Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek va tojik – tarixiy voqealar davri boshlandi. Tojikiston Milliy universiteti rektori, akademik Muhammadyusuf Imomzoda bilan suhbat

O‘zbek va tojik – tarixiy voqealar davri boshlandi. Tojikiston Milliy universiteti rektori, akademik Muhammadyusuf Imomzoda bilan suhbat

Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning ulkan xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak.

Foto: «theworldnews.net»

Tojikiston milliy axborot agentligi o‘zbek tilida maqolalar chop etishni boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga 9-10 mart kunlari amalga oshirgan davlat tashrifi munosabati bilan mamlakatning birinchi rasmiy axborot mahkamasi – «Xovar» – Tojikiston Milliy axborot agentligi rasmiy sahifasi – www.khovar.tjda ilk bora o‘zbek tilida maqolalar chop etila boshladi. Ayni paytda mazkur saytda O‘zbekiston rahbarining Tojikistonga safari bilan bog‘liq bir qancha maqola chop etilgan. Mazkur axborot agentligi tojik, rus, ingliz arab va fors tillarida o‘z  xabarlarini saytga joylashtirib boradi. Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirliging rasmiy sahifasi www.mfa.uzda ham tojik tilidagi xabarlar e’lon qilib borilmoqda. 

Shunday maqolalardan biri, Tojikiston Milliy universiteti rektori, akademik Muhammadyusuf Imomzoda bilan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.

O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari qanday tarixiy omillarga tayanadi, deb o‘ylaysiz?

 – Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik tarixga ega. Haqli ravishda qayd etish zarurki, xalqlarimiz Markaziy Osiyo xalqlari orasida bir-biri bilan eng yaqin hisoblanadi. Buning tasdig‘ini nafaqat tarixiy-ilmiy tadqiqotlardan izlash kerak, balki urf-odatlarimizning bir xilligi ham ko‘rsatib turibdi. O‘z davrida atoqli tojik olimi Zarif Rajabov «Markaziy Osiyoda eng yaqin aloqalar tojik va o‘zbeklar o‘rtasida o‘rnatilgan. Ular bir xil kiyim kiyishgan, bir xil taomlar tayyorlashgan, qiz olib, qiz bergan, qarindosh bo‘lgan. Urf-odatlari ham ikki tomchi suv kabi bir-biriga o‘xshashdir», deb ta’kidlagan edi.

O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch, o‘xshash an’analar birlashtirib turadi.

Mening nazarimda, xalqlarimizning yaqinligiga ulug‘ so‘z san’atkorlari – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik tag zamin vazifasini o‘taydi. Ma’lumki, Abdurahmon Jomiyning ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riq va maslahatlari tufayli Alisher Navoiy o‘zbek va tojik klassik adabiyotining daholaridan biriga aylandi. Ustoz Jomiyning vazir shogirdi Navoiyga yuborgan maktubi bizni hayratga soladi. Jomiy undan Xo‘ja Ahror Valining farzandlarini o‘z qaramog‘iga olishni so‘ragan. Ustozining iltimosi Navoiy uchun juda muhim bo‘lgan va u albatta buni bajargan.

Akademik Muhammadyusuf Imomzoda.

– O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi xalqlarimiz hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

– Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashishi, birinchi navbatda, oddiy odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning tasdig‘i sifatida nazorat punktlarining ochilishi, davlatlarimiz o‘rtasidagi temir yo‘l va aviaqatnovning tiklanishi xalqlarimiz tomonidan quvonch bilan kutib olinganini aytmoqchiman.

Har bir yangilik mamlakatimiz fuqarolari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinayapti. Bu tushunarli, albatta. Chunki bu holatda nafaqat ikki davlatning barqaror rivojlanishi va butun mintaqada xavfsizlik to‘g‘risida, balki qardosh xalqlarning hissiyotlari haqida gap ketmoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlarining oqilona siyosati o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga, mavjud muammolarni birgalikda hal qilish yo‘llarini topishga, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish va yanada mustahkamlashga imkon beradi.

Bu nafaqat Tojikiston va O‘zbekiston uchun, balki butun mintaqa uchun tarixiy voqeadir. Va bu yerda, so‘zsiz, ikki mamlakat rahbarlari – Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning ulkan xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak. Tajribadan ma’lumki, Prezidentlar o‘rtasidagi do‘stona munosabat mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaqinlik, o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy omilidir.

Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv muloqot, mavjud muammolarni hal qilishda hamfikrlikka asoslangan bo‘lib, bu ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki beradi, deb ishonaman.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutqlarining birida: “20 yillik qalin muz eritilishi kerak. Shundan so‘ng konstruktiv qo‘shnichilik munosabatlarini tiklasa bo‘ladi. Bu vaqt talab etadi, bu esa oson emas”, deb aytgan edi. Hozir biz bu yo‘lda dastlabki qadamlar tashlaganimizni mamnuniyat bilan qayd etmoqdamiz, endi Dushanbe va Toshkent har tomonlama hamkorlik uchun qulay zamin yaratish yuzasidan bir qator mexanizmlar va vositalarni ishlab chiqishlari kerak. Masalan, hukumatlar va tashqi ishlar vazirliklari darajasida doimiy faoliyat yurituvchi komissiyani tashkil etish fikri mavjud. Bu yerda ikki mamlakatning oqsoqollari, jamoatchilik, ekspertlar o‘rtasida muntazam yig‘ilishlar o‘tkazish bo‘yicha bildirilayotgan taklif o‘rinlidir.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun katta salohiyat mavjud. Ko‘p asrlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlaridan foydalanib, ikki davlat o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport va kommunikatsiya aloqalarini jadallashtirish, qo‘shma madaniy va sport tadbirlarini muntazam o‘tkazish kerak.

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy bilan suhbat uyushtirildi. Unda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan oqilona siyosat tufayli mintaqada katta o‘zgarishlar yuz berayotgani alohida ta’kidlangan. Ushbu fikrga munosabatingiz qanday?

– Bu juda to‘g‘ri va yuksak e’tirof. Keyingi vaqtlarda O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy faolligi sezilarli ortishi kuzatilmoqda. Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqt ichida Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tashrif buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar bilan samarali va samimiy do‘stona munosabatlarni o‘rnatmoqda. Nazarimda, uning tashabbusi mintaqadagi barcha davlat rahbarlarini birlashtirishga, integratsiya jarayonlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.

                                                Farrux Hamroyev suhbatlashdi.

                                                Manba: “O‘zbekiston ovozi” gazetasi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring