Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev «Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun» mukofoti bilan taqdirlandi

Shavkat Mirziyoyev «Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun» mukofoti bilan taqdirlandi

Foto: President.uz

Turkiya poytaxtida «Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun» mukofotining birinchi laureatlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur mukofot yaqinda «EcoAvrasya» Turkiya ishbilarmonlari jamoatchilik birlashmasi tomonidan ta’sis etilgan.

Ushbu tantanali marosimda Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mafkura bo‘yicha maslahatchisi Yalchin To‘pchi, Turkiya ilm-fan, sanoat va texnologiyalar vaziri Foruq O‘zli, Turkiya parlamenti a’zolari, xorijiy mamlakatlar hamda Anqarada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya korpusi va xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar. Marosimni «EcoAvrasya» assotsiatsiyasi raisi Hikmat Eren boshqardi.

Foto: Jahon AA

Turkiya ishbilarmonlari jamoatchilik birlashmasi 2012-yildan buyon «Turk dunyosi oldidagi xizmatlari uchun» mukofotiga tanlov o‘tkazib keladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan taniqli siyosatchilar va iqtisodiyot arboblari ushbu mukofot bilan taqdirlanadi.

«Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun» mukofotiga tanlov esa birinchi marta e’lon qilindi. Assotsiatsiya ushbu mukofot bilan Yevrosiyo mamlakatlari o‘rtasidagi manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan insonlarga hamda institutlarga o‘zining hurmat va ehtiromini izhor etadi.

Assotsiatsiya boshqaruv kengashi «Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun» bosh nominatsiyasiga turli nomzodlarni o‘rganib chiqib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar, nafaqat respublikadagi, balki mintaqadagi jadal o‘zgarishlarga, qit’adagi iqtisodiy munosabatlarning faollashuviga jiddiy omil bo‘layotgani uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mazkur mukofot bilan taqdirlashga qaror qildi. Hikmat Eren O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston bilan, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya bilan o‘zaro munosabatlarida mislsiz o‘sish ro‘y berganini alohida qayd etdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi tarixiy qadamlarini katta ko‘tarinkilik bilan kuzatgan komissiya a’zolari mazkur birinchi mukofotni O‘zbekiston yetakchisiga taqdim etishga qaror qildilar.

Assotsiatsiya rahbari ushbu qaror bir ovozdan qabul qilinganini ta’kidladi.

Hikmat Eren «EcoAvrasya» Turkiya ishbilarmonlari jamoatchilik birlashmasi boshqaruvi kengashi va uning barcha a’zolari nomidan O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisini sahnaga taklif etdi va butun Yevrosiyo hamjamiyati oldidagi mislsiz xizmatlari e’tirofining belgisi sifatida davlat rahbariga taqdim etishni so‘rab ushbu mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

«Jahon» axborot agentligi,

Anqara

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring