Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Dovondagi asabbuzarliklar yoxud Farg‘ona vodiysi boshqa davlatmi?

Dovondagi asabbuzarliklar yoxud Farg‘ona vodiysi boshqa davlatmi?

Foto: «uzinform.uz»

Ma’lumki, 2012-yilda mamlakatimizda yangi hujjat tizimi — biometrik pasportlarga o‘tish boshlandi. Bu jarayonga avvalo uzoq tayyorlanildi, tushuntirish ishlari olib borildi, yangi tizimning afzalliklari birma-bir sanab o‘tildi. Shuncha harakatga qaramay, baribir o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, yo‘lga qo‘yilganda ham dahshatli navbatlar hosil bo‘lgan biometrik pasport tizimi haqida ichki ishlar xodimlarining og‘izlaridan bol tomib so‘zlaganlari, ayniqsa, bu pasportning dunyoviy me’yorlarga mosligi-yu, barmoq izlariga ko‘ra pasport egasini bir zumda topish mumkinligi asosiy yutuq sifatida e’tirof etilgani yaxshi esimizda.

Bu tizim joriy etildi, yangi pasportni olmaganlar ham deyarli qolmadi hisob. Ammo bu bilan sohadagi muammolar hal bo‘lib qoldimi? Masalan, poytaxtga viloyatdan kelgan odam besh kundan ortiq qolsa, albatta vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Buning uchun o‘nlab hujjatlar qatorida barmoq izlarini topshirish ham shart. Barmoq izlarini oluvchi xodimni hadeganda topa olmaysiz, topsangiz ham anchagina navbat kutasiz va qo‘llaringiz o‘chmas bo‘yoqqa bo‘yalib, qog‘ozda iz qoldirasiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi — nega shu ma’lumot zarur ekan, pasportning o‘zidan olib qo‘ya qolinmaydi? Yoki bir hudud (masalan, Sirdaryo viloyati) pasport stoli tayyorlagan ma’lumotga Toshkent shahridagi nozir ishonmaydimi? U holda butun aholi foydalanadigan davlat miqiyosidagi hujjatning ahamiyati qayoqda qoldi?!

Yoki «Ovir» deya ataluvchi jarayon uchun pasport topshiriladi va tayyor bo‘lishi ba’zan oylab kutiladi. Shu davrda egasiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat zarur bo‘lib qolsa nima bo‘ladi? Tayyorlanish jarayonida ichki ishlarning ma’lumotlaridan foydalanib, tayyor bo‘lgan stiker oxirgi kunda murojaat qiluvchining pasportiga yopishtirib berilsa, fuqaroga ancha oson bo‘lmaydimi?

Yana bir misol: vodiyga yo‘li tushganlar yaxshi bilishadi, dovonda pasport tekshiruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, xavfsizlik nuqtai nazaridan bu chora kerakdir. Ammo buning ortidan tug‘ilayotgan asabbuzarliklarni nahotki hech kim ko‘rmayapti? Deylik, Buxorodan bir kishi Andijon sari yo‘l oldi. Buxoroda ham, yo‘l davomida ham «Pasporting bo‘lmasa yo‘lga chiqma!» degan mazmundagi ogohlantiruvchi yozuv yo‘q, shuningdek «respublikaning bir viloyatidan ikkinchi viloyatiga o‘tuvchi fuqarosi albatta pasport olib yurishi shart», degan qonun borligidan ham bexabarmiz. Buxorolik yo‘lovchi Qamchiq dovoniga chiqqanida bu talabdan hayratga tushadi. Endi u na ortga qayta oladi, na oldinga keta oladi.

Oddiy xomcho‘t qilib ko‘ramiz: Qamchiq dovonidan bir kunda 10 mingta mashina, 30 ming nafar yo‘lovchi o‘tadi. Shulardan har 500 kishidan biri mazkur talabdan bexabar yoki pasportini unutib qoldirgan bo‘lsa, kamida 60 kishi qishda izg‘irin sovuqda, yozda issiqda nazorat punktida sheriklaridan ajralib qolib ketadimi? Bularning taqdiri endi mavhum, kimdir to‘ydan, kimdir azadan, yana kimdir zarur ishidan qolib ketadi. Yagona chora uyiga qo‘ng‘iroq qilib, biror taksi haydovchisidan pasport berib yuboriladi. Ungacha ikki karra yo‘lkiraga tushib kutishga majbursan...

Savol tug‘iladi: yangi tizim joriy qilingandan buyon o‘tgan besh yil davomida nahotki dovondagi nazorat punktiga barmoq izlaridan kishining shaxsini aniqlaydigan bittagina moslama qo‘yishning iloji bo‘lmadi? Axir har qanday yangilik insonlarning og‘irini yengil qilmaydigan bo‘lsa, undan nima naf? Yoki bu yerda ham yuqoridagi kabi holatmi, chegarachilar (qizig‘i, bu nazorat punkti chegara hududi emas) qo‘ldagi pasportga ishonishadi-yu, ichki ishlar tizimi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ishonishmaydimi? Hujjatlar haqiqiyligi nazorat qilinishi shart ekan, butun tizimning ma’lumotlarini soxtalashtirishdan ko‘ra, bittagina hujjatni soxtalashtirish osonroq emasmi?

Sanobar T.: — Namanganda yashovchi ammamning to‘satdan vafot etgani to‘g‘risidagi xabar kelishi bilan Samarqanddan kun botganda yo‘lga chiqdik. Shoshilinchda pasportimni olish esimdan chiqibdi. Yarim tunda Qamchiq dovonidagi nazorat punktidan meni o‘tkazishmadi. Telefonimda nusxasi bor edi, ko‘rishni ham istashmadi, uyimdagilar IMO orqali onlayn video tarzida ko‘rsatishlarini taklif qildim, eshitishni ham xohlamadilar. Ta’ziyaga ketayotganimni yig‘lab tushuntirdim, qani ozgina yon bosishsa... Nahot odamning qadri bir parcha qog‘ozchalik emas. Axir men chegara oshib boshqa davlatga ketayotganim, vodiyga ham sayohatga borayotganim yo‘q edi-ku!

Bu mavzuni kuzatishda davom etar ekanmiz, takliflarimiz inobatga olinishini, xavfsizlik choralarini qo‘llash bilan birga fuqarolarimizga qulaylik yaratish ham muhim ekanligini yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring