Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarni batafsil ko‘rib chiqdilar. Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan faol muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Koronavirusning global miqyosda tarqalishi oqibatlarini samarali yengib o‘tish maqsadida amaliy hamkorlik bo‘yicha, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, tranzit, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu ma’noda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan o‘tgan oyda o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali natijalari ijobiy baholandi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildilar.

Tizimli va barqaror tus olayotgan ushbu muhim format doirasida sermahsul muloqot olib borilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida xavfsizlik, iqtisodiyot, innovatsiyalar, transport, fan, ta’lim va madaniyat sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbarlari Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar rivojiga alohida to‘xtaldilar. Ushbu mamlakatdagi vaziyat Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga muvofiq holda tez fursatda barqarorlashishi zarurligi qayd etildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring