Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qora kunlar». BMTning 44 ming xodimi maoshsiz qolishi mumkin

«Qora kunlar». BMTning 44 ming xodimi maoshsiz qolishi mumkin

Bosh kotib Antoniu Guterrishning boshi qotgan.

Foto: “Reuters”

Birlashgan Millatlar Tashkiloti og‘ir moliyaviy tanglik yoqasida. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkda o‘tgan budjet muhokamasida ma’lum qilgan.

Xavotir ila qayd etilishicha, oktyabr oyi oxirida tashkilot g‘aznasi butkul bo‘shab, noyabrdan 44 ming xodim maoshsiz qoladi.

BMT g‘aznasi a’zo mamlakatlarning badal puli hisobidan to‘ldiriladi. 2019-yilda tashkilot budjeti 3,3 milliard dollar etib belgilangan. Hozirga qadar 193 a’zo mamlakatning 129 tasi badalni to‘lagan. Bundan esa tashkilot xarajatlarining 70 foizi qoplangan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston joriy 2-may kuni 892 232 dollar to‘lab, a’zolik majburiyatini o‘tagan.

A’zolik badali to‘lovini oz emas, naq 64 mamlakat paysalga solmoqda. Bosh kotib diplomatligiga borib, qarzdorlarni nomma-nom sanamagan. Ammo ma’lumotlarga qaraganda, AQSh, Braziliya, Argentina, Isroil, Koreya Respublikasi, KXDR, Eron, Venesuela, Meksika, Urugvay Saud Arabistoni kabi mamlakatlar bu borada sustkashlik qilmoqda.

A’zolik badalini o‘z vaqtida to‘lagan, kechikibroq to‘lagan va haligacha to‘lamagan davlatlar. 2019 yil 8 oktyabr holati. Foto: “Statista.com”

BMT budjetining 22 foizi Qo‘shma Shtatlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Vashington joriy yil uchun 670 million dollar badal pulini o‘tkazib bermagan. O‘tgan yil hisobidan ham Amerika hukumati xalqaro tuzilmadan 380 million dollar qarzdor.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp BMTga badal pulini to‘lashga shoshilmaslik lozimligi, chunki u adolatsiz ravishda belgilanganini aytgan edi. Vaholanki, har bir davlat uchun a’zolik badali miqdorini belgilashda uning YaIM, aholi daromadi, ichki va tashqi qarz ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Shu bois Xitoy (334 million dollar), Yaponiya (238,7 million dollar), Germaniya (169,8 million dollar), Buyuk Britaniya (127,3 million dollar), Fransiya (123,4 million dollar) kabi mutaraqqiy o‘lkalar ham katta miqdorda a’zolik badali to‘laydi. 

BMT rahbariyati qarzdor mamlakatlarga ogohlantirish maktubi yo‘llagan. Ayni choqda, xalqaro tuzilma mansabdorlari va mulozimlariga «og‘ir kunlar»ga tayyor turish, mablag‘ni imkon qadar tejash, xizmat safarlarini kamaytirish uqtirilgan. 

BMT faoliyatida moliyaviy muammolar ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. Keyingi yillarda xalqaro tuzilma badal puli vaqtida to‘lanmagani sabab ko‘p bora tang holatga tushib qoldi. Muammo shundaki, BMT nizomida qarzdorlarga nisbatan ta’sir choralari ko‘zda tutilmagan. Ammo amaliyotda gohida to‘lovni surunkasiga cho‘zib kelgan mamlakatlar (masalan, Venesuela, Sudan, Liviya) ovoz berish huquqidan mahrum etiladi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring