Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlar bir qator huquqlardan mahrum bo‘ldilar

Deputatlar bir qator huquqlardan mahrum bo‘ldilar

Foto: Xabar.uz

Shu yilning 4 sentyabrdagi «Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga asosan 1995 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to‘g‘risida»gi qonuni o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu haqda Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xabar berib o‘tdi.
«Ta’kidlash joizki, mazkur qonunda deputat faoliyatining kafolatlariga oid boshqa qonunlarda mavjud bo‘lmagan va amaliyotda g‘oyatda muhim hisoblangan bir qator huquq va vakolatlar mavjud edi.

Xususan, bekor qilingan qonunning 13-moddasiga ko‘ra, deputatlar sessiyada og‘zaki bildirgan yoki sessiyada raislik qiluvchiga yozma ravishda bergan taklif va mulohazalar hokimiyat vakillik organi, uning qo‘mitalari yoki komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi yoxud ko‘rib chiqish uchun tegishli davlat organlari, jamoat birlashmalarining organlari va mansabdor shaxslarga yuborilishi belgilangan edi.

Deputat saylov okrugida o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun tegishli hokimiyat vakillik organi nazorati ostidagi tashkilotlarda o‘z saylov okrugidagi fuqarolarning muhim manfaatlariga taalluqli bo‘lgan har qanday masala ko‘rib chiqilishi chog‘ida ishtirok etishi mumkinligi kafolatlangan edi. Endilikda deputatda har qanday masala emas balki hokimlik, idora va tashkilot ruxsat bergan masalalardagina ishtirok etishi mumkinligi xavfi paydo bo‘ldi. Bu ham deputat uchun adolatni tiklash va amalga oshirishda katta yo‘qotish, deyish mumkin.

Deputat fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda o‘zi yuborgan taklif, ariza va shikoyatlar tegishli hokimiyat organi hududida joylashgan davlat organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ko‘rib chiqilishini nazorat qilishga va ularning ko‘rib chiqilishida shaxsan ishtirok etishga haqli edi. Endilikda deputat «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun talablari asosida umumiy tartibda murojaatlar ko‘rib chiqilishida ishtirok etishi mumkin.

Eng katta yo‘qotish bu deputatning quyi Kengashlar ishida qatnashishidan mahrum etilgani bo‘ldi. Masalan, Oliy Majlis deputati zarur hollarda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari majlislarida maslahat ovozi bilan ishtirok etib, deputatlarning barcha vakillik bo‘g‘inida hamkorligini ta’minlash, sessiya davomida o‘z taklif va fikrlarini bildirishi mumkin edi. Bu ayniqsa, Oliy Majlis deputatlarining quyi Kengashlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan masalalarning amaldagi normativ huquqiy hujjatlarga mos va muvofiqligini ko‘rib chiqish masalan, qonunlarga zid holda «snos» qilish, fermerlarning yerlarini olib qo‘yish, hokimliklar hisobotini tinglashda alohida ahamiyat kasb etardi. Afsuski mazkur huquqning yo‘qolishi qonunan Oliy Majlis deputatlariga quyi Kengashlarning eshigi yopilishiga olib keldi.

Shuningdek, qonunning 23-moddasiga asosan deputat murojaatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan mansabdor shaxslarga majburiyatlar yuklatilgan bo‘lib, unda barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalariga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, mansabdor shaxslar deputatlarning g‘oyat muhim masalalar, shu jumladan, tegishli organning qaror qabul qilishi, qabul qilgan qarorini o‘zgartirishi yoki bekor qilishi zarurligi to‘g‘risidagi murojaatlari ko‘rib chiqilishi shart edi. Murojaat ko‘rib chiqiladigan kun to‘g‘risida deputatni oldindan xabardor qilishi kerak bo‘lgan. Bu shakldagi huquq bilan ham hayrlashildi.

Shu bilan birga deputatlar hokimliklar, korxonalarning, tashkilotlarning, ilmiy, yuridik muassasalarning, o‘quv yurtlarining ma’muriyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning deputatlik faoliyatida yuzaga keladigan huquqiy masalalarda yordam olish huquqidan ham mahrum bo‘ldilar.

Eslatib o‘tamiz deputat faoliyatining kafolatlariga oid amaldagi asosiy Qonunlar «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi hamda «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi Qonunlardan iborat.

Bu o‘zgarishlar deputatlar faol ishlashi uchun to‘siq bo‘lmasligiga qattiq umid qilaman», — deya fikrini yakunlaydi Rasul Kusherbayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring