Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot berildi

Senat Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot berildi

2020-yil 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Kengash majlisini ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarning, shuningdek parlament yuqori palatasi zimmasiga yuklangan vakolatlarning amalga oshirilishi borasida Senat a’zolarining mas’uliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisini joriy yil 28-fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda Senat a’zolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalaridagi islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalar muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi, «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi, «Metrologiya to‘g‘risida»gi, «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.

Shuningdek, senatorlar bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi, sud ish yurituviga axborot texnologiyalarini joriy etish davom ettirilishi va nizolarni sudgacha hal qilish muddatlari maqbullashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda «Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konfrensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama etiladi.

Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-madaniy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.

Senat a’zolari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yilda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati haqidagi axborotlarini eshitadi.

Yalpi majlis ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadilar.

Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avval yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ham muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining ikkinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.

Kengash tomonidan Senat qo‘mitalariga yalpi majlisda muhokama uchun masalalarni tayyorlashda hududlar manfaatlarini hisobga olish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni ochib berish va hal etish bo‘yicha ijro hokimiyati organlari uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Manba: senat.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring