Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosarini qabul qildi

Mirziyoyev Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosarini qabul qildi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraisi Asqar Maminni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston-Qozog‘iston hukumatlararo komissiyasi samarali faoliyat ko‘rsatayotgani va amaliy natijalar berayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki davlat Bosh vazirlarining birinchi o‘rinbosarlari raislik qilayotgan komissiya bugungi kungacha 17 majlis o‘tkazdi, jumladan, oxirgi majlis joriy yilning mart oyida Ostonada bo‘lib o‘tdi. 4-may kuni Toshkentda komissiya hamraislari amaliy muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda Prezident savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli loyiha va dasturlarni birgalikda amalga oshirish muhim ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Asqar Mamin davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston oliy darajada erishilgan kelishuvlarning so‘zsiz va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash maqsadida qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring