Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Prezident maqtovga muhtojmi yoki laganbardorlik va maddohlik haddan oshganda...

Prezident maqtovga muhtojmi yoki laganbardorlik va maddohlik haddan oshganda...

Har bir narsaga prezidentdan turtki kutish shartmi?

Foto: «Gazeta.Uz»

Mavzumiz andak nozik. Lekin bugun juda muhim masalaga aylanib bormoqda.

Fuqaroning o‘z davlatini sevishi, mamlakat yo‘lboshchisini hurmatlashi havas qilgulik hol. O‘zaro suhbatlarda, boringki, rasmiy davralarda yurt rahbarini samimiy ulug‘lab qo‘yish ham chiroyli xislat. Ammo oddiy fuqaro qolib, yurt so‘raydiganlar qiyofasida hammasi yuzaki, zo‘rakiligi sezilib tursa-chi? Tilyog‘lamalik ayyorlik, laganbardorlik va, eng yomoni, zo‘raki maddohlik bilan qorishib ketsa-chi?

«Osmondagi bolalar» filmida bir lavha bor: yosh ijodkorning asarini tanqidchilarga katta bir yozuvchiniki deb taqdim etishadi. Hamma maqtaydi. Ertasiga asl muallif ma’lum qilinganida hamma darrov to‘nini teskari kiyib oladi va yomonlay boshlaydi. Ulardan biriga: «Kechagina xuddi shu asarni maqtab turgandingiz-ku?», — deya murojaat qilinganida, «Men kecha muallif deb o‘ylagan ulug‘ yozuvchimiz ko‘zi bilan qaragandim!», — deya javob beradi. «O‘zingizning ko‘zingiz qayerda edi?» degan haqli e’tirozga osongina: «Men fikrimni aytdim», — deydi egardan tushmay. Bugungi ba’zi rahbarlarimizning tutgan yo‘li ham shunga o‘xshab ketmayaptimi? 

Amal kursisiga erishgan inson borki, albatta tilyog‘lamalik, maddohlik qilishim shart deb o‘ylaydi, shekilli. Aniq e’tibor bergansiz: kichikroq amaldordan tortib kattalarigacha biror muhim masala haqida gap ketganida, hatto bu o‘zi uchun ham juda mayda ish hisoblansa-da, gapini albatta «prezidentimizning bevosita ko‘rsatmalariga asosan... davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra...» kabi so‘zlar bilan boshlaydi. Aytadigan gapiga mos kelsa-kelmasa, «prezidentimizning qarorlari bizga dasturilamal bo‘lmoqda» deya suhbatni o‘z so‘qmog‘iga bura ketadi va darhol muammo mohiyatini tushunmayotganini, o‘zini olib qochishga, burchni zimmasidan soqit qilishga urinayotganini, yurt rahbari soyasidan panoh izlayotganini sezdirib qo‘yadi. 

Bu nima, javobgarlikdan qochishmi, ertaga vaziyat o‘zgarsa suvdan quruq chiqishga urinishmi yoki, yanayam qo‘rqinchlisi, shaxsiy fikr yo tashabbusning yo‘qligimi? Axir rahbar yoki mutasaddi deganlari faqat yuqoridan kiritiladigan dastur asosida ishlaydigan robot emas-ku! 

Har bir narsaga prezidentdan turtki kutish shartmi? Bir yo‘nalishni davlat rahbari ko‘rib chiqsa va fikrlarini aytsa, hamma birdan shunga yopishadi. Aytaylik, qaysidir sohani tahlil qilishga hali davlat rahbarining vaqti yetmagan bo‘lsa (yetmasligi ham aniq, chunki biror kun dam olganini ko‘rdingizmi?), demak, o‘sha soha qoloqligicha qolaveradimi? 

Aniq bilaman, ishonaman, umid qilamanki, rahbarimizga maddohlar emas, sohasining ustalari, tashabbuskorlar, yurtga nafi tegadigan insonlar kerak. Hatto o‘zi «qarsakbozlikni yig‘ishtiramiz» deya ta’kidladi. Demak, keling, endi samimiyroq bo‘laveraylik. Laganbardorlikni qo‘yib, muammolarni yechaylik, vatan uchun jon fido qilaylik, maqtovni esa xalq bersin!

Yuqori martabali rahbarlarning intervyularini kuzatarkansiz, ular go‘yo o‘zlari, faoliyatlari, mavjud muammolar yechimi-yu rejalari haqida emas, davlat rahbarining ko‘rsatmalari naqadar to‘g‘ri bo‘layotganini yoritishga urinayotgandek tuyulaveradi. Mana, yaqinda davlat dasturi qabul qilindi. Shu borada kim bilan suhbatlashmaylik, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dasturning bandlarini qaytaradi va bu naqadar a’lo bo‘lganini aytaveradi.

Axir biz bu dastur bilan o‘zimiz bilan ham tanishib olaveramiz. Siz sohaning yetakchi vakilisiz. Endi maqtovni bir chetga suring, bu dastur nimalar beradi, qanday o‘zgarishlar bo‘ladi, shundan gapiring. Dasturning kamchiliklari bo‘lsa, ularni ham ko‘rsatib o‘ting, yechimlari bo‘yicha takliflar bering. Axir sizga tikilib turgan qorako‘zlarning hammasining nigohini osongina prezidentga oshirib yuboraveradigan bo‘lsangiz, ochiq ayting, sizning nima keragingiz bor?!

Ikkinchi jihat. Mayli, muammo yuzasidan shu tariqa himoyalanishar ekan. Lekin o‘rni kelsa-kelmasa «muhtaram prezidentimiz» deya ihotalanaverishning nima hojati bor? Shaxsan men ham davlatimiz rahbarini hurmat qilaman, faoliyatini kuzatib boraman. U kishi qilayotgan islohotlarning samarasini ko‘pchilik yurtdoshlarimiz kabi umid bilan kutayapman, amalga oshganlari ortidan paydo bo‘lgan qulayliklarni ham his qilayapman. Shu bilan birga o‘z ishimni ko‘ngildagidek davom ettirishga, biror yangilik kiritishga, shu jamiyatga oz bo‘lsa-da foydam tegishiga imkon qadar intilayapman. Chunki har bir inson o‘z ishini sidqidildan bajarsa, jamiyatga foydasi tegishini ko‘zlasa, ertangi kun bilan yashasa mamlakat rivojlanadi. Bo‘lar-bo‘lmas tilyog‘lamalik bilan emas!

Mavzu yuzasidan gap ketganda kimlardir darrov «Bu qon-qonimizga singib ketgan, o‘zgarishimiz qiyin» deyishadi. Kechirasiz, ayrimlargagina qarab xalqning qiyofasi yaratilmaydi. Kimdir, ayniqsa amaldor shunday qilsa, hamma shunday qilishi shart degani emas. 

Shunday ekan, adashmaylik, yoqsa-yoqmasa maqtovga zo‘r bermaylik, soxta maddohlik ortiga yashirinib olmaylik!

Izohlar 6

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring