Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Berlin mashvarati. Germaniya Markaziy Osiyoga doir muhim tashabbus bilan chiqdi

Berlin mashvarati. Germaniya Markaziy Osiyoga doir muhim tashabbus bilan chiqdi

Berlin mashvarati.

Foto: Germaniya tashqi ishlar vazirligi rasmiy sayti

Germaniya tomonidan ilgari surilgan «Yashil Markaziy Osiyo» loyihasi rasman amalga tatbiq etila boshladi. Bu haqda 28-yanvar kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas mezbonligida Berlinda tashkil etilgan  vazirlar mashvaratida ma’lum qilindi.

Xalqaro anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Afg‘oniston tashqi siyosat mahkamalari rahbariyati qatorida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qatnashdi. Iqlim o‘zgarishlarining Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligiga ta’siri –anjumanning markaziy mavzusi bo‘ldi.

Dunyo okeanlari sathining ko‘tarilishi, sahrolarning kengayishi va ekotizimning vayron bo‘lishi bashariyat hayotiga xavf tug‘dirmoqda. Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo hamda Afg‘onistonga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Rasmiy Berlin tomonidan ilgari surilgan «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi aynan iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda bu boradagi muloqotni kuchaytirishga qaratilgan. Mazkur tashabbus 2019-yil 17-iyunda qabul qilingan Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida belgilangan maqsadlar ijrosiga ham o‘ziga xos hissa sanaladi.

«Yashil Markaziy Osiyo» loyihasi orqali bu borada mintaqaviy robitalarini jonlantirish, o‘zaro axborot almashuvini kuchaytirish, ilmiy doiralar hamda fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash rejalashtirilgan.

Berlin anjumani yakunida vazirlar iqlim va xavfsizlik jabhasida hamkorlikka oid deklaratsiya qabul qilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa suv va yer manbalari, muzliklar, bioxilmaxillikni muhofaza etish, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi jabhalarda milliy va mintaqaviy miqyosdagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘taradi.

Tahlilchilarga ko‘ra, «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi doirasida kelgusi to‘rt yilda mintaqada siyosiy va ilmiy doiradagi muloqotlarning faollashuvi kutilmoqda.

Qayd etish joizki, Germaniya bundan avval ham mintaqa ekotizimi bo‘yicha bir qator loyihalarni taklif etgan. Masalan, 2008-yilda ilgari surilgan va «Berlin jarayoni» deb atalgan tashabbus Orol havzasi suv manbalarini muhofaza etish va barqaror boshqarishga qaratilgan edi. «Yashil Markaziy Osiyo» loyihasini amalga tatbiq etishda, tabiiyki, shu kabi avvalgi tajribalar asqotadi.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring