli liniyalardan iborat ekani tanqid qilindi. Internet tarmog‘iga ulanish tezligini oshirish, aloqa tarmoqlarini to‘liq optik tolaga almashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

«Elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirish, interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni keskin yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Pochta aloqasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Axborot xavfsizligini mustahkamlash masalasiga e’tibor qaratildi.

Sohada kadrlar tanqisligi sezilayotgani, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida ilmiy salohiyatga ega pedagoglar bor-yo‘g‘i 21 foizni tashkil etishi qayd qilindi. Shu bois universitetda o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 5 yillik milliy dasturni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring