Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev AQShda sobiq maqomchini xalq artisti unvoni bilan taqdirladi

Mirziyoyev AQShda sobiq maqomchini xalq artisti unvoni bilan taqdirladi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi munosabati bilan «Villard interkontinental» mehmonxonasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a’zolari, vazirlik va kompaniyalar rahbarlari, biznes va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Tramp bilan muloqoti o‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish ruhida o‘tganini alohida ta’kidladi.

Foto: «President.uz»

— Biz bu tarixiy tashrifni keyingi ikki yil mobaynida misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – AQSh hamkorligining mantiqiy davomi, deb bilamiz. Garchi mamlakatlarimiz geografik nuqtai nazardan bir-biridan olisda joylashgan bo‘lsa-da, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik va vatanparvarlik kabi qadriyatlar xalqlarimizni birlashtirib turadi, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik kengayayotgani ta’kidlandi. Kuni kecha ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida qariyb 4,8 milliard dollarlik yangi shartnomalar imzolangani yuqori baholandi.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganib, butun dunyoda keng targ‘ib etayotgan Frederik Starr va barcha amerikalik olimlarga tashakkur izhor etdi.

Tadbirda yana bir e’tiborli voqea bo‘ldi: ko‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Asherovich Malakovga «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni berilgani e’lon qilindi. Izro Malakov yuksak e’tibori va qadrdon o‘zbek xalqining unvoni uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring