Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «O‘qituvchilarni majburlab ko‘cha supurtirish – siyosatga xiyonat»

Shavkat Mirziyoyev: «O‘qituvchilarni majburlab ko‘cha supurtirish – siyosatga xiyonat»

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘cha supurishga majbur bo‘layotgan o‘qituvchilar va prezident uchun hozirlanayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirib o‘tdi. Bu haqda «Kun.uz» xabar bermoqda.

«Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, [кўзбўямачилик] menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, «tayyorgarlik»​ka jalb etish – siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari deyarli 4,5 soat davom etgan yig‘ilish boshlanishi bilanoq «maqtov va qarsakbozlik» davri tugagani, endi «sadoqat bilan ishlash» zarurligini yana bir marta ta’kidladi. Shuningdek, prezident uchun hozirlanayotgan ko‘zbo‘yamachilik uni ranjitishini aytadi.

«Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, [балки] la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz (mahalliy hokimiyat rahbarlari – tahr.) mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling.

Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qanaqadir direktor, rahbar yoki hokim qachondir «mehmon» keladi, deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin, mening yuragimda bu xuddiki, men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar [қилмиши учун] qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham, u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda.

Axir, biz faoliyatimizning birinchi kunidan boshlab, halol va adolatli, bir-birimizga xizmat qilishga kelishib oldik. Endi bunday ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak?! Meni yuragimda katta armon, azob bor. Xalqimizning qanday ahvolda yashayotganini mendan boshqasi yaxshi bilmaydi. O‘zim kulib yurganim bilan, dardim ichimda. Yurakdan chiqarib aytyapman, do‘st bo‘lsangiz, bu ishlarni to‘xtating. Shuncha yilda hech narsa qilmaganmiz, bir yarim yilda bularni qila olmasligimizni ham bilaman. Ayrim paytlarda hech kimga ishonmay qolyapman, yig‘ilishlarda ham hammasi tayyorlangan odamlar... Men xalqni eshitishga, dardini tinglashga kelganman, balandparvoz gaplarni aytmang»​, deya murojaat qildi davlat rahbari.

«Odamlarimiz ham balandparvoz va’dalardan charchagani – haqiqat. So‘nggi vaqtlarda viloyatlarga tashrifim yuzasidan [фикр билдирсам], men ko‘p tayyorgarlik qilishlarini so‘ramayman. Atrofimdagi kattakonlarga ham topshiriq beraman: ana shu hokimlar va mahalliy organlar prezident tashrifiga alohida bezak bermasin», deb fikrida davom etdi prezident.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli Diana Yenikeyevani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgandi. U davlat rahbarining Samarqandga tashrifi arafasida halok bo‘lgani jamoatchilikda norozilik uyg‘otdi. Biroq, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov hamda Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov nomidan jo‘natilgan munosabatda «o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan» deb topilgan.

Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev «baxtsiz hodisani davlat rahbarining viloyatga tashrifi bilan bog‘lab, ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin» hisoblanish va haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlagandi. Hokim rasmiy bayonotda ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari va boshqarmalar tomonidan hududlarni obodlashtirish ishlariga chiqarilmaganini alohida ta’kidlab o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi Komil Allamjonov esa fojiaga olib kelgan sabablar o‘rganilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lumot qoldirgandi. Matbuot kotibi natijaga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.

 

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring