Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston–Yevropa ittifoqi: 25 yillik hamkorlik haqida 25 fakt

O‘zbekiston–Yevropa ittifoqi: 25 yillik hamkorlik haqida 25 fakt

Foto: YeIning Toshkentdagi vakolatxonasi

Bundan roppa-rosa 25 yil avval – 1994 yil 16 noyabrda O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgan edi. O‘tgan chorak asr mobaynida Toshkent va Bryussel robitalarida tarixiy ahamiyatga molik ko‘plab hodisalar ro‘y berdi. E’tiboringizga 25 yillik hamkorlikka oid 25 fakt havola etilmoqda.

1. 1996 yil iyun. Florensiya shahrida YeI va O‘zbekiston o‘rtasida sheriklik va hamkorlik kelishuvi imzolandi. 1999 yil 1 iyuldan kuchga kirgan mazkur kelishuv siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, sarmoya, intellektual mulkni himoya qilish, qonunchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik, madaniy-gumanitar robitalar kabi jabhalarni qamrab oladi.

2. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat mustaqillikning ilk yillaridan boshlab Yevropa bilan hamkorlikni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.

3.«Erasmus+» – YeIning ta’lim bo‘yicha 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan yirik dasturidir. Mazkur dastur 1994 hamda 2007 yildan amalga tatbiq etilgan «Tempus» va «Erasmus Mundus» loyihalarining mantiqiy davomi sanaladi. «Erasmus+» dasturining 2014-2020 yillardagi umumjahon budjeti 14,7 milliard yevroni tashkil etadi.

Toshkentda ham Erasmus+ milliy idorasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu dastur doirasida yurtimizdagi talaba, doktorant, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi-xodimlariga «ko‘hna qit’a» universitetlarida qisqa malaka oshirish yoki to‘liq ta’lim imkoni taqdim etiladi.

4. 2007 yildan buyon Toshkent hamda Bryusselda inson huquqlari bo‘yicha, shuningdek, adliya va ichki ishlar bo‘yicha yillik muloqotlar o‘tkaziladi.

5. 2011 yil 24 yanvar. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Bryusselga safar qildi. Tashrif doirasida Yevropa komissiyasi raisi Joze Manuel Barrozu va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Qayd etilishicha, mazkur tashrif YeIning O‘zbekiston bilan turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni teng huquqlilik va sheriklik asosida kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.

6. YeI O‘zbekistonda xususiy sektor, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida menejment tahsil dasturini amalga tatbiq etib kelmoqda. Mazkur dastur doirasida ko‘p sonli biznes boshqarvchilari YeI davlatlarida zamonaviy menejment sirlarini o‘rganib qaytdi.

7. Yevropa komissiyasining texnikaviy ko‘magida biznes va turizmni rivojlantirish, transport logistikasi, chegaralarni boshqarish, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, xavfsizlik va boshqa sohalarda 35 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

8. Bryussel O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga yirik grant mablag‘lari taqdim etib keladi. Xususan, 2014-2020 yillarda ikki tomonlama hamkorlik doirasida qishloqlarni rivojlantirish, fermerlar va qishloq aholisi daromadni ko‘paytirish, sektorning raqobatbardoshligi va mahsuldorligini oshirish maqsadida 168 million yevro ajratilgan.

9. O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik kelishuvi doirasida parlament hamkorligi qo‘mitasi hamda kichik qo‘mitalarni o‘z ichiga olgan 6 ta hamkorlik tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

10. 2017 yilda O‘zbekistondan YeI mamlakatlariga asosan kimyoviy moddalar (53 foiz), sanoat mollari (27 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari (10 foiz) va boshqa tovarlar eksport qilingan.

11. 2011 yil 31 may. O‘zbekistonda YeIning vakolatxonasi rasman akkreditatsiyadan o‘tdi. 2016 yil 19 sentyabrdan buyon latviyalik diplomat Eduards Stiprays YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. E.Stiprays YeIning yurtimizdagi uchinchi elchisi sanaladi.

Elchi Eduards Stiprays. Foto: YeIning Toshkentdagi vakolatxonasi

12. 2017 yil 9-10 noyabr kunlari Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini «Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida u prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

13. 2018 yilda O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 3,73 milliard AQSh dollariga yetdi.

14. 2017 yildan Yevropa investitsiya banki (YeIB) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston bilan hamkorlikni yangidan yo‘lga qo‘ydi. 2017 yil oktyabrda O‘zbekiston YeIB bilan hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi, 2017 yil noyabrda YeTTB Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi.

15. YeI 2003-2019 yillarda BOMCA dasturi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga 40,1 million yevro ajratdi. BOMCA (Border Management Programme in Central Asia) dasturi 2003 yilda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida chegaralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

16. 2018 yil 27 mart Toshkentda «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi mashvarat o‘tkazildi. Unda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini ham qatnashdi. U o‘z nutqida Afg‘onistondagi vaziyatni baraqarorlashtirishga oid rasmiy Toshkent tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu masala Bryusselning ham doimiy e’tiborida ekanini qayd etdi.

17. 2018 yil yakuniga ko‘ra, Germaniya (874 million), Litva (795 million), Latviya (497 million), Italiya (340 million) hamda Fransiya (267 million) O‘zbekistonning YeIdagi asosiy savdo hamkorlari sanaladi.

18. 2017 yilda O‘zbekiston rahbariyati Bryusselga sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni yangilash taklifi bilan murojaat qildi. 2018 yil 23 noyabrda kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim yuzasidan rasmiy muzokaralar boshlandi.

19. Mamlakatimizda YeIga a’zo davlatlardan jalb qilingan investitsiyalar ishtirokida 1000 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

20. 2019 yil 31 may. Toshkentda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda Yevropa kengashi prezidenti Donald Tusk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasida konstruktiv siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, innovatsion, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi. Yevropa kengashi rahbarining O‘zbekistonga ilk tashrifi diplomatik aloqalarning 25 yilligiga to‘g‘ri keldi.

Shavkat Mirziyoyev hamda Donald Tusk. Foto: “Twitter/eucopresident”

21. 2019 yil iyul. Yevropa ittifoqi barqaror iste’mol hamda ishlab chiqarish va mintaqada yashil iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy Osiyo uchun «Osiyo o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlash» (SWITCH-Asia) dasturini amalga oshirishga kirishdi. Ushbu dastur 2007 yilda YeI tomonidan joriy etilgan bo‘lib, uning doirasida o‘tgan yillar davomida Osiyodagi o‘nlab mamlakatlardagi barqaror iste’mol va ishlab chiqarish jarayonlari rag‘batlantirildi. Endilikda dastur Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonni ham qamraydi.

22. 2019 yil 12 noyabr. Yevroittifoq O‘zbekistonga GSP+ tizimi doirasida 6 mingdan ortiq tovarlarni boj to‘lovisiz olib kirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda YeIning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Fil Hoganning Bryusselda o‘tgan uchrashuvida tarif va tarifsiz to‘siqlarni bartaraf etish, standartlashtirishning Yevropa tizimlarini kiritish, sertifikatlash va sifatni boshqarish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

23. 2019 yil 17 iyun. YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya qabul qildi. «Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo: mustahkam hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar» deb nomlangan hujjat Byursselning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishi kutilmoqda. Bryussel rasmiylariga ko‘ra, yangi geosiyosiy voqelik hamda robitalarni mustahkamlash talabi ushbu hujjatni ishlab chiqishga undadi.

«Biz – yevropaliklar, bu yerda (Markaziy Osiyoda) aslo geosiyosiy manfaatlar yoki o‘yinlarni ko‘zlayotganimiz yo‘q... Bu yerda ekanimizning boisi shuki, biz ushbu mintaqaning salohiyatiga, eng asosiysi ushbu mintaqa xalqlarining salohiyatiga ishonamiz. Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyamizning o‘zak-mohiyatini ham shu tashkil etadi», – deydi Federika Mogerini.

  1. Federika Mogerini Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan. Foto: O‘zbekiston TIV

24. 2019 yil 11 noyabr. YeI O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi uchun 5 million yevro grant ajratdi. Ushbu mablag‘ tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida zarur hujjatlarni tayyorlash, o‘zbekistonlik mutaxassislarning JST kelishuvlari va xalqaro savdo tizimiga oid bilimlarini oshirishda ishlatiladi.

Ayni paytda global savdoning 96 foizi JSTga a’zo 164 davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Sobiq Ittifoq davlatlaridan 12 tasi (Armaniston, Estoniya, Latviya, Litva, Ukraina, Moldova, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistan) xalqaro tashkilotga kirgan, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon hali a’zo bo‘lganicha yo‘q.

25. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov joriy yil 12 noyabr kuni Bryusselda o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston va YeI o‘rtasida hal etib bo‘lmas masala qolmaganini ma’lum qildi. Vazir ikki o‘rtadagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 2020 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi doirasida imzolanishini bildirdi.

Sobir Salim tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring